O‘zbekistonning amaldagi prezidenti, O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni buxorolik saylovchilar bilan uchrashuvda Sardoba suv ombori fojiasini esladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Sardobada bo‘lgan ofatni men kinoda ham ko‘rmagan edim. Mana endi gapirsam bo‘ladi — vertolyotda uchib, vaziyatni o‘rganib yuribman-u, oqib borayotgan odamlarni, dov-daraxtlarga osilib qolgan bolalarni ko‘rgandim.

O‘sha vaqtda Milliy gvardiya xodimlari katta qahramonliklar ko‘rsatdi. Uch nafar gvardiyachi qahramonlarcha halok bo‘ldi, ammo odamlarning hayotini saqlab qoldik.

Bu ham ko‘rgulik, katta sinov bo‘ldi. Bu sinovlardan nima uchun o‘tdik? Birlashganimiz, zabardast bo‘lganimiz uchun. Olot voqeasidan ham, Sardoba voqeasidan ham birdamlik bilan o‘ta oldik. Boshimizga katta sinovlar keldi va ular tufayli biz toblandik”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2010—2017-yillarda 1,2 trillion so‘m (Markazy bankning 2017-yil 1-yanvardagi kursiga ko‘ra 404,4 million dollar )evaziga qurilgan, rasmiy OAV tomonidan “asr qurilishi” deb e’tirof etilgan Sardoba suv ombori to‘g‘onlaridan biri 2020-yil 1-may kuni yorilishi oqibatida yirik suv toshqini yuz bergan edi. Keyinchalik ushbu holat matbuot tomonidan “asr fojiasi” deya ta’riflandi.

Suv omboridan foydalanish “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “Sardoba suv ombori obyektlaridan foydalanish va rivojlantirish direksiyasi” tomonidan amalga oshirilgan.

2020-yilning iyul oyining oxirlarida Bosh prokuratura Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilish sabablarini ma’lum qildi: loyihalashdagi xatoliklar, qurilish jarayonida me’yorlarga rioya qilmaslik, ekspluatatsiya jarayonidagi xatoliklar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020-yilning 5-mayida Sardoba fojiasi bo‘yicha “barcha aybdorlar qonun oldida javob berishi”ni aytdi. 2021-yilning mayida “Sardoba ishi”da aybdor deb topilgan 17 kishiga sud hukmi o‘qildi.

Fevral oyida Qurilish vazirligining Loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Nasrullo Boboyev “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov bilan suhbatda Sardoba suv ombori qayta qurilishi, bu bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingani ma’lum qildi. U obyektda tiklash ishlari ikki bosqichda amalga oshirilishini, holat qo‘shni davlatlarga ham taalluqli bo‘lgani bois ilmiy o‘rganishlarga nafaqat mahalliy mutaxassislar, balki chet el ilmiy-tadqiqot markazlari ham jalb qilinganini aytgandi.