Xonanda Dildora Niyozova “Daryo” internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni “Daryo” muxbiri Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Foto: “Daryo”

Dildora Niyozova o‘ranganidan so‘ng “O‘zbekkonsert”ga majlisga chaqirishgani, bu majlisdan so‘ng san’atdan nasibasi uzilmaganini tushunib yetgani haqida gapirib berdi.

Ro‘molni birinchi o‘ragan vaqtimda turmush o‘rtog‘im “O‘zbekkonsert”da majlis bo‘layotgan ekan, Dildora seni chaqirishyapti, dedilar. Bir qo‘rquv bosdi, nimaga qo‘rqaman, dedim. Keyin dadasi men boraman, lekin yolg‘iz boraman, hozir bitta noto‘g‘ri gap aytishsa, dilim sinadi, ko‘nglim cho‘kib qoladi, dedim. Yurak yutib majlisga bordim: hamma kelgan, bitta men ro‘molda o‘tiribman.

Taqdirning mo‘jizasini qarangki, domla kelib islomiy majlis bo‘ldi. Manzura yonimda o‘tirib “Dildora, endi tamom, sizni olib ketib qolishadi”, dedi. Meni nimaga olib ketishadi, qayerga olib ketishadi, dedim. Men ham ro‘mol o‘rayman, deyapman-u, ammo qo‘rqyapman-da, dedi. Balki, uning ham hayotida nimadir bo‘lgandir-da, bu menga noma’lum. Men Allohga tavakkal o‘radim, litsenziyamni olib qo‘yishsa, topshirib yuboraveraman. Menga litsenziya ham kerak emas, peshonamga nima yozgan bo‘lsa shuni ko‘raman, bunga ikkilanish kerak emas dedim.

Nuriddin hoji domla juda ham chiroyli ma’ruzalar qildilar. “San’at — gunoh” deb nima uchun bilib-bilmasdan gapiryapsizlar dedilar. Juda chiroyli majlis bo‘ldi.

Agar “O‘zbekkonsert”dagi o‘sha majlisda “Nimaga bunaqa ro‘mol o‘radingiz, omma orasiga qop-qora bo‘lib keldingiz, ommani ichida bunaqa yurish mumkin emas”,  deyishganda men “Litsenziyamni ham topshiraman, shu narsa xalaqit qiladigan bo‘lsa, butunlay ketaman”, deb aytmoqchi edim. Vaholanki barchasi juda chiroyli bo‘ldi. Demak, bu sohadan hali nasibam uzilmagan ekan.

Allohga tavakkal qilgan inson bu hayotda hamisha yutadi.

Dildora Niyozova, xonanda

Ma’lumot uchun, Dildora Niyozova 1978-yil 14-sentabr kuni Toshkent shahrida dunyoga kelgan. “Xalqlar do‘stligi” saroyida olti marotaba yakkaxon konsert dasturini taqdim etgan. 300 dan ortiq mualliflik qo‘shiqlari, o‘n to‘rtta musiqiy albomi bor. Oilali, ikki farzandning onasi.