2022-yilning 12-yanvar kuni “Daryo” “Noobod mahalla” loyihasi orqali Toshkent shahrining Sergeli tumanida joylashgan “So‘g‘diyona” mahallasidagi muammolarni yoritdi.

Jumladan, mahalladagi asfalt qilingan ichki yo‘llarda 3 oy o‘tmasdan yoriqlar paydo bo‘lgani, kanalizatsiya quduqlarining qopqoqlari yopilmasdan tashlab ketilgani, uning o‘rniga tosh bostirib qo‘yilgani, bu esa mashina va yo‘lovchilarning harakatlanishiga xavf tug‘dirayotgani tilga olindi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Shuningdek, mahalladagi Zarunar 2-tor ko‘chasining ma’lum qismi asfalt qilinmasdan qolib ketgani ham ko‘rsatildi.

Foto: “Daryo”

Bundan tashqari, chiqindilarning belgilanmagan joylarga tashlanishi, ichimlik suvi quvurlarining yorilgani va toza suvning tashqariga sizib chiqayotgani ham mahalla aholisini qiynayotgan muammolar qatorida xabar qilindi.

Dastur davomida mutassaddilar ushbu muammolar tez orada bartaraf etilishi bo‘yicha va’dalar berishdi.

“So‘g‘diyona” mahallasi aholisining bizga ma’lum qilishicha, “Noobod mahalla” dasturi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinganidan so‘ng, muammolarning bir qismi darhaqiqat ijobiy yechim topgan.

Xususan, Zarunar 2-tor ko‘chasidagi 70 metr uzunlikdagi qolib ketgan yo‘l asfalt qilindi.

Foto: “Daryo”

Mahalladagi ichki ko‘chalarning yorilib ketgan asfaltlari qayta yamab chiqilib, kanalizatsiya quduqlarining og‘zi yopilgan.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Umid qilib qolamizki, “So‘g‘diyonda”dagi aholini qiynayotgan qolgan muammolar ham va’da qilinganidek tez orada hal bo‘ladi.