AQShda Kapitoliyga hujum chog‘ida Proud Boys o‘ta o‘nglar harakati a’zolari orasida Federal qidiruv byurosi (FQB) informatori bo‘lgan. Bu haqda New York Times gazetasi xabar berdi.

Foto: Getty Images

Gazeta manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, informator FQBga kongress binosi yonida nimalar bo‘layotgani haqida xabar berib turgan. Informatorning versiyasi bo‘yicha Proud Boys vakillari asosan AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp tarafdorlaridan iborat olomonga ergashgan, chunki ular shturm rejasini oldindan tuzib chiqmagan.

Informator FQBdagi rahbariga aytib berishicha, u Proud Boys vakillari bilan hujum kuni Vashington haykali yonida uchrashib, Kapitoliygacha yetib borgan va olomon binoga bostirib kirganini ko‘rgan. So‘ng u Kapitoliyga kirgan, hech kimga tegmagan va hech narsani sindirmagan, keyinroq deraza orqali kongress binosini tark etgan.

Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, informator FQB bilan 2020-yil iyulida hamkorlik qilishni boshlagan va Proud Boys’ning bo‘linmalaridan birining ayrim a’zolari bilan tanish bo‘lgan, ularning ba’zilari keyinroq hujumda ayblangan. Shuningdek, FQBning qo‘shimcha informatori Proud Boys’ning Kapitoliyni talon-toroj qilishda qatnashgan boshqa bir bo‘linmasiga aloqador bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 6-yanvar kuni AQSh Kongressi a’zolari Donald Trampning prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘lganini tasdiqlash uchun yig‘ilgan vaqtda Trampning tarafdorlari Kongressga bostirib kirgan. Politsiya bir necha soat o‘tibgina namoyishchilarni Kapitoliydan haydab chiqarishga muvaffaq bo‘lgan. Huquq-tartibot organlari xodimlari o‘qotar qurol, dubinka, ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangan. Kapitoliyning xavfsizlik xodimi bilan birgalikda, besh kishi halok bo‘lgan.

Kapitoliyga hujum haqidagi ish bo‘yicha 500 dan ortiq amerikalikka ayblov e’lon qilingan. Iyul oyining oxirida ushbu ish bo‘yicha birinchi marta qamoq jazosi tayinlandi — 38 yoshli Pol Xojkins sakkiz oylik qamoqqa hukm qilindi.

Avvalroq Kapitoliyning yetti nafar politsiya xodimi AQSh sobiq prezidenti Donald Trampni sudga bergandi. Da’vo arizasi Trampning bir qator yordamchilari va radikal guruhlar yetakchilari yanvar oyida Kapitoliyga bostirib kirgani yuzasidan berilgan.