“Daryo” “Muhojirlar hayoti” loyihasi doirasida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning hayotini yoritishda davom etadi. Bu galgi qahramonimiz — to‘rt yildan beri Moskvada ishlayotgan 39 yoshli muhojir kishi.

Suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra, uning ism-sharifi oshkor etilmadi.

Yoshim 39 da. Jizzaxdanman. Ma’lumotim oliy, Samarqand qishloq xo‘jalik institutining Agronomiya fakultetini tugatganman. Bir muddat hokimlik tizimida, kollejda ishlaganman. Lekin taqdir taqozosi bilan so‘nggi to‘rt yildan buyon Rossiyada rizqimni terib yuribman.

Illyustrativ surat.

Foto: “Izvestiya”

Qishloq bolasining orzusi nima ham bo‘lardi?

Bolaligim Jizzaxning eng chekka qishloqlarining birida mol, qo‘ylarga qarash, ota-onamga uy ishlarida yordamlashish bilan o‘tgan. Qishloq bolasi nimani ham orzu qilardi?! Kichkinaligimda ko‘pchilik bolalar qatori men ham harbiy bo‘lishni orzu qilganman. Ammo sohada ishlash uchun sog‘lom bo‘lish bilan birgalikda salohiyat ham kerak deb o‘ylardim. Jismonan sog‘lom bo‘lsam-da, bilim darajam yetmaydi deb hisoblaganman. Xullas, shu bilan orzum orzuligicha qolgan.

Maktabni bitirib, Samarqand qishloq xo‘jaligi institutining Agronomiya fakultetiga o‘qishga kirdim. O‘qishni tamomlaganimdan so‘ng, oldimda tayinli ish topish muammosi paydo bo‘ldi.

Bir necha tashkilotlarga ishga taklif qilishdi, borib ishladim. Oylik maoshlari faqat bir o‘zimga yetardi, xolos. Keyin besh yil davomida tumandagi kollejning kadrlar bo‘limida ishladim. Oylik ham maqtagulik emasdi. Ammo olgan maoshimning teng yarmi yig‘di-yig‘dilarga ketardi va bu ro‘yxatining adog‘i ko‘rinmasdi.

So‘nggi yillarda kuzatilayotgan qurg‘oqchilik, yog‘ingarchilikning kam bo‘lishi, lalmi yerlarda dehqonchilik va chorvachilikka salbiy ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymadi. Yaylovlarning uy-joy va boshqa maqsadlarda hokimlik tomonidan sotib yuborilishidan aholi bir bosh sigirini ham hech qayerga sig‘dira olmayapti. Ekin maydonlarini fermerlar egallab olgan. O‘zidan boshqa bironta odamning chorvasini yeriga qo‘ymaydi, garchi hosili yig‘ishtirib olingan bo‘lsa ham. Shu sabablar tufayli qishlog‘imiz aholisi orasida migratsiya oshib bormoqda.

Rossiyada ishlayotganlarning hech biri kam bo‘lgani yo‘q

Hozir mahallamizda 100 dan ortiq kishi Rossiyada ishlayapti. Ammo u yerga borib ishlaganlarning hech biri kam bo‘lgani yo‘q. Biri uy qursa, yana boshqasi mashina olyapti, yana biri to‘y qilyapti. Eng muhimi, ro‘zg‘ori but. Qishloq sharoitida, ayniqsa, ishsizlik paytida bularni eplashning o‘zi bo‘lmaydi.

Ikki nafar farzandim bor. Tuzukroq pul topib, sharoitimni yaxshilab, bolalarimga to‘y qilishim kerak edi. Men ham el qatori Rossiyaga ishga ketishga qaror qildim.

2017-yil avgustida Moskvaga keldim. Ish topishim muammo bo‘lmadi. Chunki Moskvada ish ko‘p, ishchi kuchi yetishmaydi. Har qadamda ishga taklif qiluvchi turli bannerlar, e’lonlar ilingan. Shunga qaramay, baribir birinchi marta kelgan odam biror tanishi yoki og‘aynisining yoniga borib ishlaydi. Hech bo‘lmasa, shular tavsiya qilgan ishlarga joylashadi. Men ham hamqishloqlarim ishlayotgan qurilish firmasiga ishga kirganman.

Tizim ancha yaxshilanib qolgandir deb O‘zbekistonga qaytgandim

Rossiyada uch yil ishlab, topgan pullarimga uy-joyimni to‘g‘riladim, o‘g‘illarimga sunnat to‘y qildim. 2020-yil sentabr oyida oilam bag‘rida o‘z soham bo‘yicha ishlashni niyat qilib, Jizzaxga qaytib keldim.

Mutaxassisligim bo‘yicha tuman hokimligining qishloq xo‘jalik bo‘limiga ishga kirdim. Boshida oradan ancha vaqt o‘tdi, tizim ancha yaxshilanib qolgandir deb o‘ylagandim. Ammo hali ham avvalgidek ertalabdan tungacha ishlash, qog‘ozbozlik, soxta raqamlar, faqat yig‘ilishdan omon chiqish uchun ishlash davom etardi.

Kech soat 10 bo‘lsa-da, birorta xodim uyiga ketay demasdi. Kech tushishi bilan qishloqqa qatnovchi taksilar harakati to‘xtashi tufayli tun yarmida uyga piyoda kirib kelardim.

Oylik maoshi o‘ta ayanchli va kulgili summa — 930 ming so‘m edi. Uni ham berganda beradi, bo‘lmasa yo‘q. Ana endi hisoblab ko‘ravering. Bu oylik bilan oila boqaymi yoki yo‘l kira va tushlikka ishlataymi?

Juda g‘alati, shunday emasmi? Ammo bu haqiqat. Birov sening muammong bilan qiziqmaydi. Faqat ish talab qiladi. Birovga foydasi yo‘q jadvallarni to‘ldirish, javob xatlarini yozish... Qaysi birini aytay?

Bir tomondon prokuratura tekshiruvlari, bir tomondan viloyat boshqarmasi topshiriqlari. Axir ishda shuncha ham yuklama bo‘lishi mumkinmi? Oylik ham shunga yarasha to‘lansa edi. Oilamni boqish, ularni yetarlicha ta’minlash uchun men muttahamlik, tamagirlik qilib, oldimga kelgan fermerlardan pul olishim kerak edi. Agar ushlab olishsa, to‘g‘ri qamoqqa tushaman.

Xullas, sakkiz oy ishladim. Menga o‘xshaganlar bunday muhitda non topolmasligi aniq edi. Balki, o‘zimdan ham ayb o‘tgandir, bilmayman.

Qani edi bizda ham aniq ish jadvali bo‘lsa-yu, xodim belgilangan soatda ishga kelib, o‘z vaqtida oilasi bag‘riga qaytsa... Mayli, maosh 5 million so‘m emas, hech yo‘g‘i shuning yarmi bo‘lganda ham Rossiyaga qaytib kelmasdim. Lekin sharoit taqozosi bilan migrantlar diyoriga qaytdim.

Bir oyda ikki kungina dam olamiz

Hozir Moskva shahrida qonuniy asosda turklarning qurilish firmasida ishlayman. Ish soati ko‘pligini aytmaganda, mehnat sharoitlariga chidasa bo‘ladi.

Kuniga 10 soat ish. Haftaning toq kunlari 12 soatgacha cho‘ziladi. Albatta, ishlagan soatlarga pul yoziladi. Bir yakshanba ish kuni, keyingi yakshanba dam. Oyiga 28—29 kun ishlab, ikki kun dam olamiz. Bu, albatta, og‘ir, ammo o‘zbeklar juda chidamli xalq.

Maoshi 500 dollardan 700 dollargacha. Ishingizga qarab bu raqamlar o‘sishi mumkin. Oylik patent to‘lovlarimizni ham ish beruvchi to‘lab beradi. Uch mahal ovqat ham uning hisobidan.

Shaxsan meni ish haqi qoniqtiradi. Boshqalarda ham shunday bo‘lsa kerak. Agar yoqmaganda, bu yerlarga kelib, sovuqni sovuq, issiqni issiq demay ishlarmidi?

Bir xonada 15-16 nafar odam yashaydi

Yashash sharoitlari ham haminqadar. Ish beruvchi umumiy yotoqxona bilan ta’minlagan. Bir xonada 10 kishi yashaymiz. Ammo bizdan-da ko‘p, 15-16 kishi yashaydigan xonalar ham bor.

Umuman olganda bu yerda yaqinlar sog‘inchini hisobga olmaganda, boshqa muammo sezmayman. Har kim bilib-bilmay ruslar undoq, ruslar bundoq deb gapiradi. Ammo men ular tomonidan biron bir negativga guvoh bo‘lmaganman. Siz bilan ishi yo‘q, indamasangiz, ular ham indamaydi. Muammolar odamning bilimsizligi, dunyoqarashi pastligi, rus tilini bilmasligidan kelib chiqadi. Aybni yana boshqalarga to‘nkashadi.

Ta’lim sohasidagi xatolikmi yoki boshqa sabablar tufaylimi qishloq maktablarida rus tiliga bo‘lgan qiziqish “nol” desak ham bo‘ladi. O‘qituvchilarning ham saviyasi juda past. Axir o‘zi bilmagan narsani qanday o‘quvchiga o‘rgatsin. Vaholanki, qishloq maktabini bitirgan bolalarning 60 foizi shu yerga kelib ishlaydi. Keladi-yu, muammolar girdobida qoladi. Oddiy imtihondan o‘tolmay, sertifikatni 100 dollarga sotib oladi. Balki qishloq maktablarida rus tilini chuqurroq o‘tish kerakmikan?

O‘z yurtimda o‘rnimni topolmaganimdan afsuslanaman

Birgina Moskvaning o‘zida minglab o‘zbekistonliklarni uchratish mumkin. Birinchi kelgan odam bu yer Rossiyami yoki O‘zbekiston deb ikkilanib qoladi. Yurtdoshlarimiz asosan qurilishda, bozor, do‘konlarda, shirinlik sexlarida, qo‘riqchilik, taksichilik va ofitsiant bo‘lib ishlaydi.

Meni ko‘pincha bir savol qiynaydi: Agar kutilmaganda Rossiya hukumati qaror chiqarib migrantlarni mamlakatidan chiqarib yuborsa nima bo‘lar ekan? Axir ozmuncha odam bu yerdan non topayotgani yo‘q-da. Buncha ishsiz odam yurtimizda oilasi bilan qanday yashar ekan? Mutasaddi rahbarlar yetarli oylik beradigan ish o‘rinlarini yaratish masalasini hal qilsa yaxshi bo‘lardi.

Ammo bu davlat migrantlarga muhtoj, ruslarga qora ishchi kuchi juda kerak. Shuning uchun hali beri bunday qarorni qabul qilmaydi deb o‘ylayman.

Hayotimni ortga qaytarganda deyarli hech narsani o‘zgartirishga harakat qilmasdim. Chunki o‘tmishimda afsuslanarli ish qilmaganman. Ammo ba’zida oliy ma’lumotli bo‘lsam-da, o‘z yurtimda, jamiyatda o‘z o‘rnimni hanuzgacha topolmaganimdan, biron bir daromadli ishning boshidan tutolmaganimdan afsuslanib qolaman. Albatta, bunga o‘zim ham aybdordirman. Chunki kirishimli, vaziyatni o‘z manfaatiga hal qiladiganlardan emasman. Ammo hayotimda halollikni doim birinchi o‘ringa qo‘yganman.

Bitta mashina olsam bo‘ldi, bu yerlarga qaytib kelmayman

Hayotimning eng muhim davrlarini ko‘p yurtdoshlarim qatori oilamdan uzoqda, musofirchilikda o‘tkazyapman. Ammo nolimayman, shu yerda ishlab, halol mehnat qilib o‘zim istagan niyatimga erishdim: uy joyimni, sharoitimni yaxshiladim. O‘g‘illarimga chiroyli qilib sunnat to‘ylar qildim.

Eng muhimi, barcha yaqinlarim sog‘- salomat, kuch-quvvatim joyida. Allohga shukr. Ammo yana bir orzum bor — mashina olish. Chunki mashinasi yo‘q odamga juda qiyin ekan. Biz taraflarda kechki paytlari taksilar yurmaydi. Shunday paytlari o‘z mashinangizda itlarga talanmasdan uyga ketganingizga hech narsa yetmas ekan. Hozir faqat mashina olish uchun ishlayapman. Bitta mashina olsam bo‘ldi, bu yerlarga qaytib kelmayman.  O‘zbekistonda mutaxassisligim bo‘yicha biror ishga joylashib, oilam bag‘rida yashayman.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi. 

Muharrir: Dilshod Sharipov.