Dunyo va o‘zbek sportiga oid 1-sentabr kunining muhim xabarlari dayjesti bilan tanishing.

O‘zbekiston

Tokio shahrida Paralimpiya o‘yinlari davom etmoqda. 1-sentabr kuni musobaqada 4 nafar o‘zbekistonlik atlet o‘z omadini sinab ko‘rdi. Sabina Suxanova T37 klassida 100 metrga yugurish bo‘yicha saralash bahslarida 13.91 soniya vaqt bilan marraga 4-o‘rinda yetib keldi va final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Suxanova ishtirokidagi final bahsi 2-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 06:37 da boshlanadi.

Para-suzuvchi Shohsanamxon Toshpo‘latova S13 klassida 100 metr masofaga brass usulida suzish bo‘yicha final bahslarida 1:19,99 daqiqa vaqt bilan marraga oltinchi bo‘lib keldi.

Firdavsbek Musabekov ham S13 klassida 100 metr masofaga brass usulida suzishda final bahslarida ishtirok etib, 1:05,85 daqiqa vaqt bilan marraga 4-bo‘lib yetib keldi.

Yana bir para-suzuvchi Nigoraxon Mirzohidova esa S13 klassida 100 metr masofaga brass usulida suzish bo‘yicha saralash bahslaridan o‘ta olmadi. Mirzohidova ushbu masofani 1:28,12 daqiqada bosib o‘tdi.

Jahon

Foto: “Atletiko M”

“Barselona” hujumchisi Antuan Grizmann “Atletiko M”ga qaytdi. Madrid klubi fransiyalik futbolchini sotib olish majburiyati bilan bir mavsumga ijaraga oldi. Shuningdek, shartnomada ijara muddatini yana bir mavsumga uzaytirish bandi mavjud.

“Atletiko” Grizmann ijarasi uchun 10 million yevro to‘laydi, sotib olish esa 40 million yevroga tushadi.

Foto: Twitter

“Barselona” Lionel Messining bo‘sh qolgan 10-raqamini Ansu Fatiga berdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi. Fati ungacha 31-raqam ostida harakat qilardi.

Foto: “Manchester Siti” FK

“Manchester Siti” darvozabon Ederson bilan shartnomani uzaytirdi. “Shaharliklar” 28 yoshli braziliyalik posbon bilan 2026-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan yangi bitim imzoladi.

Krishtianu Ronalduning qaytganiga qaramay Erling Holand “Manchester Yunayted”ning asosiy transfer maqsadi bo‘lib qolmoqda, deb yozadi ESPN.

Foto: Twitter

Shuningdek, 21 yoshli norvegiyalik futbolchiga “Real”, “Manchester Siti”, “PSJ” va “Bavariya” klublari qiziqish bildirmoqda.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!