Yevro—2020 musobaqasi guruh bosqichining 2-tur o‘yinlari 19-iyun kuni o‘z yakuniga yetdi. Ko‘plab jamoalar keyingi bosqich masalasini hal qilib qo‘ygan bo‘lsa, ayrim guruhlarda vaziyat chigal bo‘lib turibdi. “Daryo” Yevropada to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasining 2-tur natijalariga qisqacha to‘xtalib o‘tadi.

A guruhi

Italiya terma jamoasi ikkinchi turda Shveysariyani ham yirik hisobda mag‘lub etib, muddatidan avval pley-off masalasini hal qildi. Biroq jamoa hali birinchi o‘rinni naqd qilgani yo‘q. Italiya 20-iyun kungi Uelsga o‘yinda yutqazmasa bo‘lgani, birinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqadi. Uels Turkiyaning mag‘lub etish orqali pley-off bosqichini deyarli hal qildi. Turkiya Shveysariyaga qarshi o‘yin oldidan juda qiyin vaziyatda jamoa birorta ham ochko to‘play olgani yo‘q, buning ustiga to‘plar nisbatidagi farq minus beshga teng. Turklar 3-o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqish uchun yirik hisobda g‘alaba qozonishi va keyingi guruhlardagi vaziyatni kuzatishga majbur.

Foto: “Daryo” / Husan Sobitov

B guruhi

Belgiya Daniyaga qarshi kechgan qiyin o‘yinda irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi va muddatidan avval 1/8 finalga yo‘l oldi. So‘nggi turda “qizil iblislar” debyutant Finlyandiyaga qarshi bahs olib boradi. Rossiya esa finlarni minimal hisobda yengdi. Omadsiz Daniya so‘nggi turda ruslarga qarshi o‘ynaydi. Bu o‘yindagi g‘alaba daniyaliklarni keyingi bosqichga olib chiqishi mumkin, biroq boshqa guruhlardagi vaziyatni kuzatishga to‘g‘ri keladi.

Foto: “Daryo” / Husan Sobitov

C guruhi

Niderlandiya ikkinchi turda Avstriyani taslim etib, birinchi bo‘lib guruh peshqadamligini naqd qildi. So‘nggi turda Shimoliy Makedoniyaga qarshi o‘yin natijasi “uchar gollandlar” uchun muhim emas. Ukraina va Avstriya esa 3-turda ikkinchi o‘rin masalasini hal qiladi. Durang har ikki jamoani nimchorak finalga olib chiqishi mumkin.

Foto: “Daryo” / Husan Sobitov

D guruhi

Angliya terma jamoasi ikkinchi turda Shotlandiya bilan bazo‘r durang o‘ynadi. Super tarkibga ega inglizlar samaradorlik borasida past ko‘rsatkich qayd etyapti. Chexiya ikkinchi turda ham irodali o‘yin namoyish qildi va Xorvatiyadan ochko tortib oldi. Angliya va Chexiya o‘rtasidagi so‘nggi tur o‘yini peshqadamni aniqlab beradi. Xorvatiya va Shotlandiyada ham imkoniyatlar saqlanib turibdi. Biroq so‘nggi turdagi durang ularni keyingi bosqichdan mahrum qiladi.

Foto: “Daryo” / Husan Sobitov

E guruhi

Shvetsiya Slovakiyani mag‘lub etgan holda o‘z imkoniyatlarini yaxshilab oldi. Ispaniya esa Polsha bilan durang o‘ynadi. So‘nggi turda ispanlar Slovakiya bilan o‘ynaydi, bu o‘yinda ularga faqat g‘alaba kerak bo‘ladi. Polsha esa keyingi bosqichga chiqishni istasa Shvedlarni yutishiga to‘g‘ri keladi.

Foto: “Daryo” / Husan Sobitov

F guruhi

“O‘lim guruhi”da ham vaziyat chigal. Germaniyaga imkon qoldirmagan Fransiya terma jamoasi ikkinchi turda kutilmaganda autsayder Vengriya bilan durang o‘ynadi. Nemislar esa amaldagi chempion Portugaliyani imkonsiz qoldirdi. So‘nggi turda Germaniya Vengriya bilan o‘ynaydi, Fransuzlar esa Portugaliyaga qarshi bahs olib boradi.

Foto: “Daryo” / Husan Sobitov

To‘purarlar va assistentlar

Ikkinchi turda Krishtianu Ronaldu va Patrik Shik bir martadan raqib darvozasini ishg‘ol qilgan holda, uchta gol bilan to‘purarlar poygasi yetakchisiga aylandi.

Foto: “Daryo” / Husan Sobitov

2-tur raqamlarda

  • Darvozalarga jami 27 ta to‘p kiritildi. Faqat Angliya—Shotlandiya bahsida gol urilmadi. Eng sermahsul o‘yin: Portugaliya — Germaniya 2:4;
  • Ortda qolgan ikki turda faqat ikki jamoa gol ura olmadi — Turkiya va Shotlandiya;
  • Shimoliy Makedoniya — 2-turdan keyin pley-offga chiqa olmasligi ma’lum bo‘lgan yagona jamoa;
  • Ikkinchi turda ham Ispaniya to‘pga egalik qilishda yetakchi (76,4%), keyingi o‘rinlarda Fransiya (66,5%) va Turkiya (63,1%);
  • Kilian Mbappe — raqib jarima maydonida to‘pga teginish bo‘yicha yetakchi (14). Morata (12) ikkinchi, Dzyuba va Yilmaz (10 tadan) uchinchi;
  • Eng ko‘p golli vaziyat yaratgan futbolchi — Garet Beyl (5);
  • Eng ko‘p qoida buzgan futbolchilar: Torgan Azar (6), Burak Yilmaz (5), Attila Fiola, Robert Levandovski va Kay Haverts (4 tadan).

Tur ramziy terma jamoasi (“Daryo” talqiniga ko‘ra)

Darvozabon: Tibo Kurtua (Belgiya);

Himoyachilar: Denzel Dumfris (Niderlandiya), Grant Henli (Shotlandiya), Matteys de Ligt (Niderlandiya), Robin Gosens (Germaniya);

Yarim himoyachilar: Pyer-Emil Hyoybyerg (Daniya), Kevin de Bryuyne (Belgiya), Manuel Lokatelli (Italiya);

Hujumchilar: Krishtianu Ronaldu (Portugaliya), Garet Beyl (Uels), Romelu Lukaku (Belgiya).

Foto: “Daryo” / Husan Sobitov

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!