Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Yevgeniy Zinichev 56 yoshida, Norilskdagi harbiy mashg‘ulotlar chog‘ida vafot etdi, deb yozadi “Kommersant”. Ma’lumotni Favqulodda vaziyatlar vazirligi tasdiqlagan.

Foto: “Kommersant”

“Shuni afsus bilan ma’lum qilamizki, Norilskda Arktika zonasini favqulodda vaziyatlardan himoya qilish, odamlarning hayotini saqlab qolish bo‘yicha idoralararo mashg‘ulotlarda, favqulodda vaziyatlar vaziri Yevgeniy Zinichev fojiali tarzda vafot etdi”, — deyiladi xabarda.

“RBK” o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, Zinichev mashg‘ulotlarga oid syomka paytida vafot etgan. Vazir suratga olish guruhining jarlik chetida sirg‘alib ketgan a’zosini ushlab qolishga uringan. Nashr suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, suratga olish guruhi xodimi ham vafot etgan.

RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyanning aytib berishicha, Yevgeniy Zinichev operator bilan birga jarlik chetida turgan. “Operatorning oyog‘i toyib, suvga tushib ketdi. Zinichev uning ortidan o‘zini suvga tashladi va turtib chiqqan toshga urildi”, — deb yozadi muharrir o‘z Telegram kanalida.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov voqea haqida davlat rahbari Vladimir Putinga xabar berilganini aytdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari Aleksandr Chupriyan vaqtincha vazirlik rahbari vazifasini bajaradi.

Avvalroq FVV Zinichev Krasnoyarsk o‘lkasiga xizmat safari doirasida Norilskdagi yangi o‘t o‘chirish punkti qurilishining borishini tekshirgani va Dudinskiy-Arktikadagi qidiruv-qutqaruv guruhiga tashrif buyurgani haqida xabar bergandi.

FVV rahbari Arktika zonasida keng ko‘lamli mashg‘ulotlar o‘tkazilayotgani munosabati bilan mintaqada bo‘lib turgan. Mashg‘ulotlarda 6 ming mutaxassis ishtirok etmoqda.

Yevgeniy Zinichev 1966-yil 18-avgustda tug‘ilgan. U avvaliga armiyada, keyin davlat xavfsizlik idoralaridagi turli lavozimlarda xizmat qilgan. 2015-yilda general-mayor unvoni bilan Federal xavfsizlik xizmat(FXX)ning Kaliningrad viloyati boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan. 2016-yilda u avval Kaliningrad viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi, keyin FXX direktori o‘rinbosari bo‘ldi. Yevgeniy Zinichev 2018-yil may oyidan buyon Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari lavozimini egallab kelayotgandi.