O‘zbekistonning shimoliy hududlariga 27-iyul, seshanba kunidan boshlab Qozog‘iston orqali Volga bo‘yi hududidan nisbatan salqin havo massasi kirib keladi, deb xabar bermoqda “O‘zgidromet”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Qayd etilishicha, janubi-sharqiy hududlarda nisbatan issiq ob-havo saqlanib turadi. Havo harorati biroz pasayadi va 37-40 daraja, ba’zi joylarda janubda 42 darajagacha, shimolda 34-37 daraja atrofida bo‘ladi.

Keyingi kunlarda salqin havo massasi respublikaning barcha hududiga tarqaladi. Hafta davomida harorat asta-sekin pasayadi va juma kuniga kelib 33-35 darajani tashkil etadi va me’yoriy qiymatlarga yaqinlashadi. Ba’zi hududlarda esa iyul oyi oxiri uchun bo‘lgan o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan 2-3 daraja past bo‘ladi.

26—27-iyul kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 17-22 metr/sekundgacha kuchayishi kutilmoqda, ayrim hududlarda changli bo‘ron bilan 25-30 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.

Bundan avval “O‘zgidromet” 27-iyulda kutilayotgan ob-havo ma’lumotini e’lon qilgandi.