Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi Turkiy davlatlar tashkiloti deb o‘zgartiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Istanbul yaqinidagi Demokratiya va erkinlik orolida o‘tayotgan sammitdagi nutqida aytib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Umumiy til va mushtarak qadriyatlar birligi asosida shakllangan kengashimiz doirasida bugungi kunda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

Og‘ir pandemiya davrida ham biz sherikligimizni kengaytirishga, bir-birimizga yordam berib, aloqalarimizni muntazam rivojlantirishga intilib kelmoqdamiz.

Aminmanki, bugun qabul qilinayotgan qarorga binoan Turkiy Kengash nomi Turkiy davlatlar tashkiloti deb o‘zgartirilishi hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi”, – deydi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari sammitda raqamlashtirish, ekologiya, madaniyat va yoshlar masalalari borasida qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan:

  • “aqlli” shaharlarni barpo etish bo‘yicha tajriba almashish va innovatsiyalarni transfer qilish maqsadida ekspertlar va IT-mutaxassislar uchun doimiy platforma yaratish;
  • Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Turkiy mamlakatlarning atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha tuzilmasini tuzish;
  • “Turkiy dunyo turizmi” va “Tabarruk ziyorat” sayyohlik loyihalarini amalga oshirish, hunarmandchilik ko‘rgazmalari va etnosport musobaqalarini o‘tkazish, madaniy meros obyektlarini saqlash, restavratsiya qilish va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan “yo‘l xaritasi”ni birgalikda ishlab chiqish;
  • Turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish tadqiqot markazini tashkil etish.
Bundan tashqari Shavkat Mirziyoyev 2022-yilni Turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilishni taklif qildi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ishtirok etish uchun Istanbul shahriga keldi. U yerda davlat rahbari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bag‘dod Amreyevni qabul qildi.

Shuningdek, Prezident 12-noyabr kuni Istanbulda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan har ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Muloqotda Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘lini qurish loyihasini jadal ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, bugun sammit doirasida Turkiy kengash kotibiyatining yangi binosi oldida bayroq ko‘tarish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston hamda Vengriya, Turkmaniston va tashkilotning bayroqlari ko‘tarildi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Kreml Putinning “safarbar etilganlarning onalari” bilan uchrashuvini qanday tashkillashtirgani ma’lum bo‘ldi
Mahalliy
O‘zbekistonning bir qator hududlarida 4-dekabr kuni qor yog‘adi
Sport
Jerdan Shakiri Messi va Ronalduga yetib oldi