14-yanvar kuni soat 11:15 da Toshkent viloyatining Qibray tumanida Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi tomonidan qurilgan bug‘-gaz elektr stansiyasi O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshladi.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Energetika vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, quvvati 240 MVt bo‘lgan ushbu issiqlik elektr stansiyasi yiliga 2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Qurilmalarning foydali ish koefitsiyenti yuqoriligi hisobiga, yiliga 290 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Tejalgan tabiiy gaz hisobiga qo‘shimcha 1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.

Umumiy qiymati 150 million dollarga teng bo‘lgan mazkur loyiha Turkiyaning Aksa Enerji kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi.

Mazkur elektr stansiya Aksa Enerji kompaniyasi tomonidan respublikada ishga tushirilgan ikkinchi IES hisoblanib, birinchisi 11-yanvar kuni Buxoro viloyatida (quvvati 270 MVt) ishga tushirilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning 4-martida imzolangan prezident qaroriga ko‘ra, Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasi va quvvati 230 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish hamda Buxoro viloyatida quvvati 270 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish belgilangan.