Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani fikricha, yaqin uch oy ichida mamlakatdagi xavfsizlik sezilarli darajada mustahkamlanadi. U Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatining Mozori Sharif shahriga safari chog‘ida shunday bayonot bilan chiqish qildi, deb yozadi “TASS”.

Ashraf G‘ani

Foto: EPA

“Mamlakatda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yaqin uch oy ichida ancha yaxshilanadi. ‘Tolibon’ ustidan g‘alaba qozonamiz, ular egallab olgan hududlarning barchasi qaytarib olinadi”, — dedi u.

Ashraf G‘ani Mozori Sharifda faol fuqarolar, jurnalistlar va mahalliy ma’muriyat xodimlari bilan ko‘rishdi. U alohida qayd etishicha, “Tolibon”ni yengish uchun milliy birdamlik zarur.

So‘nggi oylar ichida Balx viloyatining to‘qqizta tumani “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. Shunday bir paytda viloyat aholi punktlarida radikallarga qarshi turish uchun ko‘ngilli askarlar guruhlari paydo bo‘ldi.

Balx gubernatori Muhammad Farhod Azimiyning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari, shu jumladan, viloyat shimolidagi Hayraton portini himoya qilish rejalarini muhokama qilmoqda. Ushbu port va Amudaryo daryosidagi chegara posti O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan.

Afg‘onistondan NATO qo‘shinlarini olib chiqish 29-aprelda boshlangan, AQSh va “Tolibon” o‘rtasida tuzilgan kelishuvga binoan jarayon kuzda yakunlanishi kerak. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh Afg‘onistondagi harbiy kontingentining 90 foizdan ko‘prog‘ini olib chiqib ketdi.

Avvalroq “Tolibon” barcha chet el qo‘shinlari Afg‘onistonni o‘z muddatida tark etishini talab qilgani haqida xabar berilgandi. AQSh Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish amaliyoti avgust oxiriga qadar tugashini ma’lum qildi.

Associated Press xabariga ko‘ra, AQSh qo‘shinlarining asosiy qismini olib chiqqanidan keyin Afg‘onistonda 650 ga yaqin amerikalik harbiyni qoldirmoqchi. Ta’kidlanishicha, Afg‘onistonda qoladigan harbiylar diplomatlarning xavfsizligini ta’minlaydi.

Bugunga qadar GermaniyaItaliya va Avstraliya Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni yakunladi.