Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni tongda Ashxobod shahriga jo‘nab ketdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Foto: Prezident matbuot xizmati

U yerda davlat rahbari Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 15-sammitida ishtirok etadi.

Tadbir kun tartibidan savdo, investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot va innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, transport, logistika, turizm va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari o‘rin olgan.

Turkmaniston poytaxtiga tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 14-sammiti 4-mart kuni videoanjuman shaklida o‘tkazilgandi.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) mintaqaviy ko‘p tomonlama tuzilma bo‘lib, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi yaqin savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida 1985-yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda tashkilotga O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston a’zo. O‘zbekiston IHTga 1992-yilda qo‘shilgan.