“Opa-singillar”, “Gulxan atrofidagilar” kabi seriallardagi rollari bilan tanilgan Gavhar Sharipovaning vafotiga roppa-rosa ikki yil bo‘ldi. 2019-yilning 19-noyabrida aktrisa fojiali tarzda halok bo‘lgandi. U 37 yoshda edi. “O‘zbekiston” telekanalining “Bir jinoyat izidan” ko‘rsatuvining navbatdagi qismida Gavhar Sharipovaning o‘limi tafsilotlari va uning vafotidan oldin tushkunlikka tushishi sabablari haqida yaqinlarining fikri namoyish etildi.

Gavhar Sharipova.

Foto: “Kino-teatr.ru”

Gavhar Sharipovaning o‘limi tafsilotlari

2019-yilning 18-noyabr kuni tungi soat 2 larda G‘uzor tumani ichki ishlar bo‘limiga G‘uzor—Samarqand yo‘lining Yorg‘unchi qishlog‘idan o‘tgan hududida Isuzu yuk mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushgan.

G‘uzor tumani tez tibbiy yordam shifokori Hayitgul Salomovaning aytishicha, voqea joyiga 02:40 da yetib borilganida u yerda ikkita Isuzu avtomobili yonida ikki yigit va yo‘l chetida yotgan ayolga duch kelgan. “Shu ayolni ko‘rdik. Borib pulsini ko‘rdim, qon bosimini o‘lchadim va ko‘zini ochib ko‘rdim. Qorachiqlari kengayib ketgan ekan”, — deydi shifokor.

Hamshira Zebunisa O‘rinovaning so‘zlariga ko‘ra, ayolni o‘ziga keltirish uchun ammiak ham hidlatishgan.

“Yurak urishi to‘xtagan ekan. Keyin yigitlarga ‘Pulsi yo‘q ekan, o‘lib qolibdi’ deb aytdim”, — deb voqeani eslaydi Hayitgul Salomova. Uning aytishicha, ayolni ko‘zdan kechirish vaqtida o‘ng oyog‘ining tovon qismida taxminan 4-5 santimetr shilinib, suyagi ko‘rinib qolganiga guvoh bo‘lgan.

Chiroqchi tumani IIB boshlig‘i Aktamali Beshimqulovning aytishicha, tezkor tergov guruhi hodisa joyiga yetib borganida yo‘l chetida ayol kishining jasadi yotgan bo‘lgan. Biroz narida Isuzu yuk avtomobili yo‘l chetida to‘xtab turgan.

Gavhar Sharipovaning o‘limi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi hujjatlaridagi Isuzu avtomobili surati.

Kadr: “Bir jinoyat izidan”

“Isuzu haydovchisi Toshkent shahri tomon harakatlanish vaqtida yo‘lda noma’lum ayolning jasadini ko‘rib, avtomobilini to‘xtatganini ma’lum qilgan. Suhbat jarayonida uning ko‘zlari joyida turmagani, rangi oqargani, gap orasida qaltiragani tufayli biz undan shubhalandik”, — deydi Aktamali Beshimqulov. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isuzu avtomashinasining ichki va tashqi tomoni to‘liq ko‘zdan kechirilgan. Mashina ichidan topilgan soch tolasi va barmoq izlari rasmiylashtirib olingan. Shu kunning o‘zida Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Marhumaning sumkasi va kiyimidan uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar topilmagani sabab uning shaxsini aniqlash ishlari boshlangan. Barcha IIBlarga avtomobil qurboni bo‘lgan 30—35 yoshlardagi ayolning alohida belgilari bilan suratlari tarqatilgan.

Tergovchi Qamariddin Amirovning aytishicha, olib borilgan dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, Fazliddin Sharifov boshqaruvidagi Isuzu salonidan olingan qon, barmoq izi namunalari bo‘yicha ekspertizalar tayinlangan. Haydovchi aybiga iqror bo‘lib, tergovchilarga hodisa qanday sodir bo‘lganini so‘zlab, voqea joyini ko‘rsatgan.

Fazliddin Sharipovning so‘zlariga ko‘ra, u tunda avtomobilda harakatlanib ketayotganida G‘uzor tumani “Karvonsaroy” choyxonasi ro‘parasida ayol kishi qo‘lini ko‘tarib, mashinani to‘xtatgan. Haydovchi Samarqandgacha yetib olmoqchi bo‘lgan ayolni o‘zi bilan olib ketishga rozi bo‘lgan. Harakat davomida u ayolga shilqimlik qilib, yelka va qo‘l qismlariga tegingan. Bunga javoban ayol mashina eshigini ochib, o‘zini tashlab yuborish bilan ogohlantirgan. Haydovchi uni bir qo‘li bilan ushlab olgan, ammo katta tezlikda (taxminan 80 km/soat) harakatlanishda davom etavergan. Boshqaruvni yo‘qotgach, ayolni qo‘yib yuborib, ikkala qo‘li bilan rulga yopishgan. Ayol esa mashinadan tushib ketgan.

“Keyin yo‘l ustida mashinani to‘xtatdim. Mashinadan tushib, yugurib borib ayolning yuziga urdim, ‘opa’ deb chaqirdim. Hech narsani sezmadi. Keyin birorta mashina bosib ketmasin deb yo‘l chetiga tortib chiqardim. Mashinamni ham chekkaroq oldim. Keyin mashinaning eshigini ochib, ko‘rpa bilan adyolni siljitib, ayolni o‘rindiqni ustiga yotqizdim. Mashinani o‘t oldirsam, o‘t olmadi. Ayolni yana pastga tushirdim. So‘ng 103 ga telefon qildim”, — degan Fazliddin Sharifov hodisa joyida tergovchilarga bergan ko‘rsatmasida.

Fazliddin Sharifov Gavhar Sharipova vafot etgan joyda uning o‘limi qanday yuz berganini tergovchilarga so‘zlab bermoqda.

Kadr: “Bir jinoyat izidan”

Marhumaning shaxsiga bir necha soatdan so‘ng aniqlik kiritilgan. Internet-saytlar va ijtimoiy tarmoqlar 19-noyabr kuni tush vaqtida Gavhar Sharipovaning vafot etgani haqida xabar bergandi.

Fazliddin Sharifov aktrisaning o‘limida ayblanib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Bu 29 yoshli Fazliddinga nisbatan qo‘zg‘atilgan birinchi jinoiy ish emas edi. U ilgariroq boshqa bir yo‘l-transport hodisasini sodir etgandi. Fazliddin sodir etgan birinchi YTH yuzasidan 2019-yilning 25-noyabrida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati Nurobod tuman sudida o‘tkazilgan sud majlisida unga transport vositalarini boshqarish huquqidan 2 yilga mahrum qilish hamda ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Gavhar Sharipovaning o‘limi yuzasidan o‘tkazilgan sud jarayonida haydovchi aybiga qisman iqrorlik bildirib, tergovda bergan ko‘rsatmalaridan tongan. Fazliddinning hikoya qilishicha, u 2019-yil 18- noyabr kuni soat 21:00 larda boshqaruvidagi Isuzu avtomashinaga Surxondaryo viloyati Angor tumanidan turli ko‘katlarni ortib, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumaniga borish uchun yo‘lga chiqadi. Soat 02:15 larda G‘uzor tumani Qo‘shtepa qishlog‘idan o‘tib, Yorg‘unchi qishlog‘i tomon harakatlanib borayotganida, yo‘lning chetida turgan 35—40 yoshlar atrofidagi sariq sochli ayol qo‘lini ko‘tarib, “olib keting” ishorasini qiladi. F.Sh. esa o‘sha vaqtda boshqaruvidagi avtomashina tezligi soatiga 70-80 kilometr bo‘lgani bois ayol turgan joydan taxminan 70—80 metr o‘tib to‘xtaydi. U yo‘lovchi ayolni mindirish niyatida avtoulovni soatiga chamasi 5 km/soat tezlikda ortga haydaydi. Taxminan 20 metrcha yurganidan so‘ng avtomashina orqa tomonidan “taq” etgan ovoz eshitiladi. Haydovchi avtomashinani darhol to‘xtatib, pastga tushgach, yo‘lovchi ayol avtomashinaning orqa o‘ng g‘ildiragining tashqi tomonida yerda jonsiz holatda yotganini ko‘radi. Uni o‘ziga keltirish uchun yuziga 2—3 marta uradi. Ammo o‘ziga kelmagach, uning yelkasidan ko‘tarib, yo‘lning chetiga olib chiqadi va 103 ga qo‘ng‘iroq qiladi. Oradan 15—20 daqiqa o‘tib, Yorg‘unchi QVP tibbiyot xodimlari keladi va shifokorlar jarohatlangan ayolni ko‘zdan kechirishadi.

Fazliddin Sharifov sudda Gavhar Sharipovani avtomashinaga mindirgani, unga tegajog‘lik qilgani va oqibatda u avtomashinadan o‘zini tashlab yuborgani to‘g‘risidagi tergovdagi ilk ko‘rsatmasini tasdiqlamasligini bildirgan. U o‘sha vaqtda shoshib qolgani va IIB xodimlari ushbu jinoyatda uni shubha ostiga olishgani uchun shu mazmunda ko‘rsatma berishga majbur bo‘lganini aytgan. Sudlanuvchi marhumani aslida avtomashinaning orqa tomoni bilan urib yuborgani, o‘sha vaqtda avtomashinada va atrofda hech kim bo‘lmagani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, Gavhar Sharipovaning oila a’zolaridan kechirim so‘rab, ehtiyotsizligi tufayli baxtsiz hodisa ro‘y bergani, marhumani avvaldan tanimasligi, u bilan suhbatlashmagani, tegajog‘lik qilmaganini aytib, suddan yengillik berishni so‘ragan.

Garchi Fazliddin Sharifov sudda tergovdagi ko‘rsatmalarini tasdiqlamasligi haqida gapirgan bo‘lsa-da, uning bu vaji quyidagi asoslarga ko‘ra rad qilingan:

— Gavhar Sharipova Isuzu avtomashinadan tushib ketgan va olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan. Bu holat marhumaning tanasida ko‘plab shikastlar mavjudligi haqidagi ekspertiza xulosasi bilan to‘liq isbotini topgan;

— Fazliddin Sharifov tergov jarayonida ushbu hodisa qanday yuz berganini batafsil tushuntirib, haqqoniy va ishonchli ko‘rsatma bergan. Shu bois sud uning suddagi ko‘rsatmalarini javobgarlikni yengillashtirish maqsadida aytilgan vaj, deya baholagan va haqiqatga mos kelmaydi, deb hisoblagan.

“Bir jinoyat izidan” ko‘rsatuvida sudda advokat marhumaning onasi Dilorom Sharipovadan “Moddiy va ma’naviy zarar so‘raysizmi?”, — degan savoliga bergan javobi keltirilgan.

Kimdan moddiy va ma’naviy zarar so‘rayin? Sud zalida mung‘ayib o‘tirgan, o‘g‘lini otasiz katta qilgan onasidanmi? Ikki norasida farzandlarimni endi qanday boqaman deb o‘ylab o‘tirgan turmush o‘rtog‘idanmi? Yo‘q, bularning bir so‘m puli ham kerakmas. O‘zim 6 qizni otasiz katta qilganman. Yetim va yo‘qchilik nimaligini, beva ayollik ta’na-dashnomlarini ko‘p tortganman. Menga beradiganini oilasiga, nevaralarining yaxshi kunlariga ishlatsin.

Gavharning onasi Dilorom Sharipovaning suddagi chiqishidan

Dilorom Sharipova.

Kadr: “Bir jinoyat izidan”

2020-yil 12-iyun kuni o‘tkazilgan sud majlisida Fazliddin Sharifov Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan aybdor deb topilgan. Shuningdek, sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi va 61-moddalariga asosan, avvalgi hukmi yuzasidan o‘talmay qolgan jazo muddati qisman qo‘shilib, transport vositalarini boshqarish huquqidan 2 yil-u 6 oyga hamda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Asosiy jazo muddati 2019-yil 19-noyabrdan boshlab hisoblanishi belgilangan.

Mahkum Fazliddin Sharifov “Bir jinoyat izidan” ko‘rsatuvida qilgan ishidan afsusda ekanini bildirdi:

“Hamma narsa Xudodan. Mening ham, uning ham bir ishi Xudoga yoqmagandir. Menga sinov berib, unga jazo bergandir. Mashina birovniki edi. Pushaymon yeyapman endi, afsuslanyapman”.

Fazliddin Sharifov.

Kadr: “Bir jinoyat izidan”

Gavhar Sharipova o‘limiga olib kelgan omillar

“Bir jinoyat izidan” ko‘rsatuvida Gavhar Sharipovaning fojiali o‘limiga olib kelgan omillar haqida ham so‘z yuritilgan. Ko‘rsatuvda aytilishicha, o‘limi oldidan aktrisa hammadan o‘zini olib qochadigan bo‘lib qolgan.

“Opa-singillar” seriali rejissori Zamira Begimqulovaning so‘zlariga ko‘ra, Gavhar sevgan yigiti bilan ajrashganidan so‘ng tushkunlikka tushib qolgan.

“O‘sha paytlarda Gavhar Sharipova juda ham og‘ir kayfiyatda edi. To‘rt yil uchrashib yurgan sevgan yigiti bilan orasi buzilgan va bu narsa unga qattiq ta’sir qilgandi. U hamma narsani yuragiga yaqin olardi. Juda ham tushkunlikda edi, o‘zini qo‘lga olishi qiyin bo‘lgan”, — deydi Zamira Begimqulova.

Aktrisaning dugonasi Durdona Egamberdiyeva Gavhar Sharipovaning hayotini izdan chiqargan voqea haqida so‘zlab berdi. Uning aytishicha, Gavhar institutda 1-kursda o‘qib yurgan paytida Samandar ismli yigit bilan tanishgan va u bilan nikohdan o‘tgan. Ammo ajrashish aktrisa uchun juda og‘ir kechgan.

Durdona Egamberdiyeva.

Kadr: “Bir jinoyat izidan”

“O‘sha paytda u bir bola bilan tanishgan. Haqiqatda yaxshi ko‘rib, yigit unga uylanaman degan. Yigit qancha qizni yaxshi ko‘rsa, dugonam shuncha undan qochishni boshlagan. U paytda Samandar akasi Iskandar bilan kvartirada yashardi. Keyin alohida kvartiraga turgan paytida Samandar u bilan nikoh o‘qittirgan. Yaxshi yashab yurgan, so‘ng nimadir bo‘lib, Samandar uning talog‘ini berib ketgan. O‘shandan keyin hammasi izdan chiqib ketdi”, — deb eslaydi Durdona Egamberdiyeva.

Durdona Egamberdiyeva Samandar ismli yigitning kimligiga aniqlik kiritmaydi. Ammo “Daryo”ning shou-biznesga yaqin manbalari gap xonanda va aktyor Samandar Hamroqulov haqida ketayotganini tasdiqladi. Samandar Hamroqulov Gavhar Sharipova bilan nikohlanganini hech qachon gapirmagan. Faqat “Mirsodiqova bilan” loyihasi doirasida bergan intervyusida Gavhar Sharipovani sevgani, ammo onasining qarshiligi tufayli unga uylana olmaganini aytgan.

2021-yilning avgustida YouTube’ga joylangan o‘sha intervyuda jurnalist ham, Samandar ham Gavhar Sharipovaning ismini biron marta tilga olmagan, ular “aktrisa” yoki “u qiz” jumlalaridan foydalangan. Biroq Samandarning “u qiz” va u bilan munosabatlarini so‘zlab berayotgan vaqtida ekranda bir necha marta Gavhar Sharipovaning surati namoyish etilgan.

U paytda juda ham yosh bo‘lganman. O‘ylamasdan ko‘p ish qilardim. Deyarli aql ishlamagan, nafsga quloq soladigan paytimiz bo‘lgan. Lekin baribir u qizda ko‘nglim bor edi, yaxshi ko‘rardim. U zamonaviy kiyinadigan, dunyoqarashlari zamonaviy, rus maktabida o‘qigan navoiylik qiz edi. Onamga ko‘rsatdim, ammo onamga ma’qul kelmadi. Lekin ajrashishimiz ancha qiyin bo‘ldi. Men asabiy bo‘lib qoldim. Biz ko‘p urishib qolardik, uning o‘ziga yarasha xarakteri bor edi. Baribir men ko‘p kechirim so‘rardim, chunki men ko‘p xafa qilardim. Oliygohni bitirganimizdan keyin ikki tarafga ajralib ketdik. Ajralganimizdan keyin u boshqa oila qurdi.

Shundan so‘ng konsert yoki to‘y xizmatlariga borsam, u boshlovchi bo‘lib ishlayotganini ko‘rib qolardim. Meni ko‘rsa, bekinib olardi. Bilardimki, u mendan qattiq xafa. Ali (Niyozimbetov) ham menga aytdi: “Bir joyda ko‘rdim, sal boshqacharoq bo‘lib qolibdi. Shu qizdan uzringni so‘rab, orani ochiq qilib olgin”. U qiz bilan hammasini gaplashib olganman.

Baribir o‘zimni aybdor his qilaman. U olamdan o‘tganda men juda qiynaldim. Namozlarimda uning haqiga duo qilaman. Yaxshi qiz edi. O‘z xarakteriga ega bo‘lgan chiroyli, aqlli qiz edi. Yozadigan she’rlari odamni yig‘latardi. Dunyoqarashi keng edi. Har qancha sevishga arziydigan qiz edi.

Ikkalamizning ham o‘zimizga yarasha xatolarimiz bo‘ldi. Lekin aksariyat xato menda bo‘ldi deyman. Kurashishim kerak bo‘ladigan narsalar bor edi, ammo men kurashmadim. Menimcha, qo‘rqoqlik qildim. Xatom shu deb bilaman.

Samandar Hamroqulov, aktyor va xonanda

Samandar Hamroqulovning “Mirsodiqova bilan” loyihasiga bergan intervyusidan.

Kadr: YouTube / Mirsadikova Shoiraxon

Aktrisa Feruza Sobitova Gavhar Sharipovaning o‘limidan so‘ng bergan intervyusida Gavhar uzoq yashamasligini o‘zi ham bilganini aytgandi.

“Gavharning hayotida ba’zi bir ishlar bo‘ldi. Moskvaga ketishiga to‘g‘ri keldi, qaytib kelgach, yashashga joyi yo‘qligi sabab menikida yashab yurdi. Juda tushkun holatda bo‘ldi, ruhiyatiga ta’sir qilgandi.

Moskvada ham og‘ir yotib qoldim deb aytib bergandi. To‘shakda yotganimda ham doim she’rlar yozardim, dedi. Xit bo‘lgan ko‘plab qo‘shiqlarning she’rlarini meniki derdi. Sen buni qanaq qilib isbotlaysan, desam, ‘O‘zim bilaman va Alloh biladi’ derdi. Manzura bilan gaplashgani esimda, u bilan ozgina tortishib qoldi.

Ko‘p suhbat qilardik, hayotimni qaytadan boshlasam, ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ymasdim derdi. Lekin men ko‘p yashamayman Feruz, — derdi.

Keyinroq portallarga bir narsalar yozgani uchun ‘tepadan’ ‘Nega sizni uyingizda yashayapti?’, degan mazmunda qo‘ng‘iroqlar qila boshlashdi. Shu sabab uni o‘zim uydan chiqarib yubordim. Rahmatli ko‘p joyga ish so‘rab bordi. ‘Milliy teatr’ga bordi, ‘O‘zbekfilm’ga bordi, lekin uni ishga olishmadi”, — degandi Feruza Sobitova.

O‘sha vaqtlarda madaniyat vaziri bo‘lgan Baxtiyor Sayfullayev Gavhar Sharipovani ruhan nosog‘lom bo‘lganini aytgandi.

“Aktrisa Gavhar Sharipovaning ruhiy kasallikka tushib qolishiga teatr yoinki atrof-muhit sabab emas. Men buni ochiq aytaman. ‘Anaqa bo‘ldi, unaqa bo‘ldi’, deb yozishibdi... Keyingi vaqtlarda necha marta ‘O‘zbekkonsert’ga ham borgan, bizga ham kelgan, kechirasizlar-u — u ruhan nosog‘lom edi”, — degandi madaniyat vaziri.

Feruza Sobitovaning so‘zlariga ko‘ra, ona bo‘lish Gavharning eng katta orzusi bo‘lgan. Biroq davolangandan keyin ham onalik baxtiga erisha olmagan.

U qattiq tushkunlikka tushib qolgan edi. O‘sha vaqtlarda, o‘zining aytishi bo‘yicha, unda saraton alomatlari paydo bo‘lgan. Buni eri bilib qolgach, uni tashlab ketgan. Gavhar bularni ko‘tara olmadi. Hayotdan xafa, taqdiridan norizo yashadi. Yashashdan umidi ham qolmagan edi. U tushkunlik holatidan chiqa olmadi. Hayot qiyinchiliklariga bardosh bera olmadi.

Eng katta orzusi farzand ko‘rish edi. Ona bo‘lish uchun juda ham ko‘p harakat qildi. Shifokorlarga qatnadi, foydasi bo‘lmadi. “Hammasi yaxshi bo‘ladi, hali yoshsan, hali hammasi oldinda”, deganim bilan foydasiz edi.

Feruza Sobitova, aktrisa

Feruza Sobitovaning so‘zlariga ko‘ra, Gavhar Sharipova ruhan juda zaif bo‘lgani sabab tushkunlikdan chiqib keta olmagan.