O‘zbekistonga Rossiyadan yana bir “Afrosiyob” zamonaviy elektropoyezdi jo‘natildi. Bu haqda “Toshkent mintaqaviy temiryo‘l uzeli” axborot xizmati xabar qildi.

Foto: “Toshkent mintaqaviy temiryo‘l uzeli”

Ma’lum qilinishicha, 10 yil avval mamlakatga Ispaniyadan dastlabki “Afrosiyob” zamonaviy elektropoyezdi olib kelingan. O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi bayrami arafasida bunday zamonaviy poyezdlar soni 5 taga yetkazilgan.

Qayd etilishicha, Ispaniyaning Patentes Talgo S.L.U. kompaniyasi hamda “O‘zbekiston temiryo‘llari” o‘rtasida tuzilgan shartnomaga binoan 16-sentabr kuni “Afrosiyob” poyezdining yana bitta harakat tarkibi Ispaniyaning Bilbao portidan Rossiyaning Sankt-Peterburg portiga olib kelingan.

25-sentabr kuni Moskva vaqti bilan soat 05:00 da elektropoyezd Rossiyadan O‘zbekistonga jo‘natilgan. Bu orqali mamlakatda shu turdagi poyezdlar soni 6 taga yetadi.