Yevropada 31-avgust, seshanba kuni 2021-yilgi yozgi transfer oynasi yopildi. “Daryo” dedlayn kunining so‘nggi soatlarida amalga oshirilgan transferlarini ushbu sahifa orqali yoritib bordi.

Foto: Twitter

“Manchester Yunayted” Krishtianu Ronaldu transferini rasman e’lon qildi. “Yuventus” ham hujumchining ingliz klubi bilan shartnoma imzolanganini tasdiqladi.

36 yoshli portugaliyalik “qizil iblislar” bilan ikki yillik shartnoma imzoladi. Shuningdek, bitimga uni yana bir yilga uzaytirish bandi kiritilgan.

Foto: “Manchester Yunayted”

Avvalroq “Manchester Yunayted” Ronaldu transferi uchun Turin klubiga 15 million yevro to‘lashi va bu summa 5 yil ichida to‘lab bo‘linishi haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, 8 million yevro miqdorida bonuslar ham ko‘zda tutilgan.

“Arsenal” Villian bilan o‘zaro kelishuv asosida shartnomani bekor qildi. Braziliyalik futbolchi “Korintians” klubiga o‘tadi.

Troy Din 11 yillik faoliyatidan so‘ng “Uotford”ni tark etdi. U Chempionship vakili “Birmengem” bilan ikki yillik shartnoma imzoladi.

Foto: “Yuventus”

Moyzi Kin “Yuventus”ga qaytdi. Turin klubi Kinni 2023-yilgacha ijaraga olgan. Kin ikki yil oldin “Yuventus”dan “Everton”ga o‘tgandi. Futbolchi o‘tgan mavsumni “PSJ” safida ijarada o‘tkazdi.

“SSKA” yarim himoyachisi Nikola Vlashich faoliyatini Angliya chempionatida davom ettiradi. “Vest Hem” 23 yoshli xorvatiyalik futbolchi bilan 5 yilga mo‘ljallangan shartnoma imzoladi.

“Brayton” “Xetafe” yarim himoyachisi Mark Kukurelyani o‘z safiga qo‘shib olganini e’lon qildi. Ingliz klubi 23 yoshli ispaniyalik bilan 5 yillik shartnoma imzolagan.

“Atalanta” “AZ Alkmar” yarim himoyachisi Tyon Kopmeynersni sotib oldi. 23 yoshli Kopmeyners Niderlandiya terma jamoasi a’zosi hisoblanadi.

“Chelsi” Denni Drinkuoterni Chempionship vakiliga ijaraga berib yubordi. Yarim himoyachi “Reding” safida kamida bir mavsum davomida harakat qiladi.

Foto: Twitter

“Real” Eduardo Kamavingani o‘z safiga qo‘shib oldi, deb yozmoqda taniqli jurnalist va insayder Fabrisio Romano. Romanoga ko‘ra, “Renn” va “Real” 18 yoshli futbolchining transferi borasida kelishuvga erishgan va futbolchi “qirollik klubi” bilan shartnomaga ham imzo chekkan. Madrid klubi ham ushbu transferni rasman e’lon qildi. Tomonlar 2027-yilgacha shartnoma imzolagan.

Madridliklar fransiyalik yosh iqtidor egasi uchun 31 million yevro sarflagani aytilmoqda.

“Volfsburg” va Xorvatiya terma jamoasi himoyachisi Marin Pongrachich faoliyatini “Borussiya D” klubida davom ettiradi. “Arilar” 23 yoshli futbolchini ijaraga olgan.

Foto: “Torino”

“Lester” yarim himoyachisi Dennis Prat faoliyatini Italiya chempionatida davom ettiradi. 27 yoshli yarim himoyachi “Torino”ga ijaraga berildi. Shartnomada futbolchini sotib olish bandi mavjud.

Foto: “Leypsig FK”

“Barselona” yarim himoyachisi Ilaysh Moriba “Leypsig” futbolchisiga aylandi. Nemis klubi 18 yoshli futbolchiga 16 million yevro va qo‘shimcha 6 million yevro bonus to‘lagan. Bundan tashqari, “Barselona” futbolchining keyingi sotuvidan ham 10 foiz ulush oladi.

“Arsenal” yarim himoyachisi Ris Nelson faoliyatini Niderlandiya chempionatida davom ettiradi. “Feyenoord” 21 yoshli futbolchini bir mavsumga ijaraga olgan.

Foto: Twitter

“Manchester Yunayted” Deniel Jeymsni “Lids”ga sotib yubordi. Uelslik futbolchi “Lids” bilan 2026-yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi.

“Yuventus” PSV yarim himoyachisi Muhammad Ihattaren bilan shartnoma imzolanganini e’lon qildi. Futbolchi katta ehtimol bilan “Sampdoriya”ga ijaraga beriladi.

Foto: “Atletiko M”

Antuan Grizmann “Atletiko M”ga qaytdi. Madrid klubi uni “Barselona”dan bir yilga ijaraga oldi. “Atletiko M” Grizmann ijarasi uchun 10 million yevro to‘laydi. Futbolchini sotib olish esa 40 million yevroga tushadi.

Foto: “Atletiko M”

Saul Niges faoliyatini “Chelsi”da davom ettiradi. Madrid klubi futbolchini “aristokratlar”ga ijaraga bergan. Saulning bir yillik ijarasi 4 million yevroni tashkil qiladi. Shuningdek, 35 million yevroga sotib olish huquqi ham ko‘zda tutilgan.

Xose Salomon Rondon erkin agent sifatida “Everton” bilan “2+1” ko‘rinishida shartnoma imzoladi.

“Arsenal” “Bolonya”dan Takexiro Tomiyasuni sotib oldi. Transfer summasi 18 million yevroga baholanmoqda.

22 yoshli futbolchi “kanonirlar” bilan uzoq muddatli shartnoma imzolagan.

Foto: “Arsenal”

“Arsenal” Ektor Belyerinni “Betis”ga ijaraga berdi. Ijara muddati bir yilga mo‘ljallangan.

“Barselona” Emerson Royalni “Tottenhem”ga transfer qildi. “Shporlar” 22 yoshli braziliyalik futbolchi uchun “Barselona”ga 25 million yevro bergan.

Foto: “PSJ”

“PSJ” “Sporting” himoyachisi Nunu Mendeshni sotib olish huquqi bilan ijaraga oldi. Ijara muddati yakunlangach, parijliklar Portugaliya jamoasiga 40 million yevro to‘laydi va Mendesh bilan 5 yillik shartnoma imzolaydi.

“Tottenhem” Serj Orye bilan shartnomani bekor qildi.

PSV “Benfika” hujumchisi Karlos Vinisiusni ikki yilga ijaraga oldi.

Foto: “PSJ”

“Sporting” “PSJ” yarim himoyachisi Pablo Sarabiyani mavsum oxirigacha ijaraga oldi.

“Lester” “Leypsig” hujumchisi Ademola Lukmanni mavsum oxiriga qadar ijaraga oldi. Lukman o‘tgan mavsumni “Fulhem” safida ijarada o‘tkazgandi.

Keyta Balde “Monako”ni tark etib, erkin agent sifatida “Kalyari” safiga qo‘shildi.

Foto: “Barselona”

“Barselona” “Sevilya” hujumchisi Lyuk de Yongni o‘z safiga qo‘shib olganini e’lon qildi. De Yong 2022-yilning 30-iyuniga qadar katalon klubida ijarada bo‘ladi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!