Ommaviy axborot vositalari — gazeta, jurnal, televideniye, radio, internet — barining o‘rni, ahamiyati bor. Biroq oxirgi yillar O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni ortgandan ortib, gazeta va jurnallarga talab kamaygandek. Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilning 1-yanvarigacha internet tarmog‘iga ulangan abonentlar soni qariyb 20 millionni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 21,9 foizga oshgan. 2000–2020-yillar oralig‘idagi bosma nashrlarni chop etish ma’lumotlarida jurnallar va boshqa vaqtli nashrlar chiqarilishi 2019-yili 195 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2020-yili 175 taga tushgan. Gazetalar nashri esa 2019-yili 460 tadan 94 taga kamayib, 2020-yilda 366 tani tashkil etgan.
“Daryo” gazeta-jurnallarga talab nega kamayayotgani, gazetxonlar o‘rnini tarmoq foydalanuvchilari egallayotgani masalasini o‘rganganda, bunda faqat internetning “hissa”si emas, yana bir qancha muammolar, mas’ullar beparvoligi, gazetxonlar tanlovi sabab bo‘layotgani aniqlandi.
“Gazetalarning narxi qimmat, maoshimiz juda kam”
Gazeta-jurnallarga aholi talabi, qanchalik tez va ko‘p sotilishi o‘rganilganda, xaridorlar soni yil emas, oy sayin kamayayotgani, jiddiy nashrlardan ko‘ra, ko‘ngilochar, teledasturlar jamlanmasi, turfa boshqotirma, krossvordlar to‘plangan gazetalar sotilayotgani ma’lum bo‘ldi.Toshkent shahridagi matbuot do‘konlarini kuzatganda: “Ko‘proq pensionerlar keladi. Biror yoshning o‘zi uchun atayin gazeta, jurnal olganini eslolmayman. Ota-onasi tayinlagani uchungina sotib oladi”, — dedi ismini oshkor qilishni istamagan sotuvchi. “Ko‘p gazeta payshanbada chiqqaniga xaridor ham ko‘p bo‘ladi shu kuni. Seshanbada krossvordlar keladi. Uni ham keksalar xotirasini yo‘qotmaslik, parishonxotirligini ‘davolash’ uchun oladi”.
“Internet degani chiqishidan аvval gazetaga talab yaxshi edi. Odamlar bajonidil olar, yoshlar ham ulardan qolishmasdi. Bugun-chi, telefonidan hamma narsani o‘qib, ko‘rib, eshitib ketyapti. ‘Gazetayam o‘qinglar’, desangiz, qo‘lidagini ko‘rsatib, ‘Hammasi internetda bo‘lsa, nima zaril!’, deydi. Ochig‘i, biz kattalar ham dangasamiz, yoshlarni-ku aytmay qo‘yaqolay. Gazetalarning tiraji kamaygan. Oluvchi kamligiga ko‘pini orqaga qaytarishga majburmiz”, — qo‘shimcha qiladi sotuvchi.
Poytaxtdagi yana bir matbuot do‘koni sotuvchisi Satura ayaning aytishicha, hozir odamlarda pul kam, xarid quvvati past.
“3000 so‘mga gazeta olgandan ko‘ra, ikkita ‘buxаnka’ olishyapti. Gazetalardan krossvord bilan programmalar (teledasturlar) ko‘proq sotiladi. Daromadimiz ancha kamaygan. Maoshlarimiz oshsa, yaxshi bo‘lardi”, — deydi u.
Namangan shahridagi 26-matbuot do‘koni sotuvchisi Muhammadjon Mahmudjonov 15 yildan beri shu kasb-korni qiladi. Uning aytishicha, hozir 20 xil gazeta-jurnal sotadi, bundan 10 yil oldin esa ularning soni 50 dan ortiq bo‘lgan.
29-matbuot do‘koni sotuvchisi Kamoliddin Sayfiddinov shu sohada ishlayotganiga endi bir yil bo‘ldi. Hozircha asosiy tovarlari – “Darakchi”, “Sug‘diyona”, “Bekajon” gazetalari, sport va skanvord nashrlari ekan.
“Odatda shu nashrlarni so‘rashadi. Bugun kuni bo‘yi 8 ta gazeta, jurnal sotdim. Xaridorlar ‘gazetalarning narxi qimmat’, deydi. Bekor qolib, chiqitga chiqmasin, deb arzonga bo‘lsayam bervoraman. Ijara haqi, non-choy va boshqa xarajatlarni chiqarib tashlaganda, bir oyda o‘rtacha 500 ming so‘m daromad topaman”, — deydi u.
“Daryo” muxbiri Buxoro viloyatidagi matbuot do‘koni sotuvchisi Mansur Hamroyevdan hol-ahvol so‘raganida, “Oylikdan boshqa hammasi yaxshi”, degan javobni oldi.
“Gazeta, jurnallarga ehtiyoj qolmayapti, menimcha. Bir oyda 1 million so‘mlik gazeta-jurnal sotaman. Sotganimning 6 foizini berishadi. Bor-yo‘g‘i, 60 ming so‘mlar atrofida maosh olaman. Bu pulga kimning ishlagisi keladi. Ba’zan kun oxirigacha ‘Kimdir gazeta olmasmikan?’, deb mo‘ltirab turaman. Nima qilay, pensionerman, o‘tiribman. Sharoit yo‘q. Yozda issiq, qishda sovuq, svet yo‘q, pechka qo‘yib bo‘lmaydi. Besh-olti doimiy mijozim bor. O‘shalarga ishonib yuraveraman-da”, — deydi Mansur aka.
Jondor tumanidagi “Мatbuot” do‘koni sotuvchisi Muhayyo Bafoyevaning so‘zlariga ko‘ra, “ish haqi haddan tashqari kam. Lekin ikki oydan beri o‘sha 60–70 ming so‘m maosh hali ham berilmagan”.
Samarqand viloyatidagi “Мatbuot” do‘konda savdo qiluvchi Aslam Vafoyev эса 1985-yildan buyon shu soha ichida.
“Avvallari dasta-dasta gazeta sotganmiz. Hozir donalab ham sotolmaymiz. Asosan, obunachilarimiz kelib olib ketishadi. Shunaqa vaziyatda ham 250 nafar obunachim bor”, — deydi sotuvchi.
Farg‘ona shahar “O‘zbekiston pochtasi” AJ binosi oldida joylashgan “Мatbuot” do‘koni sotuvchisi Muhtaram Majitova oldinlari “Darakchi” gazetasining bitta soni kamida 60-70 donagacha sotilgani, hozir sonlar 30-40 taga tushganini eslaydi.
Andijon shahridagi “Yangi bozor” matbuot do‘koni sotuvchisi Muhayyoxon Yoqubovani esa nega o‘quvchilar kamayib borayotgani o‘ylantiradi.
“Do‘konda o‘tirib, savollarimga o‘zimcha javob qidiraman. Balki gazetalarning axborot yetkazishda internetdan orqada qolayotgani asosiy muammodir. Ba’zi gazetalarni o‘qisangiz, aksar maqola, sahifalar tagiga ‘internetdan olindi’ deb yozib qo‘yadi. Bu qanchalik to‘g‘ri? Shuning o‘zi ham gazetalarning o‘quvchilari ozayishiga sababchi bo‘lmayaptimikan?”, — deydi u.
“Yoshlarni gazeta-jurnalga qaytarish imkonsiz, menimcha”
Poytaxtda yashaydigan, doimiy ravishda gazeta va jurnal o‘qiydigan Nina Vladimirovna bilan suhbatlashganimizda, u faqat bosma nashrlarni o‘qishini aytdi. Oldin u “Pionerskaya pravda”, “Komsomolskaya pravda”, “Trud”, “Sovetskiy sport” gazetalari, “Оgonyok”, “Yunost” jurnallarini o‘qigan bo‘lsa, bugun “Мir novostey”, gohi “Darakchi” gazetasini o‘qib turadi.Namangan viloyatidagi matbuot do‘konidan gazeta olgan Farida aya To‘xtasinova bosma nashrlarning narxi qimmatligi, shuning uchun haftalik gazetalarni oyda ikki marta olib o‘qishini aytdi. “Internet ishlatishni bilmayman. Yoshlar ham ko‘proq gazeta-jurnal o‘qishi kerak deb o‘ylayman, ammo endi ularni ijtimoiy tarmoqlardan qaytarib bo‘lmasa kerak”, — deya qo‘shimcha qiladi Farida aya.
Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashaydigan 67 yoshli Xursandoy aya Vohidova yoshligidan beri gazeta va jurnallarning doimiy mushtariysi bo‘lgan. Bugun esa qaynonasiga ayaning o‘zi gazetalar o‘qib beradi.
Farg‘onalik Muhayyo Boyboboyeva bolalik vaqtlarida uylariga pochtachi amaki “Fan va turmush”, “Yosh kuch”, “Yoshlik”, “Saodat”, “Sihat-salomatlik”, “Sharq yulduzi” jurnallari, “Futbol”, “Ma’rifat”, “Farg‘ona shifokori” gazetalarini keltirib, darvoza tirqishidan tashlab ketishini eslaydi.
“Yugurib borib, hammasini bir-bir varaqlardim. Hattо oxirgi beti, adadigacha o‘qirdim. Hozir ham bu nashrlarni to‘plam qilib, eski sonlarini saqlab qo‘yganmiz. Bolalikdagi odat qolmagan, shekilli, do‘konlar oldidan hech beparvo o‘tib ketolmayman. Albatta, to‘xtab, yaqinda kelgan nashrlarni varаqlab ko‘raman. Gazeta-jurnallar ham хuddi kitobdek do‘st. Har birini maza qilib o‘qiyman”, — deydi onaxon.
Andijon davlat universiteti talabasi Хolida Хolmatjonova: “Xorijda o‘quvchilar tezkor, qaynoq xabarlarni gazetalarning elektron shakli orqali o‘qishadi. O‘ta operativ ishlaydigan nashrlar obunachilar uyiga hech qachon kechikib bormaydi. Pochta, yetkazib berish xizmati e’tirozsiz ishlaydi. O‘zbekiston matbuoti, pochtasida ham shunday xizmat, qulaylikka muhtojmiz. Lekin qachon amaliyotga kiritilishini, vaziyat o‘nglanishini taxmin ham qilolmayman”, — deydi.
“Ayrim gazetalar tekinga tarqatiladi”
O‘zbekistonda chop etiladigan xususiy gazetalar ta’sischilari, muharrirlari bilan suhbatlashganimizda, “Shifo-info” gazetasi bosh muharrir o‘rinbosari Farhod Normatov o‘z vaqtida televideniyе paydo bo‘lgach, ko‘pchilik matbuot umri tugaganini ta’kidlagandi, deydi.“Hayot shuni ko‘rsatdiki, televizor, televideniyе qanchalik xonadonlarga kirib bormasin, gazeta-jurnallar shunchalik gullab-yashnadi. Bugun internet baridan ustun kelib turibdi. Тelevideniyе ham bundan chetda qolmadi. Insonga axborot hamisha kerak. Internet esa ma’lumotni tez olishda qulay vosita. Lekin, menimcha, gazetalar ham kerak. Jamiyat turli dunyoqarashga ega insonlardan tashkil topgan. To‘g‘ri, balki yoshlarga bosma nashr zarur emasdir. Lekin katta avlodga gazetalar kerak”, — deydi jurnalist.
Farhod Normatov gazetalarni yetkazib berish tizimidagi muammolar haqida gapirarkan, 5 yil oldin ham pochta tizimi yaxshi ishlaganini ta’kidladi.
“Afsuski, so‘nggi yillarda 10 mingga yaqin pochtachi ishsiz qoldi. Har bir qishloqda bir nechа nafardan pochtachi bo‘lardi. Tumanlardagi pochta bo‘limlari ham qisqarib ketdi. Avval har bir qishloqning pochta bo‘limi bo‘lgan, hozir tumanda ham yo‘q. Qancha-qancha gaplardan so‘ng tuman markazlarida qaytadan tashkil qilishdi, lekin shundayam ayrimlarida pochtachi topilmaydi. Bizning gazetalarni qishloqlarda o‘qiydiganlar juda ko‘p, lekin ularga yetkazib beriladigan tizim nosoz. Bundan tashqari, matbuot do‘konlari ham kamayib ketgan. Tuman markazida bitta-ikkita bo‘lishi mumkin. Agar shu tizim to‘g‘rilansa, gazetalarning adadi ham oshadi, odamlar yana gazeta o‘qiydi”, — deydi Farhod Normatov.
Buxoro viloyatida bugun 30 dan ortiq gazeta, jurnal faoliyat yuritib, birgina “Buxoro kitob olami” savdo majmuasiga qarashli “Buxoro kitob olami” gazetasi 2018-yildan buyon bepul tarqatib kelinayotgan ekan.
“Har qanday kichik yoki yirik tahririyatning oyoqda mustahkam turishi uchun unga zarur imtiyozlar berilishi kerak. Bo‘lmasa, qog‘oz narxi, bosmaxona xarajatlari, qolaversa, oddiy ijara yoki kommunal to‘lovlari tahririyatlar ‘belini bukib qo‘yadi’”, — deydi nashr bosh muharriri Shodmon Sulaymon.
Samarqand viloyatida nashr etiladigan “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari G‘olib Hasanovning so‘zlariga ko‘ra, gazeta va jurnallar, asosan, obuna orqali o‘quvchilarga yetkaziladi. Ayrim gazetalarni tekin tarqatish ham yo‘lga qo‘yilmoqda.
“Matbuot do‘konlari orqali gazeta sotish sezilarli darajada kamaygan. Chunki matbuot tarqatuvchilar tahririyatlarga buyurtma bermaydi. Tahririyat va matbuot tarqatuvchi munosabatlarida gazeta sotuvini yo‘lga qo‘yish ham mavjud. Bundan besh-olti yil oldin pochta yoki matbuot uyushmasi tahririyat bilan shartnoma tuzib, gazetaning har bir sonidan ma’lum miqdorda (50-100 dona) olib, savdoga chiqarardi. Har oy yakunida gazetalar sotilishiga qarab, tahririyatga puli to‘lanardi. Sotilmay qolgan gazeta esa qaytarilardi. Bu tahririyat uchun zarar. Sababi o‘sha 100 ta gazeta uchun ham xarajat qilinardi”, — deydi u.
G‘olib Hasanov ayrim gazetalar bugun tekin tarqatilishi haqida gapirib, buni tahririyat o‘zining iqtisodiy imkoniyatidan kelib chiqib belgilashi yoki reklamalar orqali xarajatni qoplashini aytdi.
“Obodonlashtirish ishlaridan keyin kiosklar joyiga qaytarilmayapti”
“Daryo” muxbiri “Matbuot tarqatuvchi” aksionerlik kompaniyasi vakillari bilan bog‘langanda, tashkilotning markaziy apparati bosh yuristkonsulti Alisher Qosimov gazeta va jurnallarga talab kamayganiga elektron OAVlarning rivojlanganini sabab qilib keltirdi.“Ba’zilar internet gazeta va jurnallarni butunlay yo‘qotsa kerak, deydi. Bu darajagacha bormasmiz. Dunyoning eng rivojlangan davlatlarida ham qog‘oz shaklidagi OAVlar maromida ishlayapti”, — deydi mas’ul.
“Matbuot do‘konlarining kamayishida respublika hududlarida bo‘layotgan ‘Obod qishloq’ yoki ‘Obod mahalla’ doirasidagi obodonlashtirish, qurilish ishlarining hissasi kam emas. Obodonlashtirish ishlari ketayotdan joyda kiosklarimiz vaqtincha chetroqqa olib turiladi. Ishlar tugagach, ularni o‘rniga qaytarishda muammolar tug‘ilyapti. Masalan, tozalash, qurilish ishlari yakunlanаdi, lekin ungacha kiosk o‘rnida nimadir qurilgan bo‘ladi. Biz uchun ajratilgan boshqa joyni monitoring qilganimizda, yerostidan biror kommunikatsiya simi o‘tgan bo‘ladi. Bunday joylarga kiosk qo‘yish noto‘g‘ri, qo‘yilgan taqdirda ham unga elektr yetkazish muammo.
Bugun Toshkentda 120 ga yaqin kiosk bor, 40 ga yaqini ishlamayapti. Kiosklar soni 5 yil avvalgiga qaraganda keskin kamaygan, deb aytolmayman. Lekin 20 yil bilan solishtirilsa, farq seziladi. 20 yil avval poytaxtda 300 ga yaqin kiosk ishlagan. Vaqt o‘tib, birin-ketin yopilavergan, boshqasi esa yuqorida aytilganidek, joyi o‘zgargani uchun ishini to‘xtatgan.
Sotuvchilarning maoshi ishbay belgilangan. Sotilgan gazeta pulidan 6 foizi maosh sifatida beriladi. Qonunchilikda belgilangan eng kam oylik ish haqi bilan ta’minlash maqsadida sotuvchilarga kompaniya tomonidan yetarli miqdorda gazeta, jurnal va kanselyariya mahsulotlari yetkaziladi. Yana bir tartibimiz bor – rejadan oshirib bajarilgan ishga alohida foiz bilan qo‘shimcha haq to‘lanadi.
Ayni kunlarda zamonaviy, ichiga xaridor kirib yursa bo‘ladigan kiosklarni ko‘proq o‘rnatishni rejalashtiryapmiz. 2020–2021-yillari shunday kiosklardan Toshkentda 7 ta o‘rnatildi”, – deydi Alisher Qosimov.
“Namangan matbuot tarqatuvchi” MChJ shahar bo‘limi boshlig‘i Hasanboy Xolboyevning aytishicha, bundan 10 yil avval kiosklar soni ikki baravar ko‘proq, aniqrog‘i, 42 ta bo‘lgan.
“O‘sha paytlari Namangan shahridagi qurilish-obodonlashtirish ishlari sabab ancha-muncha matbuot do‘konlari odatiy manzillaridan ko‘chirildi. Lekin qayta joyiga keltirilmadi. Matbuot do‘konlari oyiga 60 ming so‘m ijara puli to‘laydi. Bu summa sarf-xarajatlarimizni umuman qoplamasligi aniq. Lekin ijara pulini oshirsak, qolgan kiosklarimizdan ham ajralib qolishimiz mumkin”, – deydi Hasanboy Xolboyev.
“Matbuot tarqatuvchi” AK Buxoro viloyati bo‘limi direktori Choriqul Rajabov ko‘plab matbuot do‘konlarini ayrim tuman hokimliklari mutasaddilari asosli va asossiz sabablar ko‘rsatib, gavjum joylardan olib tashlagani haqida gapirdi.
“Matbuot do‘konlari xizmatiga befarq tuman mutasaddilari ham yo‘q emas. Viloyatda 2017-yilgacha 50 dan ortiq matbuot kiosklari xizmat ko‘rsatardi. O‘sha yildan boshlab viloyatning qariyb barcha hududlarida yirik miqyosda qayta qurish, rekonstruksiya ishlari boshlanib ketgandi. Har bir kiosk joyiga qayta qo‘yish sharti bilan hududlarning chekka qismlariga ko‘chirildi. Afsuski, hali chetga ko‘chirilgan do‘konlar o‘rniga qaytarilmay, pandemiya davrida qolganlari ham uzoqroqqa chiqarib tashlandi. Bugun bor-yo‘g‘i, 32 ta do‘kon ishlayapti. Harakat qilyapmiz, lekin natija bermayapti. Тuman hokimlari bilan kelishib ishlamoqchimiz endi”, – deydi Choriqul Rajabov.
Choriqul Rajabov matbuot do‘koni sotuvchilarining gazeta-jurnallar sotuvidan nega faqat 6 foizini oylik sifatida olishini ham izohladi. Unga ko‘ra, kompaniya nashrlar savdosi xizmati evaziga 17 foiz atrofida daromad olinishi yuzasidan ustama ajratgan. Shuning 6 foizi gazeta sotuvchisiga, qolgan qismi davlat soliqlari, matbuot do‘koni uchun ajratilgan yerning ijara to‘lovlari, transport xarajatlari va gazeta saralovchi ishchi-xizmatchilar хarajatiga yo‘naltirilgan.
“Internet rivojlanguncha sotilayotgan mahsulotlarga talab juda katta edi. Bir oyda 100 million so‘mdan ortiq daromad ko‘rardik. Gazeta sotuvchilarining maoshlari havas qiladigan darajada edi”, – deydi Choriqul Rajabov.
Samarqand viloyati “Matbuot uyushmasi” MChJ rahbari Zarema Semermanning so‘zlariga ko‘ra, 1992–1994-yillarda Samarqand shahrida 113 ta kiosk mavjud bo‘lgan.
“Qurilish, ko‘chalardagi o‘zgarishlar sababli ular yo‘qolib ketdi. Hozirgi kiosklarimiz juda eski, biz faqat fasad qismini ta’mirlaganmiz. Bitta yangi kiosk 80 million so‘m turadi. Gazetalarga talab kamligini raqamlardan ham bilish mumkin. Masalan, “Zarafshon” gazetasiga mushtariylar 2021-yilning 10-dekabr holatiga ko‘ra, 13,181 ta obuna bo‘lgan. “Ovozi Samarqand” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalarida ham ahvol shunday. Obunachilar yildan-yilga ixtisoslashyapti, obuna narxi ham qimmat. Aksar nashrlarning yillik obunasi bir kishiga qimmatlik qiladi”, – deya qo‘shimcha qiladi Zarema Semerman.
Xalqaro media va axborot bozorida ko‘pgina gazeta va jurnallar allaqachon elektron nashr imkoniyatlaridan to‘liq foydalanayotgani, obunachilari talab-istagini inobatga olib, ham bosma, ham veb-saytlar, turli vositalar orqali faoliyatini davom ettirayotgani yangilik emas. Buni zamonga moslashmoqchi bo‘lgan har qaysi gazeta-jurnal tahririyati tushunib yetgan. Oxirgi paytlari O‘zbekistondagi bosma nashrlarning elektron shaklini yaratish va obunachisini topish borasida fikrlar, takliflar yangramoqda. Ehtimol, sevimli va qadrdon gazeta-jurnallarimizning “umr”i uzayishi, butunlay yo‘q bo‘lib ketmasligiga maqbul chora shudir...
Og‘abek Samisov, Laylo Hayitova, Azizbek Abduvaliyev, Farhod Norbo‘tayev, Umidjon Mamarasulov, Azizjon Ermatov tayyorladi
Izoh (0)