Bugun,

  • USD 10920.28
  • RUB 177.49
  • EUR 11052.42

1-dekabr — Xalqaro OITSga qarshi kurash kuni. O‘zbekistonda 2020-yil 1-noyabr holatiga ko‘ra OIV infeksiyasi bilan yashovchilar soni 43 581 nafarga yetishi qayd etilgan. Sana munosabati bilan “Daryo” muxbiri ushbu virus sabab ikki farzandi va turmush o‘rtog‘idan ayrilgan, bugun o‘zi ham bu kasallikka qarshi kurashayotgan, Andijon viloyati OITSga qarshi kurashish markazida ko‘ngilli (volontyor) bo‘lib faoliyat olib borayotgan 36 yoshli Komila (ismi o‘zgartirilgan) bilan suhbatlashdi.

Illyustratsiya: “Daryo” / Dilzoda Hamidjonova

“Virus ikki bolam bilan erimni olib ketdi”

2003-yili Toshkent shahriga kelin bo‘lganman. To‘ng‘ichim 2005-yili tug‘ilgan. U paytda er-xotin sog‘lom bo‘lganimiz uchun o‘g‘limiz ham sog‘lom tug‘ilgan.

Ammo 2007-yilda tug‘ilgan qizim ham, 2010-yilda dunyoga kelgan o‘g‘lim ham bir yil yashab, jonlantirish bo‘limida vafot etgan. 2011-yili kichik o‘g‘limning o‘limidan oldin Yangi ToshMI (Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi— “Daryo” izohi)ga yotqizganimizda, unda OIV infeksiyasi aniqlangan. Shundan keyin bizam tezda o‘zimizni tekshirtirdik. Turmush o‘rtog‘im va menda ham shu virus chiqdi.

Er-xotinda bu infeksiya aniqlanguncha, ya’ni 2013-yilgacha menda kasallik belgilari: tez-tez shamollash, toliqish, ich ketish, tana haroratining ko‘tarilishi, tushishi ko‘p kuzatilgan. Lekin bunga jiddiy ahamiyat bermay, dori ichib yuraverganman. Tekshiruvdan o‘tish uchun shifokorlar huzuriga bormaganman. Hatto bular OIV belgilari ekani xayolimga ham kelmagan. O‘ylanib qoldik — bu kasallikni qayerdan yuqtirdik ekan deb. Xo‘jayinim 2006-yili Moskvaga ishlagani borgani esga tushdi. Demak, virusni o‘sha yerdan yuqtirib kelgan deb taxmin qildik.

Uchala bolamga ham homiladorlik davrimda shifokorlar ko‘rigiga ko‘p borganman. Lekin menda bu kasallik aniqlanmagan. Keyin bilsam, OIVning besh yildan o‘n yilgacha yashirin davri bo‘larkan. Insonning immuniteti mustahkam bo‘lsa, bu infeksiyani organizmda bor yoki yo‘qligini qon tahlili orqali ham aniqlab bo‘lmas ekan. Qachonki, immun tizimi tushib, stress kuzatilsa, shunda aniqlanarkan.

Ikki bolamni yo‘qotgach tushkunlikka tushib, ruhan qiynalganman. “Kattasi soppa-sog‘lom tug‘ilgan-ku, nega qolganlari nobud bo‘ldi?”, degan savol ich-etimni yeb yuborardi. Shu vaqt oralig‘ida turmush o‘rtog‘im vafot etdi. Sababi — u immunitetini ko‘tarish uchun kurashmadi, shifokorlar bergan zarur dorilarni ichmadi.

Shuncha yo‘qotishdan keyin immunitetim tezda tushib ketdi, ancha-muncha vazn yo‘qotdim. Tana haroratim ko‘tarilib, ich ketish holatlari kuzatilardi. Immunitetim pasaygach, organizmim kasalliklar bilan yetarlicha kurasha olmasdi. Shunda retrovirus davolash usuliga, ya’ni dori ichish tartibiga o‘tishga majbur bo‘ldim.

“Dushmanimga ham ravo ko‘rmayman bu dardni...”

Qonimda infeksiya borligini bildim-u, dunyoga sig‘may ketdim. Ruhan cho‘kdim. Hayot tugagandi men uchun, hatto jonimga qasd qilishga ham uringanman. Ota-onam, yaqinlarim bilan vidolashib, ularga “O‘g‘limni farzandlaringiz qatorida tarbiyalab, katta qilinglar”, deb vasiyat ham qilganman. Akalarim qo‘llab-quvvatlab, dalda bo‘lsa-da, yashab ketishimga ishonmaganman. Chunki aynan OIV infeksiyasi sabab ko‘z oldimda ikki farzandim va turmush o‘rtog‘im hayotdan ko‘z yumgandi.

Dori-darmon olish va shifokorlar bilan suhbatlashish uchun Andijon viloyati OITSga qarshi kurashish markaziga borib turardim. Infeksiya yuqtirgan boshqa odamlar bilan markazda yaqindan tanishganman. Bir-birimiz bilan dildan muloqot qilardik, oilaviy sharoitimiz, virusni qanday yuqtirganimiz haqida suhbatlashardik. Ularning fikrlarini eshitib, bu kasallikka chalingan faqat men emasligimni anglaganman. “Bu odamlar yashayapti-ku, nega men yashamasligim kerak?”, degan savolni ko‘p berardim, o‘zimni qo‘lga olishga harakat qilardim.

Bu kasallikni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Boshqa ayollar qatori men ham yaxshi yashashga, baxtli bo‘lishga haqli edim. Rahmatli turmush o‘rtog‘im o‘sha vaqtda birortasi bilan pala-partish jinsiy aloqa qilmaganida, oldini olganida, bunday ko‘rgiliklarni ko‘rmasdim. Uning o‘zi ham hozir oramizda yurardi, men ham bu kasallik bilan qiynalib yashamayotgan bo‘lardim.

 “Biz faqat dori bilan tirikmiz”

Infeksiyani yuqtirganlar dori-darmon qabul qilmay ham bir necha yil o‘zini yaxshi his qilib, yashab yurishi mumkin. Lekin infeksiya organizmda qayta uyg‘onib, boshqacha tusga kiradi va kutilmagan kasalliklarni qo‘zg‘atadi. Ko‘pincha bu holat o‘limga olib keladi. Oxirgi paytlari virusni yuqtirib olgan yoshlarning ko‘pi “Bo‘ldi, har kuni to‘xtovsiz dori ichishdan zerikdim, charchadim”, deb qo‘l siltayapti hammasiga. Ular buni hayotga, yashashga qiziqishi qolmaganidan qilyapti.

2014-yildan beri Andijon viloyati OITSga qarshi kurashish markazida volontyor bo‘lib ishlayman. Tushkunlikdan chiqib keta olmayotgan bemorlarga psixologik yordam beraman, ularga kasallik aslida qandayligini tushuntiraman.

O‘zim ham boshida, dori icha boshlagan paytlarim juda qiynalganman. Immunitetim tushib ketganiga dori  organizmimga hadeganda moslashavermasdi. Shifokorimga kunora bog‘lanib, holatim haqida aytib turardim. “Dori ichgim kelmayapti, juda og‘ir dori ekan, qiynalib ketdim”, deb yig‘lardim. U “Immuniteting pastligiga dori ta’siri hozir bilinmayapti. Sabr qil, chida. Sal vaqt kerak hammasi o‘rin-o‘rniga tushib ketishiga”, deb tushuntirardi. Olti oydan keyin sog‘lom davrimdagi holatimga qaytganman. Dorilarni o‘z vaqtida ichishga o‘rganganman.

Bizga beriladigan dorilarning salomatlikka nojo‘ya ta’sirlari kam. Ammo yilda bir necha marta jigarim, oshqozonim, o‘tpufagimni tekshirtirib, yuvdirtiraman. Vaqti-vaqti bilan davolanib ham turaman.

Taomnomamizda hech qanday cheklov, parhez yo‘q. Aksincha, to‘yimli ovqat, meva-sabzavotlarni ko‘proq yeyish kerak. Immunitet tushmasa bo‘ldi.

OIVga qarshi profilaktik dorilar (boshqalari o‘zimiz hisobimizdan) davlat tomonidan bepul beriladi. Ularni har kuni bir vaqtda ichish kerak. Shu orqali qonimizdagi virus yuklamalari muzlatiladi. Har uch va olti oyda bir marta immunitet darajasi bilan virus yuklamasini bilish uchun qon tahlili topshiramiz. Virus yuklamasi bir tomchi qonda qancha virus soni borligini aniqlab beradi.

Masalan, dori ichish tartibiga o‘tmasimdan avval bir tomchi qonimda 500 mingta virus tayoqchalari bo‘lgan. Hozirga kelib esa menda aniqlanmaydi. Dori sabab viruslar uxlagan, muzlatilgan.

OIV insonga yuqqanidan keyin u immun tizimi kuchli organizmda besh yildan o‘n yilgacha yashirinib, jim yuradi, borligi bilinmaydi. Odam immuniteti tushib ketsa, ruhan qiynalsa, virus immunitetini yeb, tamom qilishga harakat qiladi. Shuning uchun zarur dorilarni vaqtida ichib, yaxshi ovqatlanish orqali virusni muzlatib qo‘yish kerak. Biz dori bilan tirikmiz.

Kayfiyatingiz, xatti-harakatingiz, yeb-ichishingiz, umuman, hayot tarzingiz yaxshi bo‘lmas ekan, immunitet ko‘tarilmaydi, viruslar uxlamaydi. Virus harakatda bo‘lsagina, u organizmni tugatishga kirishadi va boshqa kasalliklarni ham chaqiradi. Natijada, odam uzoq yashamay, vafot etadi.

“Sog‘lom odamlar bizdan jirkanmasin”

Kasallik haqida ancha yillardan beri noto‘g‘ri tushuncha-tasavvurda yuramiz. Mana shu xato fikrimiz butunlay o‘zgarishini xohlardim.

Maktab davrimizda o‘qituvchilar OIVni “vabo” deb ta’riflashar, bu faqat giyohvandlar va fohishalarda bo‘ladi, ulardan yuqadi, deyishardi. Har darsda shunday fikrlarni miyamizga quyishardi. Balki, o‘sha vaqtlarda bu kasallik, asosan, fohishalar va giyohvandlarda kuzatilgandir. Lekin bugun OIVni yuqtirib olganlar orasida turli soha vakillari, har xil odamlar bor.

O‘zbekistonlik ijodkorlar OITS va unga chalinganlar haqida rolik yoki kino ishlasa, har doim fohishalarni qahramon qilib ko‘rsatadi. Uni ko‘rgan odamlar esa bu kasallikni yuqitruvchilar fohishalar ekan, deb o‘ylaydi va mana shunday shubha bilan shaxsiy gigiyenaga amal qilmaydi. OIV faqat fohishalar orqali tarqalmaydi, birgina ularni ayblash xato.

Ko‘p kasallar bilan gaplashaman, aksari menga ko‘nglini ochadi. 14–17 yoshlardagi o‘g‘il-qizlar ham bor. Lekin ular virusni jinsiy aloqa orqali yuqtirmagan bo‘ladi. Masalan, shifokorlar, ayniqsa, stomatologlarning aholiga xizmat ko‘rsatish payti gigiyenaga amal qilmasligi ortidan qanchadan-qancha bemor jabr ko‘radi. Kamiga, odamlarimiz ham shaxsiy gigiyenaga juda beparvo.

Sog‘lom odamlar bu virusdan va biz kasallardan jirkanmasligini iltimos qilmoqchiman. Boshqalardek insonmiz, faqat qonimizda OIV infeksiyasi bor, xolos.

“Barchaga nogironlik nafaqasi berilishini so‘rayman”

2015-yildan beri ikkinchi guruh nogironiman, davlatdan nafaqa olaman. Har yili tibbiy komissiya ko‘rigidan o‘taman. Oyiga 441 ming so‘m nafaqa puli beriladi. Lekin bu mablag‘ judayam oz. Chunki yilda ikki, uch marta shifoxonada davolanamiz, davlat beradigan bepul dorilardan tashqari qimmat dori-darmonlar ichamiz.

Nogironlik nafaqasini olish uchun har yili Andijon viloyat TMEK (Tibbiy mehnat ekspert komissiyasi — “Daryo” izohi) boshqarmasiga hujjat topshiramiz. Ammo immunitet miqdori 360 dan baland bo‘lgan kasallarga 3-guruh nogironligi belgilanadi, nafaqa berilmaydi. O‘zbekistonda nogironlik nafaqasi faqat 1- va 2-guruh nogironlariga beriladi, xolos.

Nogironlikni belgilash uchun o‘tkaziladigan tibbiy ko‘rik vaqtida korrupsiya holatlari ko‘p uchraydi. Qonida infeksiyasi borlar shikoforlarga 100 yoki 200 dollar pul berib, 2-guruh nogironligini belgilatishga harakat qilyapti. Agar ular tibbiy komissiyadagilarga pora bermasa, “Immuniteting juda baland ekan”, deb 3-guruh nogironligini belgilayapti. Kasallar komissiya oldiga borguncha ko‘p pul sarflab, shifoxonada ikki martadan davolanadi, tibbiy ko‘riklardan o‘tib, sarson bo‘ladi.

Shu bois, OIV infeksiyasi bor bemor sifatida ro‘yxatga olinib, dori ichayotgan barcha kasallarga nogironlik nafaqasi berilishini, bu borada hukumatdan yordam so‘rayman. OIV infeksiyasining davosi yo‘q. Qancha umrimiz borligini ham bilmaymiz. Ammo immunitetni mustahkamlash uchun yaxshi yeb-ichishimiz zarur. Bu esa, albatta, mablag‘ga borib taqaladi.

“Bizni, rosti, sog‘lar tushunmaydi”

2016-yildan beri Toshkentda o‘tkaziladigan turli seminar, treninglarga ixtiyoriy boraman. Maqsadim — kasallik haqidagi bilimlarimni oshirish edi. Seminarlarda O‘zbekistonning boshqa hududlaridan kelgan bemorlar bilan yaqindan tanishardim. O‘sha paytda ulardan telefon raqamlarini olib, O‘zbekistondagi OIVga chalinganlar uchun birinchi bo‘lib Telegram’da guruh ochganman.

Guruh uch yil faoliyat yuritdi. Bir yilda to‘rt-besh marta poytaxtda ko‘rishib, tog‘larga dam olgani chiqardik, bir-birimizni ruhan qo‘llab-quvvatlardik. Ular bilan ko‘rishsam, kasalligimni unutardim, meni tushunishardi, o‘zimni baxtiyor sezardim.

Bir necha yil avval faqat andijonlik bemorlar uchun alohida Telegram guruhi ochdim. Tez-tez yig‘ilib, diydorlashib turamiz. Imkon qadar kasallik haqida gapirmaymiz. OIV infeksiyasi to‘g‘risidagi gaplardan charchaganmiz, shuning uchun kayfiyatimizni ko‘tarishga harakat qilamiz. Biror kasal tanishimizning ahvoli og‘irlashib qolsa, o‘rtada ko‘ngildan chiqarib pul yig‘amiz-da, kami-ko‘stingga deb beramiz. Biz bir oilamiz, o‘zaro dardlashmiz, kulishamiz, maslahatlashamiz. Bizni, rosti, sog‘lar tushunmaydi.

O‘zbekistondagi statistika qanday?

Respubilika OITSga qarshi kurashish markazining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, 2020-yil yakuniga ko‘ra, dunyo bo‘yicha OIV infeksiyasi bilan yashovchilar 40 million kishidan oshgan. Bu kasallikdan vafot etganlar soni esa 32 milliondan oshgan.

O‘zbekistonda OIV tarqalishi, asosan birmuncha faol yoshda, ya’ni 25–49 yosh odamlar orasida ko‘proq uchramoqda. Respublika hududida 2021-yilning o‘n oyida ro‘yxatga olingan bemorlarning 70 foizdan ortig‘iga infeksiya jinsiy aloqa yo‘li bilan yuqqanligi gumon qilingan.

“OIV aniqlangan shaxslar retrovirus usulida davolanadi. Bu jahonda tan olingan. O‘zbekistonda infeksiya bilan yashovchi bemorlarning 75 foizidan ziyodi ushbu davolash usuli bilan qamrab olingan.

2006-yildan boshlab JSSTning tavsiyalariga muvofiq, OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishini oldini olish dasturi joriy etilgan. Unga ko‘ra, har yili O‘zbekistonda o‘rtacha 600 ming homilador OIV infeksiyasiga tekshiriladi. OIV infeksiyali ayollardan har yili o‘rtacha 550–600 nafar chaqaloq tug‘iladi va ularga bu infeksiyani onadan bolaga o‘tishini oldini olish maqsadida virusga qarshi dorilar o‘z vaqtida berib boriladi”, — deyiladi markaz axborotida.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 78 ta OIV diagnostika laboratoriyalari faoliyat olib boradi. Ulardan 15 tasi OITSga qarshi kurash markazlaridagi laboratoriya komplekslari va 63 ta tumanlararo laboratoriyalardir. Mazkur laboratoriyalarda IFA, immunoblot, PZR, immunologik, klinik, bioximik va bakteriologik tekshiruvlar o‘tkaziladi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda ilk bor dunyo parlamentlari ayol rahbarlarining sammiti o‘tkaziladi
Mahalliy
O‘zbekistonda 6 oyda qancha aviaparvoz amalga oshirilgani ma’lum qilindi
Dunyo
Rossiya elchixonasi AQSHni Ukrainadagi mojaroga aralashgani uchun harbiy to‘qnashuv xavfidan ogohlantirdi