1989-yilning 21-oktabrida O‘zbekistonda mamlakat mustaqilligi ramzlaridan biri — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. 2020-yildan boshlab bu sana O‘zbek tili bayrami sifatida nishonlanmoqda. “Daryo” ushbu sana munosabati bilan oktabrni “O‘zbek tili oyligi” deb e’lon qiladi va oy davomida har kuni til masalasida turli yillarda qilingan va hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan chiqishlar, nutqlar, maqolalarni qayta chop etadi.

Illyustratsiya: “Daryo” / Dilzoda Hamidjonova

Rus tilini ona tilimiz deyish uchun avval o‘z tilimizni bilishimiz kerak!

Bu uchrashuvda qatnashayotgan o‘rtoqlarga, so‘zga chiqib mening haqimda yaxshi gaplar aytgan notiqlarga, bu uchrashuvning tashkilotchilariga tashakkur bildiraman.

Men studentlar bilan ko‘p uchrashganman. Studentlarning dilkusho suhbatlarini bilaman. Umuman studentlar suhbatiga ishtiyoqmandligim ustiga chet tillar pedagogika institutining studentlariga aytadigan zarur gaplarim borligini nazarda tutganda mening xursandchiligimni tasavvur qilavering!

Sizlar har qayerdan kelgansizlar, institutni bitirganlaringdan keyin joylarga borib, o‘quvchilarga ingliz, nemis, fransuz, ispan tillarini o‘rgatasizlar. Mening sizlarga aytadigan eng zarur gapim shuki, sizlar joylarga chet tillar bilan birga, balki birinchi navbatda o‘z ona tilimizga — o‘zbek tiliga cheksiz muhabbat tuyg‘usini olib boringlar! O‘zbek tili g‘oyat boy, nihoyatda chiroyli, har qanday fikr-u tuyg‘uni ifoda qilishga qodir ekanini amalda ko‘rsatinglar; qayerda va qanday sharoitda ishlamanglar, til madaniyatimizning mash’ali bo‘linglar!

Men bu gapni tilimizning boyligiga daxl qiladigan, husn-latofatini buzadigan, tilimizni tahqir qilishga qaratilgan qiliqlarga barham berish maqsadidagina aytayotganim yo‘q. Bu gapning faqat tilimizgagina emas, davlatimizga, tuzumimizga ham aloqasi bor.

Men bundan bir necha yil muqaddam Hindistonga borganimda bir o‘zbek uchrab qoldi. Bu o‘zbek Hindistonga uch yasharligida borib qolgan bo‘lsa ham o‘z ona tilisini yo‘qotmagan ekan. Shu odam mendan: “O‘zbekistonda hozir ham o‘zbek tili bormi?” deb so‘rab qoldi. Bu savol menga g‘alati tuyuldi: bu odam begona ellarda yurib o‘zbek tilini yo‘qotmapti-yu, nima uchun o‘zbek xalqi o‘z milliy respublikasida o‘z tilini yo‘qotishi kerak? Men tushuntirdim: O‘zbekistonda o‘zbek tili borgina emas, bu tilda million-million nusxada gazeta-jurnallar, kitoblar nashr etiladi, teatrlar yashab-yashnab turipti, dedim. Keyinchalik bilsam, Hindiston respublika bo‘lishidan oldin mustamlakachilar hind xalqining qulog‘iga quygan ekan: “Bolshevizm milliy madaniyatning ofati, bolshevizm qadam bosgan joyda har qanday milliy urf-u odat, milliy madaniyat, jumladan, til ham barbod bo‘ladi, butkul yo‘qoladi”, degan ekan!

Bu gap qay darajada qabih tuhmat ekanini yil sayin ravnaq topayotgan milliy madaniyatimiz, qomatini jahonga ko‘rsatib turgan adabiyotimiz, san’atimiz misolida ko‘rish mumkin.

Shundan keyin bir narsa e’tiborimni o‘ziga tortdi: ko‘zimiz, qulog‘imiz o‘rganib qolgan, lekin o‘shanday tuhmatlarga oziq bo‘ladigan hodisalar hayotimizda mavjud ekan.

1. Ko‘pgina oilalarda bolalar o‘z ona tilisini mutlaqo bilmaydi! Bu ota-onani zarracha ham tashvishga solmaydi.

2. Ba’zi oilalarda bola o‘z ona tilisida gapirgani nomus qiladi!

3. Ba’zi odamlar shuni internatsionalizm deyishadi. Buning nimasi internatsionalizm?

Kommunizm dushmanlarining bolshevizmga, sovet tuzumiga qarshi tuhmatlariga oziq beradigan yana bir narsa bor: O‘zbekistonda “millatim o‘zbeg-u ona tilim rus tili”, deb yozadigan bir necha ming chala bor emish! Agar shu gap rost bo‘lsa, demak, O‘zbekistonda falon ming o‘zbek o‘z ona tilisini yo‘qotipti, degan so‘z! Nainki shu maqtanadigan gap bo‘lsa!

Respublikamizni haqli ravishda “Sharqda sotsializmning mash’ali”, deymiz. Demak, bir talay mustamlaka, yarim mustamlaka, kapitalistik mamlakatlar xalqlarining ikki ko‘zi, ikki qulog‘i bizda! Nainki biz shularga: “Tilimizni yo‘qotib borayotibmiz, ko‘p o‘tmay tilimizdan nom-nishon qolmaydi”, deb maqtansak!

“O‘zbek tili baribir yo‘qolib ketadi”, “konstitutsiyadan o‘zbek tili davlat tili degan gapni chiqarib tashlash kerak” degan tovushlar sovet kishilarining tovushi emas, imperializmning shaltoq propagandasiga oziq beradigan ig‘vogarlarning tovushidir.

Tarixda o‘tgan buyuk siymolarning deyarli hammasi o‘z ona tilisi ustiga o‘z zamonasining boy, madaniy tillaridan biri yoki bir nechtasini yaxshi bilgan. Navoiy forscha g‘azallar, Lermontov fransuzcha she’rlar, Ibn Sino arab tilida ilmiy asarlar yozgan. Biz uchun o‘shandoq til rus tilidir. Biz uchun rus tili ona ko‘kragiday: bizning yashashimiz-u o‘sishimiz uchun kerakli hamma modda bu tilda bor. Shuning uchun bu til bizning ikkinchi ona tilimizdir.

Shuning uchun sizlar joylarga o‘zbek tiliga cheksiz muhabbat tuyg‘usini olib borganlaringda shu tuyg‘uni ikkinchi ona tilimiz — rus tiliga qaratishlaring zarur.

Rus tilini ikkinchi ona tilimiz deyish uchun o‘z tilimizni bilishimiz kerak!

Abdulla Qahhor 1967-yil

Ushbu nutq Abdulla Qahhor “Asarlar”ining 5-jildidan olindi; Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1989-yil