Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan Yunusobod tumanida fuqarolardan “soliq” yig‘ib yurgan ayol qo‘lga olindi, deb xabar beradi idora axborot xizmati.

Kadr: UzReport

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida yashovchi fuqaro Yunusobod dehqon bozori atrofida joylashgan yerosti yo‘lagida kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanayotganlarga mazkur hudud unga tegishli ekani, uning ruxsatisiz bu yerda ishlash mumkin emasligini ta’kidlab, savdo-sotiq qilishga to‘sqinlik qilib kelgan. Kimdir bu yerda savdo qilishni istasa har oyda 250 dollar pul berishini talab qilgan.

Noyabr oyi boshlarida bir necha fuqaro tomonidan Toshkent shahar IIBBga murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatda Yunusobod dehqon bozori atrofidagi yoymalarda Laylo ismli fuqaro tamagirlik yo‘li bilan pul undirib, savdo-sotiq qilishga to‘sqinlik qilayotgani bildirilgan.

Murojaatni o‘rganish jarayonida haqiqatan ham Laylo ismli ayol fuqarolardan pul undirib kelgani aniqlangan. Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida tezkor tadbir o‘tkazilgan va ayol fuqarolardan 200 dollar olayotganida ushlangan.

Holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasiga topshirilgan. Olib borilgan tergov harakatlari davomida Laylo ismli ayol 2021-yilning fevralidan noyabr oyiga 73 million so‘m pul mablag‘larini o‘zlashtirib olgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-modda 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Avvalroq Namanganda tadbirkorlarni “shantaj” qilib, ulardan pul olib kelgan ayol ushlangani, Toshkent viloyatidagi “G‘ishtko‘prik” chegara postida talon-torojlik qilayotgan uyushgan guruh borligi aytilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.