Prezident farmoni bilan Behzod Musayev sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlandi, deb xabar beradi Telegram’dagi “Nigoh” kanali.
Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yana bir deputati Rasul Kusherbayev Qonunchilik palatasida deputatlar Behzod Musayevni sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tasdiqlash haqidagi masalani ko‘rib chiqib, ma’qullash bo‘yicha qaror qabul qilganini yozgan edi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu lavozimda ishlab kelgan sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xojiboyev O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasiga o‘tishi kutilmoqda.
Abduhakim Xojiboyev bunga qadar sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori lavozimlarida ham faoliyat ko‘rsatgan. Eslatib o‘tamiz, Abduhakim Xojiboyev 2020-yilning noyabr oyida sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlangan edi. U mazkur lavozimda Alisher Shodmonovning o‘rnini egallagandi.