25-yanvar kuni soat 10:57 da Qozog‘iston Elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida Olmaota, Chimkent, Taras, Turkiston (viloyatlarida) va atrof hududlarida Elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga kelgan. Bu haqda Energetika vazirligi “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ta’kidlanishicha, buning natijasida Qirg‘iziston elektr tarmog‘ida, jumladan, Bishkek, O‘sh, Jalolobod va boshqa barcha shaharlarda elektr energiya o‘chishi kuzatilgan.

“Yagona elektr tarmog‘iga ulangan O‘zbekiston elektr tarmog‘i bu avariyaning salbiy ta’siri natijasida Toshkent IESi, Sirdaryo IESida avariya himoya vositalari ishlab ketib bu ikkala stansiyani ham avtomatik ravishda o‘chishiga olib kelgan”, — deyiladi xabarda.

Bu holat o‘z o‘rnida Talimarjon va To‘raqo‘rg‘on IESlarining o‘chishiga ham olib kelgan. Natijada Farg‘ona va Toshkent shahri va viloyati, Farg‘ona vodiysi hududi, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari tarmoqlarida elektr energiyasi o‘chgan.

Hozirgi vaqtda qo‘shni davlat tarmoqlaridan uzgan holatda har bir IESlarni alohida ishga tushirib, bosqichma-bosqich tarmoqlarni ulab, ishga tushirish choralari ko‘rilmoqda.

Avariya tavsilotlari bo‘yicha qo‘shimcha ravishda axborot beriladi.

Avvalroq 25-yanvar kuni soat 11:00 larda Toshkentning ko‘plab tumanlarida elektr energiyasi ta’minoti uzilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, elektr energiyasi Yunusobod, Chilonzor, Olmazor, Yashnobod, Bektemir, Mirobod, Shayxontohur va boshqa qator tumanlarda o‘chgan.