Inson har qanday holatda erkin bo‘lishi kerak, shundagina u to‘laqonli yashaydi. Albatta, erkinlik degani tartib-qoidalarga bo‘ysunmaslik kerak degani emas. Hayot tartibsiz izdan chiqadi. Lekin tabiiylikka zid tartib-qoidalar ham hayotni og‘irlashtiradi, o‘rinsiz qiyinchiliklar yaratadi. Bu narsa tilda, jumladan, imloda ham ko‘zga tashlanadi. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shu mavzuda so‘z yuritadi.

Islohtalab qoidalar

Illyustratsiya: “Daryo” / Dilzoda Hamidjonova

1995-yil 24-avgustda “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari” tasdiqlangan. O‘tgan yillar mobaynida qoidalar tildagi juda ko‘p hodisalarni qamrab olmagani, tuzatishlarga muhtoj ekani sezilib qoldi. Lekin unga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmadi. Hozir oddiy foydalanuvchilar orasida ham, ilmiy jamoatchilik orasida ham lotin alifbosi isloh bo‘lishi va ana shu jarayonda imlo qoidalariga o‘zgartirishlar kiritilishiga umid bog‘layotganlar ko‘p.

Oddiy sentyabr-sentabr muammosi haligacha yechilmagani til sohasidagi egasiz muammolarning bittasi, xolos. Tinish belgilarini qo‘llash va o‘zlashma so‘zlarni ifodalashdagi yanglish yondashuvlarni, imlo lug‘atlaridagi xilmaxilliklar, izohli lug‘at, imlo lug‘atlari va milliy ensiklopediyadagi ayrichaliklarni to‘g‘rilash kabi masalalar ko‘p yillardan beri yechimini kutib yotibdi.

Yangi imlo qoidalarini qabul qilishda keng jamoatchilikdan fikr va takliflar olinishi kerak deb hisoblayman. Qoidalar muhokamaga qo‘yilishi, unga mutaxassislar ham, nomutaxassislar ham taklif va tuzatishlarini berishlari kerak. Asosli va mantiqli fikrlar albatta inobatga olinishi zarur. Imlo qoidalari olimlar, jurnalistlar, davlat xizmatchilari yoki blogerlar uchungina emas. U alaloqibat hamma uchun — butun xalq uchun.

Amaldagi imlo qoidalaridagi, imlo qoidalariga kirmagan bo‘lsa-da, odatda aylanib, qoidaday ko‘rina boshlagan, lekin til tabiatiga va mantiqiga zid ba’zi holatlar haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Ular yangi imlo qoidalarida to‘g‘rilanishi kerak. Asosiy maqsad — o‘zbek tili tabiatiga mos, ma’noni tushunarliroq ifodalashga xizmat qiladigan imlo qoidalariga ega bo‘lish.

Rus tili imlo qoidalariga qaramlik

Illyustratsiya: “Daryo” / Dilzoda Hamidjonova

Rus tili — juda boy, fikrni keng qamrovda ifodalash imkoniga ega bo‘lgan til. Uning imlo va punktuatsiya qoidalari anchagina puxta ishlangan, takomillashtirilgan. O‘zbek tilining kirill imlosidagi qoidalariga rus tili orfografiyasi, punktuatsiyasi asos qilib olingan. Ammo orada o‘zbek tili tabiatiga zid tartib-taomillar ham ko‘r-ko‘rona o‘zlashtirilgan holatlar yo‘q emas.

Amaldagi imlo qoidalari o‘zbek lotin alifbosini nazarda tutib ishlangan bo‘lsa-da, kirill yozuvidagidek ruschaga qaramlik, o‘zlashma so‘zlarni rus tili orqali olishga ishtiyoq sezilib qolgan o‘rinlar bor. Jumladan, qoidalarning 48-bandida shunday deyiladi:

Rus tilidan aynan o‘zlashtirilgan yoki so‘zma-so‘z tarjima qilish yo‘li bilan hosil qilingan qo‘shma so‘zlar qo‘shib yoziladi: kinoteatr, radiostansiya, fotoapparat, elektrotexnika; teleko‘rsatuv, yarimavtomat, bayramoldi, suvosti kabi.

Bu yerda “rus tilidan aynan” o‘zlashtirish haqida gap boradi. Nega aynan o‘zlashtirish kerak? Axir o‘zbek tili alohida tabiatli, boshqa til oilasiga mansub til-ku! So‘zlarni aynan va muayyan bir til orqaligina o‘zlashtirish erkinlik hissi yetishmasligidan.

48-bandda keltirilgan barcha so‘zlarning imlosiga qo‘shilish mumkin. Ular o‘zbek tilida qo‘shma so‘z va bitta tushunchani ifodalaydi. Lekin bu qoida har doim ham o‘rinli emas. Hozir kirill va lotin yozuvlaridagi eng keng qamrovli lug‘at 2013-yili “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan lug‘atlardir. Ushbu lug‘atlarda, balki, 48-banddagi qoidaga amal qilish istagi bilandir, yarimdoira, yarimhalqa, yarimkecha, yarimochiq, yarimtun, yarimo‘lik kabi so‘zlar ham qo‘shib yozilgan. Rus tilida bitta so‘z hisoblangan, qo‘shib yozilgan har qanday so‘z o‘zbek tilida ham shunday yozilavermaydi. Bu holat ayniqsa yarim kecha va yarim tun so‘zlarida yaqqol ko‘rinadi. Ruschada полночь degan so‘z qo‘shib yozilgani uchun uning tarjimasini o‘zbekchada ham qo‘shib yozishimiz kerakmi? Yarim soat, yarim asr, yarim oy kabi birikmalar-chi? O‘zbek tilida qo‘shma so‘z hisoblanmaydigan bunday birikmalar ajratib yozilishi kerak.

Sifatlovchili o‘zlashma so‘zlar imlosi

Illyustratsiya: “Daryo” / Dilzoda Hamidjonova

Tilimizga yangi-yangi so‘zlar kirib kelyapti. Aksariyati ingliz tilidan. Yangi tushunchalarga ko‘pincha ot qo‘ya olmayapmiz, atamalarni shundayicha qabul qilyapmiz. Biroq shuni ham juda do‘ndirayotganimiz yo‘q. Aksariyat hollarda rus tili orqali olyapmiz. Bu imloda ham sezilyapti. Ayniqsa, sifatlovchili o‘zlashma so‘zlarda o‘zbekchaga xos bo‘lmagan imloga ko‘zimiz o‘rganib ketganidan, to‘g‘risini xato, xatosini to‘g‘ri deb qabul qila boshladik.

Sifatlovchi o‘zi nima? Hokim bo‘lakdan anglashilgan narsaning belgisini bildirib, qanday, qanaqa, qaysi, qancha so‘roqlariga javob bo‘lgan aniqlovchiga sifatlovchi aniqlovchi deyiladi. Masalan, qizil olma so‘zida qizil sifatlovchi aniqlovchi, u olmaning qandayligini sifatlayapti. Xuddi shu qolipdagi birikmalarni biz rus tili imlosi ta’sirida chiziqcha bilan yozaveramiz. Aslida chiziqcha mutlaqo ortiqcha. Qizil olma so‘zi orasiga defis qo‘ymaymiz-ku.

Ba’zi so‘zlar misolida ko‘rib chiqsak.

Hotdog so‘zi inglizcha hot va dog so‘zlaridan. U tezpishar ovqat turini, ya’ni bitta tushunchani anglatgani uchun qo‘shib yozilishi kerak. Rus tilida chiziqcha bilan yoziladi: хот-дог. Bu rus tili uchun to‘g‘ri, chunki rus tili orfografiyasida shunday qoidaga amal qilinadi.

Bu so‘zni xotdog, xot dog yoki xot-dog shaklida qattiq bilan yozish xatodir. So‘z inglizcha, inglizchada h tovushi bilan aytiladi va u haqiqat, himoya, hudud kabi so‘zlarda qatnashgan bo‘g‘iz tovushiga juda yaqin talaffuz qilinadi. Shu sababli h bilan yozish kerak. Bunga o‘xshash holatlar juda ko‘p.

Endi ajratib yoziladigan so‘zlarga kelsak. Internet provayder, hosting provayder, internet banking, onlayn maktab, onlayn dars, onlayn muloqot, veb sayt (yoki vebsayt), veb portal, veb kamera, ofis menejer kabi so‘zlar ham hech qanday chiziqchasiz yoziladi. Chunki so‘z birikmasidagi birinchi so‘z keyingisini sifatlab kelyapti va qanday so‘rog‘iga javob bo‘lyapti: qanday provayder — internet provayder, qanday maktab — onlayn maktab, qanday menejer — ofis menejer. Bunday so‘zlar orasiga chiziqcha qo‘yish xuddi qizil-olma deb yozishga o‘xshaydi.

Amaldagi imlo qoidalaring 54-bandida aytiladi:

Rus tilidan aynan yoki so‘zma-so‘z tarjima qilish yo‘li bilan olingan so‘zlar asliga muvofiq chiziqcha bilan yoziladi: unter-ofitser, kilovatt-soat kabi.

Bu yerda ham yuqoridagi kabi rus tilidan aynan olishga urg‘u berilgan. Bu — xato yondashuv. O‘zlashma so‘zni o‘zbek tili tabiatiga mos olish kerak. O‘zbekchada aniq qoida ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, asliyatga e’tibor berish kerak, vositachi tilga emas.

Unter-ofitser so‘zi asli nemischa ekan. Asliyatda qo‘shib yozilar ekan.

Quyida shunga o‘xshash so‘zlarning asliyati, ruscha va o‘zbekchadagi imlosi aks etgan kichik jadval bilan tanishasiz:

2013-yilgi lug‘atlarga yuqorida tilga olingan so‘zlarning ba’zilari kiritilgan, xolos: xot-dog, xosting, on-layn, veb-sayt. So‘zlarni bu shaklda yozish o‘zbekchaga xos emas.

Xorijiy joy nomlari — eng ko‘p xato yoziladigan so‘zlar

Illyustratsiya: “Daryo” / Dilzoda Hamidjonova

Xorijiy joy nomlarini yozishda ham ruschadan ko‘chirishga odatlanganmiz. Nega bunday qilayotganimiz, aslida boshqacha yozilishi kerakligi haqida deyarli o‘ylab ko‘rmaymiz.

Rus tilida qo‘shma so‘z yoki sifatlovchili birikma shaklidagi joy nomlari chiziqcha bilan yoziladi va bu rus tili uchun to‘g‘ri. So‘zlar asliyatda qo‘shib yoki ajratib yozilishi rus tili uchun ahamiyatsiz, u chiziqcha ishlatadi — tamom. Masalan, rus tilida O‘rtabuloq toponimi Урта-Булак shaklida, Mirzo Ulug‘bek tumani nomi Мирзо-Улугбекский район shaklida yoziladi. O‘zbekchada esa qo‘shma so‘zlar va sifatlovchili birikmalar chiziqcha bilan yozilmaydi. Bizda juft va takror so‘zlar orasiga chiziqcha qo‘yiladi.

Rus tili ishlangan, qoidalari har tomonlama pishitilgan, ko‘p o‘rganilgan til. Ruschada hatto joy nomlari lug‘ati ham bor. Unga 40 000 ta toponim kiritilgan ekan. O‘zbekchada esa, afsuski, bunday lug‘at yo‘q. Davlat tilini rivojlantirish uchun shunaqa lug‘atlar ham tayyorlash kerak, menimcha.

To‘g‘ri, rus tilidan o‘rganish kerak, joy nomlarini ba’zida o‘zgarishsiz ham olish mumkin. Lekin har doim emas.

H tovushli toponimlar g bilan olinganini sharhsiz aytib o‘tsak, yetarli. Chunki bu masalaga alohida to‘xtalamiz. Bunday so‘zlar juda ko‘p. Gollandiya emas, Hollandiya; Gonduras emas, Honduras va hokazo.

Nyu York shahri nomini ko‘pincha Nyu-York deb yozamiz. Asliyatda New York, Yangi York degan ma’noda. Sifatlovchili joy nomlari, masalan, Yangi Marg‘ilon, Ko‘hna Urganch, Katta Qozirabod o‘zbek tilida ajratib yoziladi. Demak, nomi mazmunan o‘xshash bo‘lgan Nyu Yorkni ham chiziqchasiz yozish zarur. Aytmoqchi, men ь harfini o‘zbek tili uchun mutlaqo ortiqcha deb bilaman. Mavridi kelsa, bu haqda alohida yozaman.

Kot d’Ivuar so‘zi fransuzchada République de Côte d’Ivoire shaklida yoziladi. Lekin ruscha variantida chiziqcha orttirilgan. O‘zbek tilida chiziqcha kerak emas. D harfidan keyin kelgan apostrof belgisi rus tili alifbosida yo‘q. Lekin u yaqinda yozuvdagi yangi belgi turkumiga —noharfiy orfografik belgilar qatoriga kiritilibdi. O‘zbek tilida ham shu va shunga o‘xshash holatlar imlo qoidalariga kiritilishi kerak.

Rio de Janeyro shahri nomi ham ruschada Рио-де-Жанейро shaklida yoziladi. O‘zbekchada chiziqchalar mutlaqo ortiqcha. Bu shahar nomi portugalchada Rio de Janeiro shaklida yoziladi va yanvar daryosi ma’nosini beradi.

Mayli, kimlarningdir g‘ashiga tegsa ham aytay. Hatto Sankt-Peterburg shahri nomini ham chiziqchasiz yozish kerak. U asli nemischa, dastlabki niderlandcha shakli Sankt Pieter Burch bo‘lgan. Ma’nosi — Avliyo Pyotr shahri. Lekin buni qabul qilish o‘ta-o‘ta qiyin bo‘lsa kerak.

Bizda joy nomlari lug‘ati yo‘q. Foydalanuvchilar bu borada ikkilanib qolganda ko‘pincha milliy ensiklopediyaga murojaat qiladi. Afsuski, milliy ensiklopediya joy nomlari imlosini aksar holatlarda ruschadan aynan ko‘chirib qo‘ya qolgan.

Quyida ba’zi xorijiy joy nomlarining solishtirma imlosi berilyapti. Aslida ruschadagidan farqli yozilishi kerak bo‘lgan joy nomlari juda ko‘p.

“H” tovushli o‘zlashma so‘zlar imlosi

Illyustratsiya: “Daryo” / Dilzoda Hamidjonova

Rus tilida yumshoq h tovushi yo‘q, ruslar h tovushini talaffuz qilolmaydi va uning o‘rniga g deb aytadi. Ammo bu nuqson emas. Til xususiyati shunday. Til o‘zida bo‘lmagan tovush(lar)ni o‘ziga moslab, o‘zi eshitgan va tushunganday ifodalaydi. Bu — tilning mustaqillik huquqi. O‘zbek tilida esa h tovushi bor, uni talaffuz eta olamiz. Biroq o‘tgan asrda o‘zlashma so‘zlar rus tili orqali olingani uchun biz ularni ruslar qanday talaffuz qilsa, shundayligicha qabul qildik.

Mustaqillik arafasida va undan keyin asliyatga mos shaklda o‘zlashtirishlar, asliyatga mos shaklda yozishlar iste’molga kirdi. Lekin to‘liq emas. Quloq o‘rgangan, qonga singib ketgan so‘zlarni boshqacha talaffuz qilishga, yozishga o‘rganish oson kechmaydi. Bu ba’zida kulgili, ba’zida behuda qaysarlik, gohida esa oliftalikdek tuyulishi mumkin. Masalan, gidro- so‘zini hidro-, gibrid so‘zini hibrid deb aytish yo yozishni tasavvur qilib ko‘ring.

O‘tgan o‘ttiz yillik vaqt mobaynida asosan atoqli otlar va joy nomlarini asliyatga mos yozishga nisbatan ko‘nika oldik. Masalan, Humbolt, Hyugo kabilar.

Xo‘sh, qaysi yo‘l to‘g‘ri? Qaysi birini qo‘llash kerak? Bu borada aniq bir qoida yo‘q. Shaxsiy tanlovga ko‘ra qo‘llanadi. Fikrimcha, o‘rta yo‘lni tanlagan ma’qul: ommalashib ketgan, hamma o‘rgangan so‘zlarning amaldagi imlosini taqiqlamaslik, ammo iloji boricha asliyatga mos imloni qo‘llash kerak. Ya’ni Gitler deb yozgan kishini qoralamaslik, lekin Hitler deb yozish zarur. H tovushi qatnashgan uncha mashhur bo‘lmagan va yangi o‘zlashma so‘zlarni faqat h bilan o‘zlashtirish darkor. Bunda Gyoteni Hyote deb olishga o‘xshash qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun chet so‘zlarni asliyatga solishtirib olish kerak.

Bunday yozish bilan nima o‘zgaradi? Osmon uzilib yerga tushadimi? Yo‘q, lekin til mustaqilligi sari kichik bir qadam tashlanadi.

Yonma-yon undoshlar: o‘qilmaydigan harf nega kerak?

Imlo qoidalarining 31-bandida yonma-yon keladigan undoshlarning imlosi bo‘yicha shunday qoida belgilangan:

Metall, kilogramm, kilovatt, kongress kabi o‘zlashma so‘zlar oxirida bir undosh aytilsa ham, ikki harf yoziladi. Lekin bunday so‘zga xuddi shu tovush bilan boshlanadigan qism qo‘shilsa, so‘z oxiridagi bir harf yozilmaydi: metall + lar = metallar, kilogramm + mi = kilogrammi kabi.

Menimcha, yangilanadigan imlo qoidalarida bunga o‘zgartirish kiritish kerak. Yakka holda ham, qo‘shimchalar qo‘shilganda ham bitta harf yozilishi o‘zbek tili tabiatiga mosroq bo‘ladi.

Imlo talaffuzga qancha yaqin kelsa, tushunilishi ham shuncha osonlashadi.

Hozirgi qoidalarga ko‘ra yozilganda ba’zida tushunarsiz holatlar kelib chiqadi: kilogrammi.

Bunda nima nazarda tutilgan? “Kilogrammi?” deb so‘rayaptimi yo biror narsaning kilogrami haqida gap ketyaptimi?

Mann, Yohann, Pruss kabi kishi nomlari haqida ham shunday fikr aytish mumkin. Ularni ham Man, Yohan, Prus deb yozgan afzal.

Xullas, o‘zi talaffuz etilmaydigan va o‘quvchini chalkashtiradigan harfni saqlab qolishga hech qanday ehtiyoj yo‘q.

Albatta, masalaga konservativ yondashilsa, hech narsani o‘zgartirishning keragi yo‘q. Hamma o‘rgangan, odatlanib qolgan yo‘lni tutavergan ma’qul. Qolaversa, bu sal maydaroq masala ham bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Lekin bunday qarash bilan yangilanish va yaxshilanishlarga erishib bo‘lmaydi. Imlo — bizniki. Uning qulay, mantiqli va tilimizga mos bo‘lishi eng birinchi galda o‘zimizga kerak. Imlodagi mustaqillik — shaxsiy, milliy mustaqilligimizning bir parchasi.