Serbiyaning Belgrad shahrida 26-oktabrdan 6-noyabrga qadar boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida Jahon chempionati bo‘lib o‘tdi.

Foto: AIBA

Musobaqada 13 xil vazn toifasida janglar o‘tkaziladi. O‘zbekiston terma jamoasi ushbu turnirga to‘liq tarkib bilan yo‘l oladi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi ma’lum qildi.

Qayd etish kerak, Rio Olimpiadasi kumush medali sohibi, jahon chempioni Shahram G‘iyosov va Olimpiya chempioni Hasanboy Do‘stmatovlar tarkibga jalb qilingan.

Shuningdek, quyidagi bokschilar Jahon chempionatiga yo‘l oladi: Nodirjon Mirzahmedov, Shahobiddin Zoirov, Mirazizbek Mirzaxalilov, Abdumalik Halokov, Mujibullo Tursunov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Saidjamshid Ja’farov, Odiljon Aslonov, Shohjahon Abdullayev, Madiyor Saidrahimov, Lazizbek Mullajonov.

Avvalroq JCh—2021 mukofot jamg‘armasi 2,6 million dollar bo‘lishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, g‘oliblar 100 ming, kumush medal sohiblari 50 ming va bronzaga ega chiqqanlar 25 ming dollardan mukofot pulini qo‘lga kiritadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilda Rossiyaning Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida o‘zbekistonlik bokschilar 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi. Shuningdek, Bahodir Jalolov musobaqaning eng yaxshi bokschisi deb topilgandi.

2023-yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga O‘zbekiston mezbonlik qiladi.