Niderlandiyalik Bernio Verhagen hikoyasi — o‘tkir syujetli film uchun tayyor ssenariy bo‘la oladi. Futbolchi — u o‘zini shunday ataydi, futbol o‘ynashni bilmasa ham professional klublarni qo‘pol qilib aytiladigan bo‘lsa, paypoq kabi almashtirgan. Murabbiylar va menejerlar firibgar qurboniga aylanganini tushungan vaqtda Bernio allaqachon juftakni rostlab qolgan bo‘lardi. Verhagen ketgani zahot u bilan birga o‘zi haqidagi hujjatlar ham o‘z-o‘zidan yo‘qolib qolardi. Niderlandiyalik baribir qamoqqa olindi, lekin tasodif tufayli: uni futbol menejerlari emas, fohishalar tutib berdi. Qanday qilib oddiy yigit zamonaviy sportning bosh firibgariga aylanib qolgani haqida quyida hikoya qilinadi.

Bernio Verhagen

Foto: “Viborg” FF

Verhagen familiyasi bilan bog‘liq g‘alati hodisalarni 2019-yilda Niderlandiyaning Vice Sport gazetasi bosh muharriri Sem van Raalte bir-biriga bog‘lagan. 2020-yil yozida The Athletic bu hikoyani to‘liq chop etdi. Maqolaning nomi: “Arvoh”: to‘qqiz oyda to‘rt jamoa, uch mintaqa. O‘tkazilgan o‘yinlar soni: nol.

“Shunchaki unga nima bo‘lganini bilmoqchi edim”

Barchasi 2019-yil iyun oyida Raalte Transfermarkt portalini kuzatayotganidan boshlandi. Jurnalist o‘zining navbatdagi intervyusi uchun qahramon qidirayotgan edi. Uning e’tibori dunyoning barcha chetlarida to‘p tepadigan niderlandiyalik, hali nomi chiqmagan futbolchilarga qaratilgandi. Bunday futbolchilarning ko‘pchiligida ajralib turadigan hech narsa yo‘q edi. Biroq ulardan birida bu jihat topiladi. Endi qahramon bor — “Dinamo-Avto” jamoasi bilan fevral oyida shartnoma imzolagan 25 yoshli Bernio Verhagen. To‘g‘ri, u bilan yozning boshidayoq shartnoma bekor qilingandi.

Bernio Verhagen

Foto: “Keyptaun Siti” FK

Birinchi qiziqarli ma’lumot, “Dinamo-Avto” klubi BMT davlatlari tomonidan alohida mamlakat emas, Moldovaning bir qismi deb tan olingan Pridnestrovyeda joylashgan. Ikkinchisi, Verhagen bungacha birorta rasmiy o‘yin o‘tkazmagani edi. “Ko‘rinishidan, u havaskor futbolchi bo‘lib, negadir dunyoning noaniq bo‘lgan qismiga borgan. Shunchaki u bilan nima bo‘lganini bilmoqchi edim”, — tan oldi van Raalte.

Tez orada jurnalist Bernioning Surinamda tug‘ilganini, lekin hayotining katta qismini Belgiya chegarasidan uncha uzoq bo‘lmagan Tilburg shahrida o‘tkazganini aniqlaydi. 25 yoshigacha uning futboldagi yagona tajribasi quyidagilar edi: “Villem II” (Niderlandiyaning yuqori divizioni — Eredivizida ishtirok etadigan, Tilburgda joylashgan jamoa) akademiyasidagi bir necha oylik ta’lim va ikki yil havaskor jamoalardagi faoliyati. “Futbolchi sifatida u hech kim edi, ammo bu uning Moldova sarguzashtlari haqidagi g‘oyasini yanada jozibali qildi”, — deb yozadi van Raalte.

“U Balenciaga sviterini kiygan xotirjam bola edi”

Jurnalist Verhagenning kontaktini topadi va uni o‘z podkastiga chaqiradi. Ishsiz qolgan Bernio o‘z yurtiga qaytgandi, shuning uchun uchrashuvga rozi bo‘ladi. “U oltin sirg‘a taqqan, Balenciaga sviterini kiygan xotirjam bola edi. O‘tirdik va 45 daqiqacha suhbatlashdik. U Moldova aeroporti yaqinidagi yo‘llar va asfalt yomonligi haqida gapirdi. Yana jamoadoshlari bundan avval qora tanli insonni ko‘rmagani, unga hayrat bilan qaraganini ham aytib o‘tdi. Bernio kulgili latifalar ham aytib berdi”, — yodga oladi muharrir.

Verhagen suhbatda uning mashg‘ulotlarda boshidanoq omadi yurishmaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ob-havo juda sovuq bo‘lgan, keyin esa agent bilan muammolar paydo bo‘lgan. Futbol buni ochiqlashni xohlamadi. “Bu bola unchalik yaxshi o‘ynay olmagani uchun haydab yuborishgan, deb o‘yladim”, — tushuntirdi van Raalte. Bernioning hikoyasidan so‘ng jurnalistga u aybdor emasdek ko‘rinadi.

Podkast 5-iyul kuni chiqdi, van Raalte ishidan mamnun edi. Tez orada unga ikkita elektron xat keldi. Birinchisi —  Verhagenni taniydigan insondan. Uning aytishicha, u Bernio bilan havaskorlar jamoasida birga o‘ynagan. U Bernioning kuchsiz jamoaga bo‘lsa-da, chetga ketishga muvaffaq bo‘lganidan hayratlangandi. Unga ko‘ra niderlandiyalik ko‘rinishidan iste’dodli bo‘lmagan. Ikkinchi xabarchi esa “ancha jiddiy” shaxs bo‘lib (van Raalte ism va lavozimini oshkor etmagan), u Verhagenga ishonmaslikni so‘ragan.

Jurnalist kelib tushgan xatlar bo‘yicha futbolchiga qo‘ng‘iroq qiladi. Bernio oxirigacha eshitmasdan trubkani qo‘yib qo‘yadi. Buyog‘i esa yana ham qiziqarli tus oladi.

“Unga o‘z salohiyatini ko‘rsatishi uchun imkoniyat berishimiz lozim”

26-iyulda Janubiy Afrika Respublikasining birinchi divizioni ishtirokchisi “Keyptaun Siti” Bernio Verhagen bilan shartnoma imzolaganini e’lon qildi. Klub saytidan o‘chirib yuborilgan rasmda jamoa xo‘jayini Jon Komitis tabassum qilib turgan niderlandiyalik futbolchi qo‘lini siqib turibdi. Futbolchi jamoada bir oydan kamroq vaqt bo‘ldi va yana birorta o‘yinda ishtirok etmadi.

22-avgustda niderlandiyalik Chilining birinchi divizionida ishtirok etadigan “Audaks Italyano” jamoasi futbolchisiga aylandi. Klub prezidenti Lorenso Antilyo Verhagen dekabrgacha jamoada qolishiga va’da berdi. “Xalqaro aloqaramiz tufayli u jamoamizning bir qismiga aylandi”, — dedi prezident matbuotga qilgan chiqishida. Yakunda bo‘lsa 61 kundan so‘ng shartnomani bekor qildi, chililiklar saytida Bernio haqidagi barcha ma’lumotlar o‘chirib yuborildi.

Shundan so‘ng van Raalte Bernio bilan bog‘landi va bu transferlar ortida turgan agentining nomerini berishini so‘radi. Sportchi yana bir bor jurnalistni ko‘rishni ham eshitishni ham istamasligini aytib o‘tdi: “Bo‘lar-bo‘lmas narsalaring bilan meni bezovta qilmasligingizni xohlayman”.

Bernio Verhagen “Dinama-Avto” bilan shartnoma imzolayapti

Foto: “Dinamo-Avto”

5-noyabrda Verhagen Daniyaning “Viborg FF” jamoasi bilan shartnoma imzolaydi. Niderlandiyalik sportchi 28-raqamni oladi. Jamoa direktori Jesper Fredberg: “U biz o‘ylagandek ajoyib iste’dod sohibi. Uni bizga jamoaga yaqin insonlar tavsiya qildi, shuning uchun u bilan shartnoma imzolaganimiz mantiqan to‘g‘ri deb hisoblaymiz. Unga o‘z salohiyatini ko‘rsatishi uchun imkoniyat berishimiz lozim”. Verhagen 19 kundan so‘ng hech qanday tushuntirishlarsiz jamoani tark etdi.

9 oy ichida niderlandiyalik futbolchi to‘rtta turli mamlakatda to‘rtta jamoa almashtirdi. Undan avval havaskor jamoalarda o‘ynagan. Qanday qilib jamoalar uning tajribasi bo‘lmasa ham shartnoma taklif qildi? Verhagen qanday qilib haydalgan zahoti yangi ish topa oldi?

Yirik firibgarlik

Van Raalte yana ishga kirishdi. Asta-sekin vaziyat oydinlasha boshladi.

“Viborg FF” izoh berishga rozi bo‘lgan ilk jamoa bo‘ldi. Jamoa futbolchini firibgarlikda ayblab politsiyaga ariza topshirgani ma’lum bo‘ldi. Klub “yirik firibgarlik, hujjatlarni qalbakilashtirish va shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlashdek og‘ir jinoyat” qurboniga aylanganini tasdiqladi. Bernioning avvalgi uchta jamoasi esa unchalik ham ochilishni istamadi, shu bilan birga ular ham aldanganini yashirib o‘tirmadi.

O‘shanda jurnalist Verhagen Moldovaga sayohati boshlanmasidan avval to‘p surgan havaskor jamoa bilan bog‘landi. U yerdagilar Bernioning yagona iqtidori — tezkorligi ekani, undan boshqa hech qanaqa ajralib turadigan narsasi yo‘qligini aytdi. Raqib jamoalardan birida to‘p suradigan futbolchi Andreas Beysning ta’kidlashicha, Bernio umuman futbol o‘ynashni bilmaydi. “Uning shunchalik yomon o‘ynashini ko‘rib hayron qolgandim”, — degandi sportchi. Yig‘ilganlar asosida van Raalte ikkinchi podkastni e’lon qildi. Verhagen undan tuhmatlardan iborat podkastni o‘chirishni talab qildi va sudga da’vo kiritish bilan tahdid qildi. Jurnalist esa bunga e’tibor bermadi.

Bernio Verhagen “Keyptaun Siti”da

Foto: “Keyptaun Siti” FK

Parallel ravishda Daniyaning BT gazetasi ham izlanish olib bordi. Jurnalistlarning aniqlashicha, Verhagenning transferlari bilan Stellar Group agentligi (Garet Beylning “Tottenhem”dan “Real”ga o‘tishida bosh-qosh bo‘lgan) direktori Mo Sinu amalga oshirgan. “Dinamo-Avto” jamoasi bilan u to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqaga chiqqan. “Keyptaun Siti”ga amalga oshishi kerak bo‘lgan transfer bo‘yicha esa Sinu JARdagi bir agent bilan WhatsApp orqali suhbatlashgan. U futbolchiga Xitoydan yaxshi taklif borligini, yilni oxirigacha qayerdadir o‘ynab turishi kerakligini aytadi. Bu bo‘lajak iste’dod sohibi, katta hujumchi bilan aloqalar paydo qilish uchun qulay imkoniyatdek tuyulardi.

Biz u haqida juda oz narsa bilardik. Bir nechta kadr ko‘rdik va u bizga yoqib qoldi. Verhagen mashg‘ulotlar o‘tash uchun jamoaga tashrif buyurdi va u bilan shartnoma imzoladik.

Julian Beyli, “Keyptaun” matbuot kotibi

Ma’lum bo‘lishicha mesenjerda agent bilan Mo Sina emas, uning nomidan boshqa bir kishi gaplashgan. Nashrlarda o‘z ismini ko‘rgan Stellar Group’ning direktori transferda ishtirok etmaganini, bu yolg‘onligini ta’kidlaydi. Bu paytda Verhagen “Keyptaun”ga kelgan va mashg‘ulotlar zalida shug‘ullanayotgan edi. Futbolchidan firibgarlikdan xabari bor-yo‘qligini so‘rashganda, u haqiqiy Sina bilan birga ishlayotganiga aminligini aytib, yelkasini qisadi. Uni jamoaga o‘tishida ishtirok etgan agent katta ehtimol bilan futbolchining o‘zi u bilan WhatsApp’da gaplashganini aytib o‘tdi.

“G‘ururimizga juda katta zarba bo‘ldi”

“Audaks” bilan ham shunga o‘xshash voqea sodir bo‘lgan: go‘yoki Mo Sina chililik agent Gaston Gonsales Pesolga fantastik futbolchi haqida xabar yo‘llagan. “Keyptaun”da bu hikoya gapirilmadi (balki ular o‘z ayblarini oshkor etishni istamagandir), Chili jamoasi firibgarlik borasida shubhaga bormagan. “Biz chet ellik futbolchilar uchun ajratilgan kvotalardan foydalanmagandik, shuning uchun u bilan shartnoma imzoladik”, — tushuntirish beradi jamoa prezidenti.

“Viborg” esa Stellar Group agentligi bilan hamkorlik qilish juda katta sharaf ekanini ta’kidladi. Futbolchi bilan esa aloqalarni mustahkamlash uchun shartnoma imzolangan. Mashg‘ulotlarda yaxshi taassurot qoldira olmagan Bernio haydaldi va firibgarlikda ayblandi. “Moliyaviy tomondan aziyat chekmadik, maosh ham, agentga pul ham berilmagandi — lekin bu g‘ururimizga berilgan qattiq zarba edi”, — deydi “Viborg”dagilar.

Qizig‘i shundaki, van Raalte va BT tomonidan aniqlangan ma’lumotlarni klublar boshqa jurnalistlar bilan suhbatda rad etdi. Reuters bu borada material tayyorlayotganda, “Dinamo-Avto” va “Keyptaun” hech qanaqa Verhagenni tanimasligini aytdi, “Audaks” esa izoh berishdan bosh tortdi. Jurnalistlarning xabarlariga ko‘ra, bu jamoalar soxta futbolchiga gonorar berishga ham ulgurgandi. Faqatgina “Viborg” vakillari vaziyatni yashirishga urinishsa-da, xatti-harakatlari bildirib qo‘ydi. Reuters’ga bergan izohida ular van Raalte va daniyalik muxbirlarning izlanishlarini tasdiqladi: “Biz mas’uliyatni o‘z zimmamizga olamiz va boshqa jamoalar bunday vaziyatga tushib qolmasligiga umid qilamiz”.

Verhagenning agenti kim bo‘lishidan qat’i nazar — niderlandiyalikni o‘zimi yoki boshqa bir yolg‘onchimi — o‘z ishiga beparvolik bilan yondashgandi. Klublarga yuborilgan xabarlar orfografik xatolar bilan yozilgandi. Xitoydan jo‘natilishi kerak bo‘lgan hujjatlarning elektron manzili “.ch” bilan tugardi — bu esa Shveysariya domeni edi. Jamoadagilar bunga e’tibor qaratmagan.

Ayblov ko‘rsatmalari yetarli emasligi uchun politsiya Bernioni hibsga olmadi. Oradan yarim yil o‘tib, boshqa jinoyat tufayli qamalishga sabab tug‘ildi.

“Odamlar bunchalik aldashlari mumkinligi xayolimga ham kelmasdi”

“Viborg”ga kelgan vaqtida Verhagen mehmonxonada 21 yoshli chililik Nayaret Muchi bilan birga yashaydi. Juftlik doim janjallashardi, qiz ijtimoiy tarmoqlarga Bernio uni o‘g‘irlab kelgani, eshikni qulflab, kalitni o‘zi bilan olib ketishi, urishi, pul va taniqchoqlarini olib qo‘yishini yozardi. Bir kuni Bernio qizni sochidan tortib ko‘chaga olib chiqayotgani videokuzatuvlarga tushib qoldi. Muchi politsiyaga xabar qilishga imkon topadi.

Bernio qizga futbolda muvaffaqiyatli faoliyat olib borishini aytib aldagan. “Verhagen — dahshatli manipulyator. U “Kopengagen” futbolkasini kiyib, shu jamoada o‘ynashini aytdi. Odamlar bunchalik aldashlari mumkinligi xayolimga ham kelmasdi”, — dedi qiz. U yana niderlandiyalikning uch xil jamoa formasini buyurtma qilgani va ular bilan suratga tushib, Wikipedia’ga joylamoqchi bo‘lganini yodga oldi. Unda futbol firibgarligi bo‘yicha juda ko‘p rejalar bor edi deya tasdiqlaydi Nayaret.

Bernio Verhagen Kolumbiyada hibsga olinmoqda

Foto: Migracion Colombia

Bernio topildi va sudgacha hibsda ushlab turildi. Shu bilan hikoya yakuniga yetishi mumkin edi, lekin bir muassasadan boshqasiga ko‘chirilayotgan vaqtda Verhagen qochib ketadi. Instagram sahifasida politsiyani adashtirish maqsadida Shvetsiyaga qochib ketayotganini yozdi, oradan 12 soat o‘tib esa u qo‘lga olinadi. Sud unga zo‘ravonlik, tahdid, tovlamachilik va firibgarlik singari o‘nga yaqin ayblov qo‘ydi. 2020-yil 24-iyunda sud Verhagenga 15 oylik qamoq jazosi tayinladi. Sud majlisi vaqtida undan biror joyda ishlashi haqida so‘rashganda: “Men futbolchiman, Daniya jamoalaridan biri bilan muzokaralar o‘tkazyapman”, — deb javob berdi.

Bernio Verhagen doim aldaydi va bu uning qo‘lidan keladigan eng yaxshi ish, xolos.

Prokuror

Bernio qamoqqa olinganiga bir yilga yetmasdan turib ozodlikka chiqdi. Darhol Kolumbiyaga jo‘nab ketdi. U yerda Bernio mehmonxonaning lyuks xonasini band qiladi, yaxta ijaraga oladi va eng qimmat restoranlarda ovqatlanadi, eng qizig‘i, hech biriga o‘z hisobida to‘lamaydi. Korxona egalariga Yevropaning katta jamoalaridan birining futbolchisiga xizmat ko‘rsatish sharaf edi. Bir nechta odam u bilan suratga tushadi va dastxat oladi.

Verhagen fohishalarning xizmatiga pul to‘lashdan bosh tortgani uchun ular politsiya chaqiradi (Kolumbiyada fohishalik bilan shug‘ullanish qonuniylashtirilgan). Aniqrog‘i, u xalqaro o‘tkazmalar qiyinlashib qolgani uchun hozir to‘lashga sharoiti yo‘qligi, keyinchalik to‘lashga va’da beradi. 2021-yilda iyun oyiga u qamoqqa olinadi. Sud qachon bo‘lishi hozircha noaniq, unga qanday ayblovlar qo‘yilishi ham mavhumligicha qolmoqda.

The Athletic’ning yozishicha, Verhagenning Instagram sahifasida “Professional futbolchi” degan yozuv bo‘lgan. Facebook sahifasida esa: “Reja ish bermasa, maqsadni emas rejani o‘zgartir”, — degan iqtibos yozilgan edi. Mana zamonaviy sport bosh firibgarining asl yuzi. Bernio yana ozodlikka chiqsa, bu safar nima bilan shug‘ullanar ekan-a?

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!