Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov 13-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida kelgusi yillarda soliqlarning kamayishi O‘zbekiston budjeti daromadlariga qanday ta’sir qilishi haqida ma’lumot berdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturida, 2023-yildan QQS 15 foizdan 12 foizgacha, 2022-yildan mol-mulk solig‘i 2 foizdan 1,5 foizga, ayrim toifadagi tadbirkorlik uchun daromad solig‘i 20 foizdan 15 foizgacha kamaytirilishini ma’lum qilgandi.

“Albatta, bu budjet daromadlariga yetarlicha ta’sir qiladi. QQS stavkasini 15 foizdan 12 foizgacha tushirish uchun biz katta tayyorgarlik ishlarini ko‘rishimiz kerak. Birinchidan, QQS bo‘yicha berilgan barcha imtiyozlarni bekor qilish masalasi bor, shuningdek, QQS yig‘ilishini, ya’ni [soliq] ma’murchiligini va boshqalarni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish kerak”, — dedi moliya vazirining o‘rinbosari.

Haydarovning ma’lum qilishicha, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, “katta yo‘qotishlar bo‘lmaydi”. Moliya vaziri o‘rinbosari soliq tushumlari yetishmasligining bir qismi yuqoridagi chora-tadbirlar, shuningdek, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish hisobiga qoplanishini kutmoqda.

“Daromad solig‘i stavkasini 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirish to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘qotishlarga olib keladi. Ammo agar bu korxonalarning aksariyati davlat mulki ekanini hisobga olsak, ularning dividendlar ko‘rinishidagi daromadi o‘sadi.

Zararlarning bir qismi faqat dividendlar bo‘yicha soliq bilan qoplanadi. Qolaversa, bu korxonalarda ishlab chiqarishning kengayishi hisobiga biz boshqa soliqlardan tushadigan daromadlarni oshirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz”, — dedi Haydarov.