O‘zbekistonning sobiq moliya vaziri, sobiq bosh vazir o‘rinbosari, hozirda “O‘zbekinvest” kompaniyasi rahbari sifatida faoliyat yuritayotgan Rustam Azimov 2017-yil iyun oyida hukumatdagi lavozimini tark etganidan so‘ng birinchi marotaba OAVda chiqish qildi, deb yozadi “Gazeta.uz”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Azimov O‘zAda e’lon qilingan maqolasida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov davridagi muhim voqealarga to‘xtalib, uning qo‘l ostida ishlaganini eslagan.

“Birinchi Prezidentimizning qo‘l ostilarida 25 yil ishlash men uchun juda katta ham maktab, ham sinov edi. Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘ta talabchan inson edilar. Lekin ular ushbu talabchanlikni oldin o‘zlariga qaratar, keyin qo‘l ostida ishlaydiganlardan talab qilar edilar”, — deydi u.

Shundan keyin, u so‘nggi besh yilda O‘zbekistonda amalga oshirilgan islohotlarni e’tirof etadi. Sobiq hukumat a’zosi O‘zbekiston ushbu davrda demokratik jamiyatni qurishga kirishganini va bu oson bo‘lmaganini ta’kidlagan.

“Ekspert va mutaxassislar ‘bu qadamni bosishning vaqti hali kelmadi, siz ham, mahalliy hokimliklar ham juda katta qiyinchiliklarga duch kelasizlar’ deb muhtaram prezidentimizni bu yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lishgan. Lekin Shavkat Miromonovich o‘zlarining metin irodalari tufayli juda to‘g‘ri va dono qaror qabul qildilar. Chunki demokratiya bo‘lmagan davlatda rivojlanish bo‘lishi juda qiyin. Qo‘pol qilib aytganda, bir qushning qanotlarini kesib tashlasangiz, u uchmaydi. Demokratiya xalqimizning qanotlarni keng yoyib, parvoz qilishga, ya’ni ijodkorlik, tashabbuskorlik va yangilikka intilishga bo‘lgan xususiyatlariga keng yo‘l ochdi”, — deya ta’kidlaydi u.

Bundan tashqari, u mamlakatdagi iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha islohotlarga ham to‘xtalib o‘tgan.

Rustam Azimov mamlakatda yig‘ilib qolgan muammolarni “faqat o‘zimizning chegaralangan manbalar hisobidan to‘liq hal qilishning imkoni yo‘q”ligini, shuning uchun O‘zbekiston chetdan qarz olishga majburligini qayd etgan.

“To‘g‘ri, qarz oshmoqda, lekin shu bilan birga iqtisodiyotimiz ham tez sur’atlar bilan o‘smoqda, o‘sayotgan iqtisodiyot esa, mening fikrimcha, bu qarzlarni o‘z vaqtida to‘lashga to‘liq imkoniyat beradi”, — deydi sobiq moliya vaziri.

Azimov mamlakatdagi boshqa sohalardagi oxirgi besh yildagi islohotlar va yutuqlarda ham amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning xizmatlarini e’tirof etgan.

“35 million aholi farovonligini oshirish va hayotini tubdan har tomonlama isloh qilish dasturini ishlab chiqish va boshqarish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Bu o‘ta og‘ir yukni faqat davlatimizda vaziyatni chuqur biladigan, boy bilim va tajribaga ega bo‘lgan, irodali va dovyurak, oliy darajadagi tashkilotchilik qobiliyatiga ega — milliy lider Shavkat Mirziyoyev matonat bilan o‘z zimmalariga olib, amalga oshirmoqdalar”, — deydi u.

U Shavkat Mirziyoyev bosh vazir lavozimida ishlagan paytlarida ham ko‘p dolzarb masalalarni o‘z zimmasiga olib, ijobiy tomonga hal qilishga harakat qilib kelganini ta’kidlagan.

“Misol uchun, paxta hosiliga bevosita shaxsiy mas’ul bo‘lishlariga qaramasdan, qonimizga singgan ‘amri vojib’ degan tushunchani chetga surib qo‘yib, qat’iyat bilan maktab bolalarini paxta yig‘im-terimida dalaga chiqarmaslikka qaror qildilar va mahalliy hokimlarni ham shunga undadilar”, — deydi sobiq bosh vazir o‘rinbosari.

“Yechilishi lozim bo‘lgan eng dolzarb masalalardan, avvalambor, yoshlarimizga sifatli ta’lim va to‘g‘ri tarbiya berishimiz, iqtisodiy jihatdan ommaviy ravishda yangi zamonaviy ish joylarini xususiy biznes orqali barpo etish va cho‘l yerlarda 4 yil ishlagan inson sifatida o‘ylaymanki, suv resurslaridan chuqur o‘ylangan va uzoq muddatli oqilona foydalanish strategiyasi asosida amalga oshirilgan ishlar natijasidagina davlatimiz va xalqimiz so‘zsiz o‘z maqsad-u murodiga yetadi”, — deydi Rustam Azimov.

Ma’lumot uchun, Rustam Azimov (1958-yilda tug‘ilgan) ko‘p yillar davomida O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — moliya vaziri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2016-yilning dekabrida u moliya vaziri lavozimidan ozod etilib, bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlangan edi. 2017-yilning iyun oyida bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, “O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi rahbari etib tayinlangan edi.

2016-yil 8-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston prezidenti vazifa va vakolatlari vaqtincha yuklatilgan parlamentining qo‘shma majlisida Rustam Azimov ham nutq so‘zlab, Mirziyoyevni “Islom Karimovning sodiq shogirdi va siyosiy farzandi” deya ta’riflagan edi.