“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi, deb xabar beradi Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali.
Qonun bilan Soliq kodeksiga bir qator o‘zgartirishlar kiritilgan.
Xususan, kodeksning 99-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Davlat soliq qo‘mitasi soliqlarni, shuningdek, aylanmadan olinadigan soliqni belgilangan tartibda mol-mulkni garovga bermagan holda, kafilliksiz yoki bank kafolatisiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini taqdim etishga haqli ekani belgilangan (bundan daromad solig‘i, ijtimoiy soliq, to‘lov manbasida olinadigan foyda solig‘i mustasno).
Shuningdek, 100-moddaga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, faoliyatni 3 yildan ortiq vaqtdan buyon amalga oshirayotgan, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lagan, ammo moliyaviy ahvoli soliq qarzini muddatida to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmagan manfaatdor shaxslarga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilishi mumkin.
Kodeksning 378-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, soliq to‘lovchining O‘zbekistonning professional (kasb-hunar maktablari, kollejlar, texnikumlar) va oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish (o‘zining, shuningdek, 26 yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) ta’lim olishi) uchun yo‘naltiriladigan daromadlari soliqqa tortilmaydi (ilgari ushbu imtiyoz faqat oliy ta’lim bo‘yicha tatbiq etilgan).
Avvalroq O‘zbekistonda tabiiy ofat oqibatida zarar ko‘rgan tadbirkorlar soliqlardan ozod etilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Mavzuga doir: O‘zbekistonda 2021-yilda soliq tushumlari qanday o‘sdi?
Izoh (0)