“Daryo”da dars soatlarini sotishga uringan maktab direktori qilmishi fosh etilgani yuzasidan maqola e’lon qilingan edi. G‘uzor tuman hokimligi axborot xizmatining ma’lumot berishicha, mazkur ish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.

Faxriddin Xoliqov.

Foto: “Daryo”

“Ushbu videolavhada Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 49-maktab direktori dars soatini sotishga uringanligi ma’lum qilingan. Mazkur xabar joriy yilning 25-sentabr kuni G‘uzor tumani prokuraturasining jinoyat haqidagi ariza va xabarlarni ro‘yxatga olish kitobiga qayd etilib, ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari tashkil qilingan”, — deyiladi hokimlik axborot xizmati bergan ma’lumotda.

Mazkur maqolaga viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati ham munosabat bildirib, mansabdor o‘z mansabidan foydalanib, noqonuniy mukofot, hadyalar olishga ruju qo‘yish holatini qoralashini ma’lum qilgan.

“‘Daryo.uz’ saytida e’lon qilingan ‘Uchta ‘kal’ berasan, darslarni bir kunga qo‘yib beraman’, sarlavhali maqola viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganilmoqda. Mansabdor o‘z mansabidan foydalanib, noqonuniy mukofot-hadyalar (aniqrog‘i, pora) olishga ruju qo‘yish holatini viloyat xalq ta’limi boshqarmasi batamom qoralaydi. Maktab direktorlari va pedagog jamoalarga korrupsiya va uning og‘ir illatlari yuzasidan tegishli mas’ullar ishtirokida bir qator targ‘ibot ishlari amalga oshirib kelinayotganligini ma’lum qilamiz”, — deydi boshqarma axborot xizmati rahbari Javohir Rustamov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 49-maktab direktori Faxriddin Xoliqovning maktabdagi 10 soat informatika darsini dars o‘tish ishtiyoqida borgan o‘qituvchiga 300 dollarga pullashga uringani, qilmishini izohlaganda esa buni “Adashganman, ammo o‘sha pulni olmaganman”, deya izohlagani xabar qilingandi.