O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga Behzod Musayev tayinlanmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev Telegram’dagi kanali orqali xabar berdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yana bir deputati Rasul Kusherbayevning yozishicha, Qonunchilik palatasida deputatlar Behzod Musayevni sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tasdiqlash haqidagi masalani ko‘rib chiqib, ma’qullash bo‘yicha qaror qabul qilgan.
Behzod Musayev 2020-yil 13-maydan beri bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi. Bunga qadar u 2018-yil mayidan 2020-yil mayigacha Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning iyulida sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida statsionar sharoitda davolangan vaqtida Behzod Musayevga uning vazifasini bajarish yuklatilgan edi. O‘zbekiston hukumatning 2020-yil 3-noyabrdagi qarori bilan sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida ishlab kelgan Alisher Shodmonov Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori etib tayinlangandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari shu kuni kuni Abduhakim Xojiboyev nomzodini O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga ma’qullagandi. Abduhakim Xojiboyev 2020-yil 15-iyul kunidan beri sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari sifatida ishlayotgan edi.