Taniqli olim, publitsist, filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori Boybo‘ta Do‘stqorayev 79 yoshida vafot etdi. Bu haqda Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.

Foto: O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi jamoasi Boybo‘ta Do‘stqorayevning vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirgan.

Boybo‘ta Do‘stqorayev 1942-yil 12-noyabrda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi “Oqto‘nli” qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDU (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida 1969-yildan ish boshlagan bo‘lsa, qariyb yarim asrlik umrini o‘qituvchi sifatida shu sohada jurnalist kadrlar tayyorlashga hamda milliy matbuot tarixini izchil o‘rganishga bag‘ishlagan.

Boybo‘ta Do‘stqorayev dastlab adabiy tanqidchilik borasida tadqiqotlar olib borgan. 1986-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilganidan keyin, o‘zbek matbuot tarixini o‘rganishga kirishgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining “Jahon jurnalistikasi nazariyasi, amaliyoti va tarixi” kafedrasining mudiri sifatida faoliyat yuritgan. 2002-yil Prezident farmoni bilan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” sharafli unvoni bilan taqdirlangan.

Avvalroq akademik Nusrat Parpiyev 90 yoshida, Toshkent irrigatsiya instituti rektori O‘ktam Umurzoqov 68 yoshida vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.