O‘zbekiston futzal terma jamoasi Jahon chempionati guruh bosqichi 3-turi doirasida 18-sentabr, shanba kuni Misrga qarshi bahs olib bordi.

Foto: Getty Images

Uchrashuv tezkor gol bilan boshlandi. 2-daqiqada Husniddin Nishonov kuchli zarbasi bilan hisobni ochdi. Birinchi bo‘lim yakunida esa Mustafa Eid o‘zbekistonlik futzalchilarning xatosi tufayli muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘ldi.

34-daqiqada Anasxon Rahmatov yon chiziqdan oshirilgan to‘pni super zarbasi bilan misrliklar darvozasiga joylab qo‘yib, O‘zbekistonga g‘alaba keltirdi.

Guruhning ikkinchi o‘yinida RFI (Rossiya) Gvatemalani 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Shu tariqa O‘zbekiston B guruhida 3 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallab, keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Dastlabki ikki bahsda O‘zbekiston RFI (2:4) va Gvatemalaga (4:5) mag‘lub bo‘lgandi.

Foto: “Sport TV”

Qayd etish joiz, O‘zbekiston futzal terma jamoasi o‘z tarixida ilk marta Jahon chempionatining pley-off bosqichiga yo‘l oldi. O‘zbekiston 2016-yili Kolumbiyada o‘tgan o‘zining birinchi Jahon chempionatidagi ishtirokini guruh bosqichida yakunlagandi.

Terma jamoa 1/8 finalda F guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan jamoa bilan bahs yuritadi. F guruhida hozirda Argentina va Eron terma jamoalari 6 ochkodan jamg‘argan. Guruh g‘olibi 20-sentabr kuni bo‘lib o‘tadigan bahsda aniq bo‘ladi.

JCh—2021

3-tur bahsi

18-sentabr, shanba

O‘zbekiston — Misr 2:1

Gollar: 1:0 — 2 Nishonov, 1:1 — 19 Eid, 2:1 — 34 Rahmatov.

O‘zbekiston: Ravshan Eliboyev, Ixtiyor Ropiyev, Ilhom Hamroyev, Husniddin Nishonov, Davron Choriyev.

Zaxira: Rustam Umarov, Abbos Elmurodov, Anasxon Rahmatov, Mashrab Odilov, Muzaffar Ahadjonov, Dilshod Rahmatov, Akbar Usmonov, Xushnur Erkinov, Sunnatilla Jo‘rayev.