Shavkat Mirziyoyev Uzbekistan GTL zavodi ochilish marosimidan avval mutasaddilar va OAV vakillari bilan suhbatlashdi.
“Bitta to‘g‘ri qadam iqtisodiyotni barqaror qiladi. Meni xursand qilayotgani 3-4 milliard AQSh dollariga teng GTL majmuasini yosh-yosh, 40 ga kirmagan qorako‘zlarimiz yo‘lga qo‘yyapti, boshqaryapti. (Davlat rahbari Uzbekistan GTL bosh direktori Faxriddin Abdurasulov, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi direktori Shuhrat Aslanovlarni misol qilib keltirdi). Bular xorijda tahsil olib kelishgan.
Bu megaloyihadan nafaqat O‘zbekiston iqtisodiyoti, balki shu yerda yashayotgan g‘uzorliklar ham manfaatdor bo‘lishi kerak”, – deydi davlat rahbari.
Prezident G‘uzorda yirik ishlab chiqarish obyektlarini tashkil etish, infratuzilmani yaxshilash, ijtimoiy obyektlarni ko‘paytirish, aholi dam olishi uchun madaniy loyihalar ishlab chiqish haqida viloyat rahbarlariga topshiriq berdi.