Samarqand viloyati Narpay tumani “O‘zbekiston” mahallasi Tanishka-2 qishlog‘ida iste’molga yaroqsiz bo‘lgan go‘sht mahsuloti tarqatilgani sababli kuydirgi kasalligi tarqalgani bo‘yicha “Daryo” tahririyatiga xabar kelib tushdi. Xabarda ushbu kasallik bilan 6 nafar fuqaro kasallanib, shifoxonaga yotqizilgani ma’lum qilingan.
“Daryo” so‘roviga asosan Samarqand viloyati sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati Narpay tuman “O‘zbekiston” MFYga qarashli Tanishka qishlog‘ida yashovchi fuqarolarda A-22.0 (kuydirgi) ga gumon qilinib, 2021-yilning 17-sentabridan boshlab 5 nafar bemor ro‘yxatga olinganini ma’lum qildi. Xususan, 1966-yilda tug‘ilgan B.T., 1974-yilda tug‘ilgan I.D., 1984-yilda tug‘ilgan M.G. hamda 1985-yilda tug‘ilgan Y.B. va B.Y. tumandagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kelib davolangan.
Ta’kidlanishicha, yuqorida nomlari qayd etilgan bemorlar 2021-yil 17-sentabr kuni ushbu qishloqda yashovchi qarindoshi B.M.ning so‘yilgan qoramol go‘shtidan iste’mol qilgan.
B.M. kasal bo‘lgan molni so‘yish va terisini tozalashda qarindoshlari Y.B. va B.Y.ni chaqirgan. Majburiy so‘yilgan mol taxminan 70 kilogramm go‘sht qilgan. So‘yilgan molning kalla-pocha va sub mahsulotlarini M.G. hamda I.D. tozalab-pishirib qarindoshlari bilan iste’mol qilgan. Qolgan mol go‘shtni 11 ta xonadonga va 2 kilogramm masjidga tarqatgan.
2021-yilning 24-sentabr kuni soat 17:00 da viloyat YUKKSH tomonidan telefon orqali berilgan shoshilinch xabarnomaga asosan viloyat SEO va JSB UXYUK bo‘lim va UXYUK laboratoriyasi hamda viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarma epizootologi X.Umarov Narpay tuman SEO va JS bo‘limi mutaxassislari bilan hamkorlikda epidemiologik va epizootolik surishtiruv ishlari olib borilgan.
Viloyat SEO va JSB UXYUK laboratoriyasiga kasallikka gumon qilingan bemorlardan, qora-mol so‘yilgan joydan, qora-mol go‘shtidan namunalar olingan. 2021-yilning 27-sentyabr kuni bemorlarning barchasidan olingan namunalar natijasi bakteriologik tekshiruvlarda manfiy natija aniqlangan. Tashqi muhit obyektlardan (4 ta tuproq va mol go‘shtidan olingan namunalardan (jami 5 ta namunalardan) manfiy natijalar aniqlangan.
Mol so‘yilgan joylarda dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazilib, aholi o‘rtasida kuydirgi kasalligi profilaktikasi bo‘yicha suhbatlar olib borildi. Qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Shuningdek, majburiy so‘yilgan mol go‘shtini iste’mol qilgan fuqarolar bilan tibbiy profilaktik chora- tadbirlar olib borildi, deyiladi Samarqand viloyati sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmati ma’lumotida.
Narpay tuman veterinariya bo‘limining bergan ma’lumotiga ko‘ra, Tanishka qishlog‘ida 400 bosh YShM, 130 bosh MShM, 4 ta eshak, 2021-yilda to‘liq kuydirgi kasalligiga qarshi emlangan. Fuqaro B.M.ning xonadondagi 4 bosh YShM kuydirgi kasalligiga qarshi emlangan.
Holat yuzasidan “Daryo” muxbiri jurnalistik surishtiruv olib bormoqda.
Bundan avval Toshkentdagi dehqon bozorida iste’molga yaroqsiz tuzlama mahsulotlari aniqlangani hamda Qashqadaryoda uyida eshaklarni so‘yib sotish bilan shug‘ullangan shaxsga sud hukmi o‘qilgani haqida xabar berilgandi.