Yaponiyaning Tokio shahri mezbonlik qilayotgan Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 30-iyul kungi chiqishlarini yakunladi.

Dzyudo

+100 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Bekmurod Oltiboyev startni ko‘tarinki ruhda boshladi. U 1/16 finalda mo‘g‘ulistonlik Durenbayar Ulzibayarni ippon bahosi bilan yengib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. 1/8 finalda Olimpiadaning ikki karra sovrindori niderlandiyalik Henk Grol ippon orqali taslim etildi.

Foto: Turizm va sport vazirligi

Chorak finalda Oltiboyevga Rio Olimpiadasi chempioni Lukash Krpalek duch kelib qoldi. Qiyin kechgan bahsda Bekmurod raqibiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Qayd etish kerak, chexiyalik dzyudochi yakunda chempionlikni qo‘lga kiritdi. Mag‘lubiyatdan keyin Oltiboyev bronza medali uchun kurashadigan bo‘ldi. Biroq o‘tish bahsida ukrainalik Yakiv Xammoga yutqazib qo‘ydi.

Shu tariqa o‘zbekistonlik dzyudochilarning yakkalik bahslaridagi ishtiroki yakunlandi. O‘n nafar dzyudochidan faqat Davlat Bobonov bronza medaliga ega chiqdi, qolganlar esa musobaqani medalsiz tark etdi. 31-iyul kuni dzyudochilar jamoaviy bahslarda ishtirok etadi.

Boks

-69 kg vazn toifasida O‘zbekiston nomidan ishtirok etgan Bobousmon Boturov chorak finalda ushbu vaznning birinchi raqamli vakili Pet Makkormakka qarshi ringga ko‘tarildi. Teng kurashlar ostida kechgan bahsda hakamlar britaniyalik sportchining g‘alabasini qayd etdi.

Foto: Getty Images

Rayhona Qodirova (-60 kg) esa Olimpiadadagi ishtirokini 1/8 finaldan boshladi. Unga ushbu bosqichda Kongo DR vakili Yumba Naomiye duch keldi. Rayhona jangni ishonchli o‘tkazib, 5:0 hisobida g‘alaba qozondi va chorak finalga chiqdi. Uning keyingi bosqichdagi raqibi amaldagi jahon chempioni braziliyalik Beatris Ferreyra bo‘ladi.

Foto: Getty Images

Shu bilan Olimpiada chorak finaliga yo‘l olgan o‘zbekistonlik bokschilar soni ikki nafarga yetdi. Avvalroq Bahodir Jalolov bu ishni uddalagandi. 7 nafar bokschi musobaqalarni tark etdi.

Yengil atletika

Uch hatlab sakrash bo‘yicha O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Roksana Xudoyorova saralash bosqichida ishtirok etdi. Uchta urinishda u qayd etgan eng yaxshi natija 13,02 metrni tashkil qildi. Bu esa final yo‘llanmasi uchun kamlik qildi va Roksana Olimpiya o‘yinlaridagi ishtirokini yakunladi.

Foto: MOQ

Suzish

50 metrga erkin usulda suzish bo‘yicha O‘zbekiston nomidan ishtirok etgan Natalya Kritinina saralash bosqichidayoq o‘z yurishini to‘xtatdi. Kritinina marrani bosib o‘tish uchun 26.93 soniya vaqt sarfladi, bu esa yarim final yo‘llanmasi uchun kamlik qildi. Shu tariqa suzish sportida ham O‘zbekiston vakillarining ishtiroki yakunlandi.