“Palmeyras” futbolchisi Dudu yangi mavsum uchun nooadatiy raqam tanladi. 2015-yildan buyon u 7-raqam ostida harakat qilib kelayotgandi, lekin Dudu Qatarning “Ad-Duhayl” jamoasida ijarada to‘p tepayotgan vaqtida uning raqami allaqachon boshqa futbolchi tomonidan band qilingandi.

Foto: Getty Images

Dudu bu vaziyatdan chiqib ketish yo‘lini topdi — endi uning libosida 4+3 raqamini ko‘rish mumkin.

Klub bunga rozi bo‘ldi va noodatiy raqamga bag‘ishlangan videorolik ham suratga oldi. To‘g‘ri, barcha rasmiy joylarda Duduning raqami 43 deb yoziladi, ammo bu raqamdan maqsad nimaligini barcha biladi.

Futbol tarixidagi noodatiy raqamlarda maydonga tushish holatlari juda ko‘p yuz bergan. Ularga misollar bilan tanishamiz.

Hisham Zeruali, “Aberdin” — № 0

Foto: “Aberdin” FK

Shotlandiyaning “Aberdin” jamoasi muxlislari marokashlik himoyachi Hisham Zerualini haqiqiy afsona deb hisoblaydi. Undan tashqari futbolchi noodatiy raqamda maydonga tushgani bilan ham tarixga kirgan. 1999-yilda Britaniyaga tashrif buyurgan futbolchini familiyasidagi harflar sabab Zero (nol) deb chaqira boshlashdi. Hisham shu raqamda maydonga tushishni ma’qul ko‘rdi. 2004-yilda esa avtohalokat tufayli vafot etdi. Shotlandiya jamoasi nol raqamini marokashlik futbolchi nomiga abadiylashtirib qo‘ydi. Shotlandiya futbol federatsiyasi esa bu holatdan xulosa chiqarib, boshqa futbolchilarga nol raqamida maydonga tushishni taqiqlab qo‘ydi.

Emir Spahich, “Torpedo” — № 1

“Torpedo” safiga qo‘shilgan bosniyalik himoyachi butun mavsumni 1-raqamda o‘tkazdi. Keyinchalik sochlarini qizilga bo‘yagan futbolchi o‘zining ajralib turmoqchiligi sababini tushuntirishni istamadi: “Rossiya futboli uchun bu noodatiy  tuyulishi mumkin, lekin Yevropada bu oddiy hol. 1-raqami ostida maydonda harakat qiladigan ko‘proq futbolchilarni misol qilishim mumkin. Rossiyada ilk darvobon bo‘lmagan 1-raqam egasi bo‘lish yomonmi?”. “Torpedo”dan keyin Spahich hech qaysi jamoada 1-raqam ostida harakat qilmadi.

Ivan Samorano, “Inter” — № 1+8

Foto: Getty Images

Chili futboli afsonalaridan biri Ivan Samorano 1996-yilga qadar “Real” safida 9-raqam ostida harakat qilgan. “Inter”ga o‘tganidan so‘ng ham 9-raqamni oldi. Lekin oradan bir yil o‘tib, “nerazurrilar” tarkibiga braziliyalik Ronaldo kelib qo‘shildi va u 9-raqamni so‘radi. Samorano bu raqamni Ronaldoga berishga majbur bo‘ldi. O‘zi esa 18-raqam ostida harakat qiladigan bo‘ldi. Sevimli raqami ramziy ma’noda qolishi uchun raqamlar orasiga “+” belgisi qo‘yildi. Italiya futbol federatsiyasi ham Samoranoga noodatiy raqamda maydonga tushishiga ruxsat berdi.

Devid Bekhem, “Real”, “Los-Anjeles Geleksi” — № 23

Devid “Manchester Yunayted” safida 7-raqamda o‘ynagan. Ammo “Real”ga o‘tganida 7-raqam bandligi sabab 23-raqamni tanlagan. Keyinchalik nega aynan o‘sha raqamni tanlaganini so‘rashganda, basketbolchi Maykl Jordan sharafiga, deb javob bergandi.

Niklas Bendtner, “Arsenal” — № 52

Foto: Getty Images

Angliyada Lord Bendtner deb nom qozongan futbolchi g‘alati odatlarga ega edi. Noodatiy kostyumlar kiyardi, mashg‘ulotlarga mast holatda kelardi. Kunlarning birida Bendtner omadsiz 26-raqamini 52-raqamga o‘zgartirishni xohlab qoladi. Raqamlar ikki karra yuqori bo‘lsa, omad ham ikki hissa ko‘proq keladi, deb hisoblagandi. Yangi raqamda Niklas birorta gol ura olmadi.

Biksant Lizarazyu, “Bavariya” — № 69

Foto: Getty Images

“Bavariya” himoyachisi Myunxendagi faoliyati davomida 69-raqam ostida harakat qildi. Keyinchalik futbolchi bu raqamning sirini ochdi. “Aslida hech qanaqa sir yo‘q — shunchaki men 1969-yilda tug‘ilganman, bo‘yim 169 santimetr, vaznim 69 kilogramm”.

Ronaldo, “Milan” — № 99

Foto: Getty Images

“Fenomen” deyarli butun faoliyati davomida 9-raqamda harakat qilgan. “Inter”da ham, “Barselona”da ham, “Real”da ham shu raqamda o‘ynagan. Lekin 2007-yilda “Milan”ga o‘tganida, Filippo Inzagi 9-raqamni band etgani bois Ronaldo 99-raqamni tanlashga majbur bo‘ladi.

Adolfo Bautishta, “Chivas” — № 100

Meksikada 3 xonali raqamlarda maydonga tushish odatiy hol bo‘lgan — 1996-yilda “Monterrey” futbolchisi Xesus Arelyano shahar yubileyiga atab 400-raqamli futbolkada o‘ynagan. Adolfo Bautishta esa butun mavsum davomida 100-raqamda harakat qildi. Onasining vafotidan so‘ng futbolkasida uning doimiy takrorlaydigan so‘zi: “Bofo, mening farishtam” so‘zini ham qo‘shib qo‘ydi. Ammo KONKAKAF tasarrufidagi xalqaro o‘yinlarda futbolkasidagi ikkita nolni olib tashlashga to‘g‘ri kelardi.

Andreas Hersog, Avstriya terma jamoasi — № 100

Avstriya terma jamoasida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi 2002-yil noyabr oyida terma jamoasining Norvegiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida 100-raqamda maydonga tushdi. O‘sha kuni futbolchi terma jamoadagi 100-o‘yinini o‘tkazayotgan edi. Raqam ham ramziy ma’no kasb etardi.

Rojerio Seni, “San-Paulu” — № 618

Foto: Getty Images

Darvozabon — rekordchi faoliyatida bir marta 3 xonali raqamli futbolkada maydonga tushgan. Seni “San-Paulu” safidagi yubiley — 618-o‘yinini nishonlash maqsadida shu raqam ostida maydonga tushadi. Rojerio Braziliya jamoasida 1000 dan ortiq o‘yinda maydonga tushgan. Lekin negadir ramziy ma’nodagi 4 xonali raqamda maydonga tushmagan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!