Xorazm viloyati Urganch tumanida ikki nafar kishi yong‘in oqibatida vafot etdi, deya xabar qilmoqda viloyat IIB axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 2022-yil 27-yanvar kuni soat 11:00 da “Cho‘lobod” mahallasi hududida joylashgan ko‘p qavatli uylarning qurilishida yollanma ishchi bo‘lib ishlab kelayotgan, 1962-yilda tug‘ilgan G.O. va 1960-yilda tug‘ilgan G‘.E. ko‘p qavatli uyning yerto‘lasida temir kesadigan uskunadan foydalanayotgan paytida qisqa tutashuv kelib chiqqan.

Oqibatda ishchilarning ikkisi ham yerto‘lada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.