Professional boksning supero‘rta vazn toifasida (-76,2 kg) ringga chiqayotgan o‘zbekistonlik Bektemir Meliqo‘ziyev (7-1, 6 KO) o‘zining navbatdagi jangini amerikalik Gabriel Rosadoga (26-13-1, 15 KO) qarshi o‘tkazdi.
AQSh vaqti bilan 19-iyun oqshomida El-Paso shahri (Texas shtati) mezbonligida o‘tkazilgan Meliqo‘ziyev—Rosado jangi atigi 3 raund davom etdi. Jang aslida 12 raundga belgilangandi. 1-raund Bektemirning to‘liq ustunligida o‘tdi va u hatto raund so‘ngida Gabrielni nokdaun holatiga tushirdi. 2-raundda esa bokschilar biroz sokinlashdi. 3-raundga kelib Meliqo‘ziyev hujumga o‘tgan bir vaqtda Rosadoning o‘ta kuchli o‘ng qo‘l zarbasini qabul qildi va chuqur nokaut holatiga tushdi. Shu tariqa jang yakunlandi.
Rosado bu g‘alaba orqali Bektemirning WBA Continental va WBO International kamarlariga ega chiqdi.
Qayd etish joiz, bu Bektemir Meliqo‘ziyev uchun professional boksdagi ilk mag‘lubiyat bo‘ldi. U Rosadoga qadar 7 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba (6 tasida nokaut bilan) qozongandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)