O‘zbekiston milliy terma jamoasi Saudiya Arabistonida markazlashgan tizimda bo‘lib o‘tayotgan JCh—2022 saralashidagi ishtirokini boshlaydi (davom ettiradi). Vadim Abramov jamoasi 7-iyun kuni Singapurga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 23:00 da boshlanadi.

JCh—2022 saralashi

7-iyun, dushanba

O‘zbekiston — Singapur 23:00

Foto: O‘FA

O‘zaro o‘yinlar tarixi

Shu vaqtga qadar jamoalar rasmiy o‘yinlarda o‘zaro uch bor to‘qnash kelgan. Ularda “oq bo‘rilar” yuz foizlik natija qayd etgan. JCh—2010 saralash bosqichi doirasida 2008-yili Singapur Toshkentdagi o‘yinda Aleksandr Geynrixning yagona goli evaziga taslim etilgan. Safardagi bahsda O‘zbekiston 7:3 hisobida g‘alaba qozongan. Gollarga Server Jeparov (2 marta), Viktor Karpenko, Temur Kapadze, Aziz Ibragimov, Vitaliy Denisov va Maksim Shatskix mualliflik qilgan.

Foto: Getty Images

Mazkur saralash bosqichining birinchi davrasida O‘zbekiston mehmonda singapurliklarni 3:1 hisobida taslim etgandi. Eldor Shomurodovning dubli va Odil Ahmedovning aniq zarbasi Abramov jamoasiga uch ochko taqdim etgandi.

Guruhdagi holat

Mazkur o‘yinda O‘zbekistonni g‘alabadan boshqa natija qoniqtirmaydi. KXDRning musobaqani tark etishidan keyin FIFA qabul qilgan qaror bo‘yicha eng yaxshi ikkinchi o‘rin egalarining guruhdagi so‘nggi jamoa bilan o‘yinlardagi natijasi bekor qilinadi.

Ayni damda O‘zbekiston terma jamoasi 5 o‘yinda 9 ochko to‘plagan va bitta ko‘p uchrashuvda qatnashgan Saudiyadan (14) 5 ochko ortda qolmoqda. Saudiya Arabistoni bilan o‘yin qiyin kechishini inobatga oladigan bo‘lsak, Singapur va Yamanga qarshi o‘yinlarda ochko yo‘qotish fojiaga teng bo‘ladi.

Yarim himoya va hujumdan ko‘ngil to‘q, ammo...

Abramov bilan Saudiya Arabistoniga yo‘l olgan tarkib haqida gapirsak. Yarim himoya va hujumda hammasi joyida. Ushbu pozitsiyada to‘p suradigan legionerlar va ularni o‘rnini bosa oladigan yosh iqtidorlar yetarli darajada.

Foto: O‘FA

Biroq himoya va darvozabon chizig‘i haqida bunday deb bo‘lmaydi. Hozirgi vaqtda markaziy himoya juftligida kimlar harakat qilishini aytib berishi qiyin. Abramov tajribali markaziy himoyachilardan faqat To‘xtaxo‘jayevni oldi. Katta ehtimol bilan Ashurmatov, Qobilov, Aliqulov va Eshmurodovdan biri Islomga sherik bo‘ladi. Singapurga qarshi birinchi davradagi bahsda To‘xtaxo‘jayev—Ashurmatov juftligi harakat qilgandi.

Taxminiy tarkib

Qayd etish kerak, ushbu bosqich yakunida to‘plar nisbati ham muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Shundan kelib chiqib, Abramov bu o‘yinga hujumkor tarkibni tashlashini taxmin qilish mumkin.

O‘zbekiston: Abduvohid Ne’matov, Hojiakbar Alijonov, Rustam Ashurmatov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Ibrohimxalil Yo‘ldoshev, Otabek Shukurov, Odil Hamrobekov, Odil Ahmedov, Jaloliddin Masharipov, Doston Hamdamov, Eldor Shomurodov.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!