Majburiy ijro byurosi Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan “Andijon dori-darmon” aksiyadorlik jamiyatida saqlanayotgan jami 650 million so‘mlik sifati kafolatlanmagan va iste’molga yaroqsiz dori vositalari yo‘q qilindi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Foto: MIB Andijon viloyat boshqarmasi

Aniqlanishicha, sudlar tomonidan taqdim qilingan hujjatlar hamda Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 15-iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan “Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g‘risida”gi nizomning tegishli bandlariga asosan, MIB Andijon shahar bo‘limi tomonidan sifati kafolatlanmagan va iste’molga yaroqsiz dori hamda tibbiyot vositalarini yo‘q qilish bo‘yicha maxsus tadbir o‘tkazilgan.

Foto: MIB Andijon viloyat boshqarmasi

Tadbir davomida jamiyat omborida saqlanayotgan umumiy qiymati 650 million so‘mni tashkil etuvchi, jinoyat ish materiallari bo‘yicha ashyoviy dalil hisoblangan 10 ming dona “Leykoplastir” nomli tibbiyot vositasi, 427 quti “Keto power”, 1805 quti “Erovir”, 428 quti “Skinni stix”, 248 quti “Otorin”, 1 327 quti “D-vision” nomli dori vositalari mutasaddi tashkilotlar ishtirokida “Ekotibbiyot” xususiy korxonasiga qarashli qurilish chiqindilar poligonida tashkil etilgan kuydirish pechida belgilangan tartibda yo‘q qilingan.