1789-yil 14-iyul kuni parijlik qurollangan olomon asrlar davomida Fransiyada qirol hokimiyatining ramzi bo‘lib kelgan siyosiy mahbuslar saqlanuvchi qamoqxona — Bastiliyani egalladi. Shu tariqa tarixda “Buyuk fransuz inqilobi” deya atalgan monarxiya tuzumiga qarshi harakat boshlanadi. “Daryo” ushbu tarixiy voqea haqida hikoya qiladi.

1789-yil Fransiya

XVIII asrda Fransiyada qiyin davr hukm surar edi. Ikki yillik qurg‘oqchilik natijasida mamlakatda ocharchilik ro‘y beradi. Qirol va uning amaldorlari abgor ahvoldagi dehqon va past tabaqa vakillari mol-mulkini ulkan soliqlar orqali talon-toroj qilardi. Dvoryanlarning zulmi kuchayib boradi, qolaversa, Angliya bilan tinimsiz urushlar yuki ham oddiy xalq gardaniga tushadi. Shu bilan birga ishsizlik ham mamlakatda yirik muammolardan biriga aylanadi.

1789-yil qirol Lyudovik XVI inqirozdan chiqish va yangi soliq joriy qilish maqsadida mamlakat parlamenti hisoblanuvchi General shtatlarni chaqiradi. Asosan quyi tabaqa vakillari tashabbusi ortidan 17-iyun kuni General Shtatlar o‘zini Ta’sis Majlisi deb e’lon qiladi va mamlakat konstitutsiyasini qabul qilishga kirishadi. Shuningdek, davlat xazinasi ustidan parlament nazorati o‘rnatilishi, qirol faqatgina parlament ruxsati bilan g‘aznadan foydalanishi mumkinligi haqida qaror qabul qilinadi. Qirol har qanday yangi soliq turini joriy etish uchun parlament ruxsatini olishi kerakligi belgilab qo‘yiladi. Fransiyada monarxiya tuzumi kelajagi xavf ostida qoladi.

Shunday vaziyatda 26-iyun kuni qirol Lyudovik XVI hokimiyatni saqlab qolish va Ta’sis majlisga bosim o‘tkazish uchun nemis va shveysariyalik yollanma askarlardan iborat 20 minglik qo‘shinni Parijga joylashtiradi. Armiyaning Parijga olib kelinishi aholi orasida norozilik uyg‘otadi va ular chet elliklarning mamlakatdan chiqib ketishini talab qila boshlaydi.

1789-yil 8-iyul kuni Ta’sis Majlisi qiroldan qo‘shinlarni Parijdan olib chiqishni iltimos qiladi, ammo qirol harbiylar parlament himoyasi uchun chaqirilganini, agar bu deputatlarni bezovta qilsa u holda qo‘shinni Parij yaqinidagi boshqa shaharlarga joylashtirishi mumkinligini aytadi. Qirolning asl maqsadi Ta’sis Majlisini tarqatib yuborish edi.

Ko‘pchilik shu tariqa inqilob uchun harakatlar tugadi deb hisoblaydi. 11-iyul kuni Lyudovik XVI o‘zining yagona zodagon bo‘lmagan vaziri, mashhur islohotchi Jak Nekerni moliya vaziri lavozimidan bo‘shatadi. Bundan norozi bo‘lgan Parij aholisi 12-iyul kuni norozilik namoyishi o‘tkazib ko‘chaga chiqadi. Qirol qo‘shini va olomon o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlanadi. Fransuz gvardiyasi oddiy aholiga qarshi o‘t ochishdan bosh tortib, inqilobchilar tarafiga o‘tadi. Gvardiyachilar hamda olomon qurol va oziq-ovqat omborlarini egallab, Parijga kirish postlarini yoqib yuboradi. Kechga borib Parij shahri kommendanti baron de Bazenval qirol qo‘shinlariga shahardan chiqishni buyuradi. Shahar butunlay tartibsizliklar ichida qoladi.

Qirol Lyudovik XVI

Foto: Google Images

Bastiliyaning qulashi

Tartibsizliklar 14-iyul kuni ertalab ham davom etadi. Inqilobchilar Bastiliyaga hujum qilishdan oldin Hotel de Invalides (harbiylar kasalxonasi)ga hujum uyushtirib, 32 ming mushket va bir nechta to‘pni qo‘lga kiritadi.

Bastiliya qal’asi Yuz yillik urush davrida Parij himoyasi uchun qurilgan istehkom bo‘lib, qal’a yuz metr balandlikdagi devor va xandaqlar bilan o‘rab olingandi. Bastiliya keyinchalik qamoqxona vazifasini bajarib, bu yerda asosan siyosiy mahbuslar saqlanadi. Xususan, buyuk fransuz yozuvchisi Volter ham aynan Bastiliyada qamoqda o‘tirgan. Bastiliya qal’asi Fransiyada qirol hokimiyati va monarxiyaning ramziga aylangan edi.

1789-yilga kelib istehkom buzilishi va uning o‘rniga maydon qurilishi rejalashtirilgandi. Hujum oldidan Bastiliyani sakson nafar hukumat va o‘ttiz nafar shveysariyalik askar himoya qilayotgandi.

Bastiliya garnizoni qo‘mondoni Bernard Rene de Lone 14-iyul kuni ertalab inqilobchilarning qal’ani qurshovga olayotganini ko‘radi va qirol Lyudovikning to‘g‘ridan to‘g‘ri buyrug‘i yo‘qligi sabab inqilobchilar bilan muzokara o‘tkazishni boshlaydi. Kelishuvlar davom etayotgan paytda inqilobchilar o‘z vakillarini ichkarida qamoqqa olindi deb o‘ylaydi va qal’a devorlariga ko‘tarilib, Bastiliyaga olib kiruvchi birinchi ko‘prikni tushiradi. Olomon qal’a ichkarisida to‘planib, ikkinchi ko‘prikni ham tushirishga urinayotganda baron Rene de Lone o‘t ochmaslik haqidagi va’dasini buzib, askarlarga inqilobchilarga qarata o‘q uzishni buyruq beradi. Yuzga yaqin inqilobchi halok bo‘ladi, o‘nlab inqilobchilar esa yaralanadi. Qirollik qo‘shini esa faqat bir nafar askaridan ayriladi.

Bastiliyaning o‘qqa tutilishi

Foto: BnF

Tushdan keyin inqilobchilar tarafiga o‘tgan fransuz gvardiyasining ortyadi Bastiliya devorlari ostida paydo bo‘ladi. Gvardiyachilar qal’ani to‘plardan o‘qqa tutishni boshlagach, uzoq muddatli qamalga tayyor bo‘lmagan baron Reno de Lone oq bayroq ko‘tarib, taslim bo‘ladi. Gyulen boshliq gvardiyachilar Bastiliyaga bostirib kiradi va qal’a vayron qilinadi. Reno de Lone xavfsizligi kafolatlanib, shahar kengashi binosiga olib ketiladi, biroq yo‘lda inqilobchilar bilan tortishib qolgan baron Reno de Lonening boshi uziladi.

Shu bilan Fransiyada monarxiya tuzumi ramzi bo‘lmish Bastiliya inqilobchilar tomonidan qulatiladi. Bastiliya qulagani haqidagi xabarni eshitgan qirol Lyudovik XVI “Ha, bu haqiqiy isyon” deya xitob qiladi. Qirolning yonida turgan gersog Fransua Laroshfuko-Liankur esa “Yo‘q hukmdor, bu inqilob!” deb javob beradi.

14-iyul — Fransiyada milliy bayram kuni

Bastiliyaning qulashi amalda Buyuk fransuz inqilobining boshlanish nuqtasiga aylanadi. Qal’aning egallanganidan xabar topgan Versaldagi Ta’sis Majlisi mamlakatda inqilob boshlash uchun yetarli kuchga ega ekanligiga amin bo‘ladi. Parijliklar va Fransiya aholisi uchinchi qatlam parlamentini qo‘llab-quvvatlaydi. Bastiliya qulashidan so‘ng qirol Ta’sis Majlisga yon berishga majbur bo‘ladi. Shu tariqa dunyoda monarxiyaga qarshi qaratilgan ilk xalq inqiloblaridan biri boshlanadi.

14-iyul Bastiliya ishg‘ol etilgan kun munosabati bilan uyushtirilgan harbiy parad Parij ko‘chalarida

Foto: Euronews

1880-yili Fransiya parlamenti 14-iyulni Milliy bayram kuni deb e’lon qiladi. Har yili Fransiyada 14-iyul Bastiliya ishg‘ol etilgan kun munosabati bilan Fransiya prezidenti ishtirokida harbiy parad uyushtiriladi. Bugungi kunga qadar fransuzlar bu sanani har yili nishonlab kelmoqda. Shu kuni Fransiya ko‘chalari mamlakat bayrog‘ini ko‘targan minglab insonlarga to‘lib ketadi. Ikkinchi jahon urushi davrida Fransiya nemislar tomonidan okkupatsiya qilingani sabab harbiy parad atoqli fransuz siyosatchisi Sharl de Goll boshchiligida Londonda o‘tkazilgan. O‘tgan 2020-yilda esa COVID-19 kasalligi sabab harbiy parad bekor qilingandi.

2021-yilgi parad esa bekor qilinmadi. Faqat paradda qatnashish uchun fuqarolardan uch xil turdagi sanitar ma’lumotnomalar: COVID-19’ga chalinmaganligi yoki kasallikka chalinib bo‘lganligi, to‘liq vaksinatsiya haqida hujjatlar talab qilinishi aytildi. Shuningdek, tadbirda 25 ming tomoshabin uchun tribunalar tayyorlangani haqida xabar berildi.

Muhammadqodir Sobirov tayyorladi