Koronavirus pandemiyasi sabab bir yilga muddatga kechiktirilgan futbol bo‘yicha Yevropa chempionati—2020 11-iyundan 11-iyulga qadar mintaqaning o‘nta shahrida bo‘lib o‘tadi. “Daryo” Yevro—2020 oldidan terma jamoalar va guruhlardagi holatga qisqa sharh berib o‘tadi. Mazkur sonda E guruhi vakillariga to‘xtalib o‘tamiz.

  • Ispaniya
  • Polsha
  • Slovakiya
  • Shvetsiya

Kollaj: “Daryo”

Ispaniya

  • Bosh murabbiy: Luis Enrike
  • FIFA reytingi: 6-o‘rin
  • Yevrodagi eng yaxshi natijasi: Chempion (1964, 2008, 2012)
  • Yulduz futbolchilar: David de Xea, Serxio Buskets, Tiago Alkantara.

Ispaniya saralash bosqichini mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan kam sonli jamoalardan biri bo‘lgandi. Jamoa Shvetsiya, Norvegiya, Ruminiya, Farer va Malta kabi terma jamoalar joy olgan guruhda ishtirok etdi va birinchi o‘rin bilan hal qiluvchi bosqichga yetib keldi. Qayd etish kerak, saralash bosqichi bo‘lib o‘tgan 2019-yil “qizil furiya” ustozi Luis Enrike uchun og‘ir kelgandi. Mutaxassisning 9 yoshli qizi oqqon xastaligi bilan kurashar, mutaxassis esa orada qator o‘yinlarni o‘tkazib yuborgandi. Yil o‘rtalariga kelib, Enrike bosh murabbiylik lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Roberto Moreno egalladi. Avgust oyida mutaxassis farzandidan ajraldi. Noyabr oyida Enrike Ispaniya boshqaruviga qaytdi.

Foto: Getty Images

Musobaqa arafasida ispanlar muammolar qurshovida qoldi. Avvaliga yarim himoyachi Serxio Busketsda koronavirus aniqlandi. Shu sababli jamoa Yevro arafasidagi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushmadi va Litvaga qarshi o‘yinga yoshlar jamoasini jo‘natdi. Undan so‘ng himoyachi Diyego Lyorente virus yutqirib olganligi ma’lum bo‘ldi. Enrike musobaqa qaydnomasiga ruxsat etilgan miqdordan (26 nafar futbolchi) kamroq o‘yinchini (24 o‘yinchi) jalb qilgan va bu ishini turnir davomida futbolchilarning nari borsa 17—18 nafari ishtirok etishi bilan izohlagandi. Ammo mutaxassis bu fikrini o‘zgartirishi katta ehtimol. UEFA reglamentiga ko‘ra, musobaqa boshlangunga qadar qaydnomadagi futbolchilar jarohat va koronavirus sabab safdan chiqadigan bo‘lsa, uning o‘rnini boshqa o‘yinchilar bilan to‘ldirish imkoni bor. Qayd etish kerak, Ispaniyaning yirik musobaqalar uchun qaydnomasidan ilk bor birorta ham “Real” futbolchisi o‘rin olmadi.

Ispaniyaning Yevro—2020 uchun qaydnomasi bilan tanishing:

Darvozabonlar: Unai Simon (“Atletik”), David de Xea (“Manchester Yunayted”), Robert Sanches (“Brayton”);

Himoyachilar: Xose Gayya (“Valensiya”), Xordi Alba (“Barselona”), Pau Torres (“Vilyarreal”), Aymerik Lyaport, Erik Garsiya (ikkisi “Manchester Siti”), Diyego Lyorente (“Lids”), Sesar Aspilikueta (“Chelsi”);

Yarim himoyachilar: Koke, Markos Lyorente (ikkisi “Atletiko”), Pedri, Serxio Buskets (ikkalasi “Barselona”), Ferran Torres, Rodri (ikkisi “Manchester Siti”), Tiago Alkantara (“Liverpul”), Fabian Ruis (“Napoli”), Dani Olmo (“Leypsig”), Mikel Oyarsabal (“Real Sosyedad”);

Hujumchilar: Xerard Moreno (“Vilyarreal”), Alvaro Morata (“Yuventus”), Adama Traore (“Vulverhempton”), Pablo Sarabiya (“PSJ”).

Ispaniya terma jamoasining Yevro—2020 uchun qaydnomasi va guruh bosqichidagi taqvimi

Foto: “Daryo” / Husan Sobitov

Polsha

  • Bosh murabbiy: Paulu Souza
  • FIFA reytingi: 21-o‘rin
  • Yevrodagi eng yaxshi natijasi: Chorak final (2016)
  • Yulduz futbolchilar: Robert Levandovski, Voytsex Shchensni, Pyotr Zelinski.

Polsha saralash bosqichida o‘ziga xos guruhdan o‘rin oldi. Unda garchi top-terma jamoalar bo‘lmasa-da, yo‘llanma uchun kurasha oladigan kamida 5 ta jamoa bosh edi: Avstriya, Makedoniya, Sloveniya, Isroil, Latviya. Bu guruhning bir yo‘la uchta vakili keyinchalik Yevro—2020 da ishtirok etishini kim ham o‘ylabdi deysiz.

Foto: Twitter

Polshaliklar Yevropa chempionatida 2008-yilda debyut qilgan va shundan buyon muntazam musobaqada qatnashib kelmoqda. Yevro—2016 da jamoa chorak finalga qadar yetib borgan va bo‘lajak chempion Portugaliyaga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berib, musobaqani tark etgandi. Bu safar jamoa o‘sha natijasini hech bo‘lmaganda takrorlashga harakat qiladi.

Polshaning Yevro—2020 uchun qaydnomasi:

Darvozabonlar: Lukash Fabianski (“Vest Hem”), Voytsex Shchensni (“Yuventus”), Lukash Skorupski (“Bolonya”);

Himoyachilar: Yan Bednarek (“Sauthempton”), Bartosh Bereshinski (“Sampdoriya”), Pavel Davidovich (“Verona”), Kamil Glik (“Benevento”), Mixal Helik (“Barnsli”), Tomash Kendzera (“Dinamo” Kiyev), Kamil Pentkovski (“Rakuv”), Timoteush Puxach (“Lex”), Matsey Ribus (“Lokomotiv” Moskva);

Yarim himoyachilar: Pshemislav Frankovski (“Chikago Fayr”), Kamil Yujvyak (“Derbi Kaunti”), Mateush Klix (“Lids”), Katsper Kozlovski (“Pogon”), Gjegoj Krixovyak (“Lokomotiv” Moskva), Karol Linetti (“Torino”), Yakub Moder (“Brayton”), Pshemislav Plaxeta (“Norvich”), Pyotr Zelinski (“Napoli”);

Hujumchilar: David Kovnatski (“Fortuna”), Robert Levandovski (“Bavariya”), Arkadiush Milik (“Marsel”), Karol Sviderski (“PAOK”), Yakub Shverchok (“Pyast”).

Polsha terma jamoasining Yevro—2020 uchun qaydnomasi va guruh bosqichidagi taqvimi

Foto: “Daryo” / Husan Sobitov

Shvetsiya

  • Bosh murabbiy: Yanne Andersson
  • FIFA reytingi: 18-o‘rin
  • Yevrodagi eng yaxshi natijasi: Yarim final (1992)
  • Yulduz futbolchilar: Viktor Lindelyof, Emil Forsberg, Deyan Kulusevski.

Shvedlar saralash bosqichida Ispaniya bilan bir guruhdan o‘rin olgandi. Mazkur bosqichda jamoa bitta mag‘lubiyatni qabul qilib oldi (Ispaniyaga qarshi o‘yinda). Norvegiyaga qarshi ikki o‘yinda ham durang qayd etilgan bo‘lsa ham, yakunda “ko‘k-sariqlar” 2-o‘rinni band etdi va to‘g‘ridan to‘g‘ri final bosqichiga yo‘llanma oldi.

Foto: Getty Images

2020/21-yilgi mavsumda ajoyib o‘yin ko‘rsatgan Shvetsiyaning tirik afsonasi Zlatan Ibragimovich bahorda terma jamoadan chaqiruv oldi. Futbolchi dastlab Shvetsiyaning Yevro—2020 uchun kengaytirilgan tarkibidan joy olgandi, biroq 39 yoshli futbolchi jarohati tufayli musobaqada ishtirok eta olmaydigan bo‘ldi.

Shvetsiyaning musobaqa uchun qaydnomasi:

Darvozabonlar: Karl-Yuxan Yunsson (“Kopengagen”), Kristoffer Nordfeldt (“Genchlerbirligi”), Robin Ulsen (“Everton”);

Himoyachilar: Emil Kraft (“Nyukasl”), Viktor Lindelyof (“Manchester Yunayted”), Markus Danielson (“Dalyan Ifan”), Martin Ulsson (“Heken”), Lyudvig Augustinsson (“Verder”), Pontus Yansson (“Brentford”), Filip Helander (“Reynjers”), Mikael Lustig (“AIK”), Andreas Grankvist (“Helsinborg”);

Yarim himoyachilar: Emil Forsberg (“Leypsig”), Ken Sema (“Uotford”), Viktor Klasson (“Krasnodar”), Deyan Kulusevski (“Yuventus”), Sebastyan Larsson (“AIK”), Albin Ekdal (“Sampdoriya”), Kristoffer Ulsson (“Krasnodar”), Yens-Lyus Kayuste (“Mityulland”), Mattias Svanberg (“Bolonya”), Gustav Svensson (“Guanchjou”);

Hujumchilar: Markus Berg (“Krasnodar”), Aleksandr Isak (“Real Sosyedad”), Robin Kvayson (“Mayns”), Jordan Larsson (“Spartak Moskva”).

Shvetsiya terma jamoasining Yevro—2020 uchun qaydnomasi va guruh bosqichidagi taqvimi

Foto: “Daryo” / Husan Sobitov

Slovakiya

  • Bosh murabbiy: Shtefan Tarkovich
  • FIFA reytingi: 36-o‘rin
  • Yevrodagi eng yaxshi natijasi: 1/8 final (2016)
  • Yulduz futbolchilar: Martin Dubravka, Milan Shkrinyar, Marek Hamshik.

Slovakiya saralash bosqichida Xorvatiya va Uelsdan keyin guruhda 3-o‘rinni oldi hamda musobaqaning to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmasidan quruq qoldi. O‘tish o‘yinlarida dastlab Irlandiya penaltilar seriyasiga ko‘ra taslim etildi, finalda esa Shimoliy Irlandiya qo‘shimcha bo‘limlardagi gol evaziga mag‘lubiyatga uchratildi.

Slovakiya o‘z tarixida ikkinchi marta Yevropa chempionatida ishtirok etadi. Dastlabki urinish 2016-yilda bo‘lgan va unda jamoa guruh bosqichidan muvaffaqiyatli o‘ta olgandi.

Slovakiyaning Yevro—2020 uchun qaydnomasi:

Darvozabonlar: Martin Dubravka (“Nyukasl”), Marek Rodak (“Fulhem”), Dushan Kutsyak (“Lexiya”);

Himoyachilar: Peter Pekarik (“Gerta”), Lyubomir Shatka (“Lex”), Denis Vavro (“Ueska”), Milan Shkrinyar (“Inter”), Tomash Gubochan (“Omoniya”), David Gansko (“Sparta Praga”), Martin Kostelnik (“Slovan”), Martin Valent (“Malyorka”);

Yarim himoyachilar: Marek Hamshik (“Geteborg”), Stanislav Lobotka (“Napoli”), Patrik Groshovski (“Genk”), Yuray Kutska (“Parma”), Ondrey Duda (“Kyoln”), Robert Mak (“Ferensvarosh”), Vladimir Vayss (“Slovan”), Laslo Benesh (“Augsburg”), Lukash Garaslin (“Sassuolo”), Tomash Suslov (“Groningen”), Yan Gregush (“Minnesota”), Yakub Gromada (“Slovan Liberets”);

Hujumchilar: Mixal Dyurish (“Omoniya”), Robert Bojenik (“Feyenoord)”, Ivan Sxrans (“Yablonets”).

Yevropa chempionati 11-iyunda Turkiya va Italiya terma jamoalari o‘rtasidagi bahs bilan boshlanadi. Musobaqaning final o‘yini 11-iyulga mo‘ljallangan.

Nodirxon Hamidxonov tayyorladi

Mavzuga doir:

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!