Misrning O‘rta Yer dengizi sohillariga qum bo‘roni, jala va bo‘ron yopirildi. Tabiiy ofat tufayli mamlakatning bir qator viloyatlarida maktablar yopilgan, deya xabar berdi Ahram online nashri.

Foto: “Tribuna”

Xabarlarga ko‘ra, bo‘ronli shamollar bilan birga yog‘ayotgan yomg‘ir suv toshqiniga sabab bo‘lgan, natijada avtomobillar va oziq-ovqat do‘konlari suv ostida qolgan. Iskandariya va boshqa bir qator shaharlarda ayrim ko‘chalarni suv bosgan, bu esa avtomobillar harakatini qiyinlashtirmoqda.

Bundan tashqari, Qohiradan 90 kilometr janubi-g‘arbdagi vohada joylashgan Fayyum shahrida qum bo‘roni kuzatilgan. Guvohlar tabiiy hodisani videoga oldi.

Qohira, shuningdek, kuchli yomg‘irdan ham jabr ko‘rdi, ammo aksariyat hududlarda kommunal xizmatlar yog‘ingarchilik bilan muvaffaqiyatli kurashdi. Qohira va Gizada rasmiylar yakshanba kungi maktab darslarini bekor qildi. Universitetlarda mashg‘ulotlarni yakka tartibda o‘tkazish masalasi bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Misr meteorologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 20-noyabrdan boshlab to‘rt kunlik beqaror ob-havo to‘lqini bo‘lishi, mo‘tadil va kuchli yomg‘ir yog‘ishi, kuchli shamol esib, havo harorati 3-4 darajaga tushishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 4-noyabr kuni Toshkentda chang miqdori ruxsat etilgan me’yordan 5 barobarga, keyinroq 30 barobargacha ko‘tarilgandi va poytaxt havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi. 8-noyabr kuni Toshkent havosidagi chang miqdori normal ko‘rsatkichga qaytdi.