NASA 2028—2030-yillarda Venera sayyorasini tadqiq etishga ikkita — DAVINCI+ va VERITAS missiyalarini yuboradi. Bu haqda Amerika Milliy kosmik agentligi matbuot xizmatiga tayanib, “Korrespondent.net” xabar berdi.

Foto: NASA

Ta’kidlanishicha, Yerning yaqin qo‘shnisi bo‘lgan sayyoraga parvozlar “Yerga nisbatan ko‘plab o‘xshashligi bo‘lgan Venera qanday qilib do‘zaxga aylanganini”ni tushunish uchun amalga oshiriladi.

DAVINCI+ doirasida olimlar Venera atmosferasi tarkibini, u qanday qilib shakllangani va rivojlanganini o‘rganishni, shuningdek, sayyorada qachonlardir okean bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlash rejalashtirilgan.

VERITAS missiyasi doirasida NASA xodimlari Venera yuzasining xaritasini yaratish niyatida. Bu orqali ular sayyoraning geologik tarixini tadqiq etadi, shuningdek, Venera nima sababdan Yer kabi rivojlanmaganini aniqlaydi.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi 50 yil ichida Veneraga amalga oshiriladigan ilk parvozlarga tayyorgalik uchun agentlik tomonidan milliard dollarga yaqin mablag‘ ajratiladi.

Avvalroq NASA birinchi kosmik muzlatkichni yaratgani, Marsdagi NASA vertolyoti to‘rtinchi parvozini amalga oshira olmagani, kosmik agentlik qizil sayyorada paydo bo‘lgan “kamalak” yuzasidan izoh bergani to‘g‘risida xabar berilgandi.