Grenlandiyaning eng baland nuqtasida joylashgan Summit Camp ilmiy-tadqiqot stansiyasi 2021 yil 14 –avgust kuni yetti soat to‘xtovsiz davom etgan yomg‘irni qayd etdi, yomg‘ir keyin qorga aylangan. Qor va muz bo‘yicha ma’lumotlar milliy markaziga ko‘ra, bu dengiz sathidan 3216 metr balandlikdagi Grenlandiyada ilmiy kuzatuvlar tarixida qayd etilgan birinchi yomg‘ir.

Foto: Shutterstock

Yomg‘ir havoning kuchli isishidan kelib chiqqan, hududda harorat to‘qqiz soat davomida musbat bo‘lib turgan. Bu holat avval ham kuzatilgan — oxirgi 10 yil ichida uchinchi marta havo harorati 0 dan yuqori bo‘ldi, lekin hozirgi haroratning ko‘tarilishi shunchalik uzoq davom etganidan Grenlandiya muz qatlamining eng yuqori nuqtasida yomg‘ir yog‘ishiga olib keldi. Grenlandiyada yomg‘ir yog‘ishi va g‘ayritabiiy iliq havo tufayli 14—16-avgust kunlari jami 872 ming kvadrat kilometr maydonda muzliklar erib ketdi.

Bundan ikki hafta oldin ham, Grenlandiyada issiq havo to‘lqini tufayli muzliklarning katta qismi erigan edi. Harorat mavsumiy me’yordan 2,5 baravar yuqori bo‘lgan — meteorologik stansiyalar orolning eng shimolida 20 gradusni, shimoli-sharqda esa rekord darajadagi 23,4 gradusni qayd etgan. Shu sababli Grenlandiya bir hafta davomida kuniga sakkiz milliard tonnadan muz yo‘qotdi — bu yozdagi o‘rtacha me’yordan  ikki baravar ko‘p.

Olimlar ushbu g‘ayritabiiy hodisalarning sababini global isish deb atamoqda: iqlim o‘zgarishi tufayli, Yer qutblarining atrofida joylashgan mintaqalarda o‘rtacha harorat o‘rta va quyi kengliklarga qaraganda ikki-uch baravar tez ko‘tarilib bormoqda.

Avvalroq Grenlandiyadagi eng katta muzlik bo‘laklarga bo‘linib ketgani to‘g‘risida xabar berilgandi.