O‘zbekiston Superligasida qishki transfer oynasi ochildi. Bu haqda PFL matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: PFL

Superligada qishki transfer oynasi 2021-yilning 6-dekabridan 2022-yilning 26-fevral sanasiga qadar davom etadi.

PFL Superliga klublarining transferlariga cheklov qo‘ydi. “2022-yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar reglamenti”ga ko‘ra endi klublar 10 nafardan ortiq futbolchini ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi. Klublar bu haqida ikki oy oldin ogohlantirilgani aytilmoqda. Faqatgina Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan uch klub bundan mustasno. Ular 15 nafargacha futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

PFL 2021-yilning 6-dekabriga qadar Superliga jamoalari istalgan miqdorda yangi futbolchilar bilan shartnoma imzolash imkonini bergan. Bu imkoniyatdan faqat “Navbahor” va “Metallurg” unumli foydalandi.

Limitdan tashqari holatda futbol klublari 2021-yilgi mavsumda jamoa sharafini himoya qilgan ayrim futbolchilar bilan shartnomani uzaytirishi yoki o‘zining U-18 jamoalaridan cheklanmagan miqdorda yosh iqtidorlarni asosiy jamoaga taklif etishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, 2000-yil va undan keyin tug‘ilgan futbolchilar bilan ham yangi shartnomalar limitdan tashqari ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!