Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Dunyo futboliga oid 15-iyun kunning muhim xabarlari dayjesti bilan tanishing.

Golden Boy sovriniga da’vogarlarning dastlabki ro‘yxati tasdiqlandi

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Italiyaning Tuttosport nashri Yevropaning 21 yoshgacha bo‘lgan eng yaxshi futbolchisiga topshiriladigan Golden Boy sovriniga nomzod 100 nafar o‘yinchi nomini e’lon qildi. Ro‘yhatdan Jud Bellinghem (“Borussiya D”), Eduardo Kamavinga (“Renn”), Amad Diallo, Meyson Grinvud (ikkisi – “Manchester Yunayted”), Ilaysh Moriba, Pedri, Erik Garsiya (barchasi – “Barselona”), Rodrigo Goes, Takefusa Kubo (ikkisi – “Real”), Gabriel Martinelli, Bukayo Saka (ikkisi – “Arsenal”), Kyortis Jons (“Liverpul”), Daniel Maldini (“Milan”), Jamal Musiala (“Bavariya”), Anatoliy Trubin (“Shaxtyor”), Ilya Zabarniy (“Dinamo” Kiyev”) va boshqa futbolchilar joy oldi.

Kopa Amerikada navbatdagi muammo

Braziliyada o‘tayotgan Amerika Kubogi—2021 musobaqasi ishtirokchilari orasida koronavirus keng tarqalmoqda. Braziliya sog‘liqni saqlash vazirligining xabar qilishicha, ishtirokchilar orasida 2927 ta test o‘tkazilgan. Tahlillardan keyin 41 ta koronavirusga chalinish holati qayd etilgan. Zararlanganlar orasida 20 ga yaqin futbolchilar borligi aytilmoqda, biroq ularning nomlari oshkor etilmagan. 4 ta terma jamoa bundan zarar ko‘rgan.

Xabarlarga tayaniladigan bo‘lsa gap Venesuela (10 ga yaqin zararlangan futbolchi), Boliviya (4-5), Kolumbiya va Peru jamoalari haqida ketmoqda.

Avstriya vakili Marko Arnautovich millatchilikda ayblanmoqda

Foto: Twitter

Foto: Twitter

Avstriya terma jamoasi hujumchisi Shimoliy Makedoniyaga qarshi kechgan o‘yinda raqib futbolchilarini haqorat qilgan. Bu uchrashuv nazoratchisining qaydnomasiga kiritilgan. UEFA mazkur holat yuzasidan ish ochdi.

Ta’kidlanishicha, kelib chiqishi serbiyalik bo‘lgan Arnautovich albanlardan bo‘lgan Egzon Beytulai va Ezjan Alioskining kelib chiqishini (onasini) haqorat qilgan.

Yevro—2020 dagi jarohatlar haqida

“Manchester Yunayted” darvozaboni Din Henderson boldiridan jarohat oldi va Angliya terma jamoasi tasarrufini tark etdi. Uning o‘rnini “Sheffild Yunayted” posboni Aaron Remsdeyl egalladi.

Shuningdek, Rossiya terma jamoasining tajribali futbolchisi Yuriy Jirkov ham katta ehtimol bilan musobaqa oxirigacha safdan chiqdi. Bu haqda ruslar bosh murabbiyi Stanislav Cherchesov ma’lum qildi. Jirkov Belgiyaga qarshi 1-tur o‘yinida jarohat olgandi.

Eriksendan murojaat

Foto: Instagram

Foto: Instagram

Yevro—2020 1-turida yurak bilan bog‘liq muammoga uchragan Daniya terma jamoasi yarim himoyachisi Kristian Eriksen Instagram sahifasi orqali muxlislar va jamoadoshlariga murojaat qildi.

“Barchaga salom. Yoqimli va ajoyib tilaklar uchun dunyodagi barcha insonlarga rahmat aytaman. Bu men va oilam uchun ko‘p narsani anglatadi. Boshdan o‘tkazgan vaziyatimni inobatga olsak, men bilan hammasi joyida. Shifoxonada yana bir qator tekshiruvlardan o‘tishim kerak, biroq o‘zimni yaxshi his qilyapman.

Endi keyingi o‘yinlarda Daniya terma jamoasiga muxlislik qilaman. Butun Daniya uchun o‘ynang!”, — deya yozadi Eriksen.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Huquq faoli Nukus voqealarida gumonlanayotganlar qiynoqqa solinmaganini aytmoqda
Dunyo
“Daryo” kundaligida 30-noyabrda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar
Mahalliy
Kontrabanda sigaretalar ko‘proq qaysi viloyatlar chegaralaridan olib o‘tilmoqda? Bojxonachi javob berdi