Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

2021-yil 18-dekabr kuni o‘zbek futbolining yorqin namoyondasi Odil Ahmedov faoliyatiga bag‘ishlangan kecha o‘tkazildi. Unda Ahmedov futbolchilik faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.

Foto: O‘FA

Foto: O‘FA

Tadbirda Odil Ahmedov so‘zga chiqib, bosib o‘tgan yo‘li, faoliyatini tugatgani haqida gapirib o‘tdi.

Bugungi tadbirda qatnashayotganingiz uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman. Har bir futbolchi vatani oldida, muxlislarni oldida o‘zining hisobot kuni bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Shuning uchun bugun mening hisobot kunim.

Kichkina qishloqning kichik bir oilasida dunyoga keldim. Futbolga qiziqishim judayam kuchli bo‘lgan. Onajonim futbolga qiziqishimni bilardi, lekin vaqt o‘tib, terma jamoa sardori bo‘lishimni xayoliga keltirmagani aniq. Yoki akam, opam men uchun borini berardi, ammo vaqti kelib, “Paxtakor”ning yetakchi futbolchisi bo‘lishimga ishonmagan. Juda ko‘p inson mening bu darajaga chiqishimga ishonmagan. Lekin bitta inson har doim menga: “O‘zbekistonning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lishing kerak”, “Terma jamoa sardori bo‘lishing kerak”, “Sen Yevropada o‘ynashing kerak”, deb, qiyinchilik mahalda, futbolni tashlab ketar mahalim, yana maydonga qaytargan inson otam bo‘ladi. U kishini orangizda bo‘lishini xohlagandim, afsus, endi yonimizda yo‘q.

Har bir narsani boshi va oxiri bor. Yaqinda O‘zbekiston terma jamoasidagi faoliyatimni yakunlaganimni e’lon qilgandim. Bugun yana bir o‘zim uchun qiyin qaror qabul qildim. Bugun sizning ko‘z oldingizda futbolchilik faoliyatimni tugatganimni e’lon qilaman. Bu juda og‘ir qaror. Bir umr futbolga oshno bo‘lganman, endi undan ayrilish juda ham qiyin. Ko‘pchilik futbol o‘ynashda davom etishim kerakligini ta’kidladi. Men uchun futbol o‘ynash — maydonda borini berish deganidir. Shunchaki familiya maydonda yurishi kerak emas. Shuning uchun ushbu qarorimni to‘g‘ri deb qabul qilaman. Shu fursatdan foydalanib, men bilan birga ishlagan, Namanganda, Toshkentda professional futbolgacha olib borgan barcha murabbiylarimga, professional futbolda esa barcha terma jamoalardagi barcha murabbiylarga, ayniqsa, meni xalqqa tanitib, Odil Ahmedov bo‘lishimga yordam bergan “Paxtakor” jamoasiga, O‘zbekiston terma jamoasidagi murabbiylarga, mutasaddilarga, O‘FAning sobiq prezidenti Mirabror Usmonovga, hozirgi prezident Abdusalom Azizovga o‘zimning chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Oilamga, do‘stlarimga, barcha yaqinlarimga rahmat deyman. “Krasnodar”, “Anji”, “Shanxay” va Xitoydagi barcha klublarimga gaplarim juda ko‘p. Hozir judayam hayajondaman. Aslida bu yerda ota-onam turishga haqli. Ulardan minnatdorman. Sportga, ayniqsa, futbolga katta e’tibor qaratayotgan muhtaram prezidentimizga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.

So‘zim so‘ngida yosh futbolchilarga aytadigan gapim bor: orzu qiling, maqsad qiling, harakat qiling, albatta erishasiz. Biz, albatta Jahon Chempionatiga chiqamiz. Rahmat e’tibor uchun.

Odil Ahmedov

Odil Ahmedovning otasi Olimjon Ahmedov 2020-yilning 31-oktabrida 65 yoshida vafot etgandi.

Ahmedov shu kungacha Xitoyning “Chanchjou Mayti Layons” klubi safida to‘p surib kelayotgandi. Ungacha esa “Paxtakor” (2006—2011), “Anji” (2011—2014), “Krasnodar” (2014—2016) va “Shanxay SIPG” (2017—2021) kabi jamoalarda to‘p surgan.

Ahmedov 2022-yilda Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon Chempionatiga chiqa olmaganidan keyin 2021-yilning 19-iyun sanasida terma jamoadagi faoliyati yakunlanayotganini e’lon qilgandi. Ahmedov O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi debyut o‘yinini 2007-yil 13-oktabrda Xitoy Taypeyiga qarshi (9:0) o‘tkazgan. 34 yoshli futbolchi mamlakat bosh jamoasi safida 108 o‘yinda maydonga tushib, 20 ta golga mualliflik qilgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Turkiyada deputatlar davlat budjeti muhokamasida mushtlashdi (video)
Mahalliy
Namangandagi ko‘mir mashmashasi: aholi uchun ko‘mir sotib olish — ovoragarchilik, rahbarlar esa ko‘mirga talab uning sifati yaxshiligidan demoqda (video)
Mahalliy
Toshkentda zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha xalqaro anjuman — suratlarda