AQSh elchisi Deniyel Rozenblyum “Xabar.uz” nashriga bergan intervyusida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov borasidagi fikrlari bilan bo‘lishib, mamlakatning ikki prezidentini taqqosladi.

Foto: “Podrobno”

35 yillik ish tajribasiga ega Deniyel Rozenblyumning fikricha, Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida mamlakatdagi ba’zi narsalar sezilarli darajada o‘zgargan. Birinchi navbatda, tashqi siyosatdagi munosabatlar. Uning so‘zlariga ko‘ra, “yaxshi qo‘shnichilik birinchi o‘rinda” degan siyosat buning yaqqol namunasi hisoblanadi. O‘zbekistonda qo‘shnilar bilan aloqalarni mustahkamlashga e’tibor ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Elchi yaqindagina O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan chegara hududlarini demarkatsiya qilish masalasi yoki ikki mamlakat xalqlarini bog‘lovchi yangi yo‘llarning ochilishini misol qilib keltirgan.

“Yana savdo-sotiqning rivojlanishi, murakkab masalalarni hal qilish, avvalgi muammolarni isloh qilish, chegaralararo suv muammosini yechish ham so‘nggi paytlarda jadallashdi. Prezident Mirziyoyev shu ma’noda tashqi siyosatda muhim o‘zgarishlar qildi. Ichki siyosat, iqtisod, ijtimoiy soha, siyosiy masalalarda ham katta maqsadli islohotlarga qo‘l urildi.

Shavkat Mirziyoyevning iqtisodni modernizatsiyalashtirishi, fuqarolar va hukumat o‘rtasidagi munosabatni o‘zgartirishga oid islohotlari ham e’tirofga sazovordir. Uning ‘aholi hayotini yaxshilash uchun xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerak’, degan gaplari ham menda shaxsan qiziqish uyg‘otdi. Bu borada munosabat va o‘zaro aloqa o‘zgarmoqda. Albatta, bu tashabbuslarning hammasi ham hali muvaffaqiyatli bo‘lmayotganini davlat rahbarining o‘zi ham tan olyapti, ammo islohotlar jarayoni davom etmoqda. O‘zbekiston tarixidagi avvalgi davrlarga qaraganda o‘zgarishlar ana shularda ko‘rinadi”, — deya qayd etadi Rozenblyum.

Shuningdek, AQSh elchisi O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning boshqaruv usulini Mirziyoyevniki bilan taqqoslab o‘tgan.

“Uning [Islom Karimov nazarda tutilyapti – tahr.] boshqaruv usuli Prezident Mirziyoyevnikidan boshqacha edi. Karimov davridagi tuzumning tashqi siyosat hamda davlat va fuqarolar o‘rtasidagi munosabat masalasida boshqacha yondashuv mavjud edi. Shaxsan kamina AQSh hukumati vakili sifatida munosabatlarimiz tarixida o‘zaro mushtarak manfaatlarni hatto prezident Karimov davrida ham topa olganmiz. Ammo bir qator umumiy manfaatlar va ularni yuqori bosqichga ko‘tarish salohiyati o‘tgan to‘rt yil davomida sezilarli darajada o‘sdi”, — deydi Rozenblyum.

Avvalroq Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov, uning mamlakat mustaqilligi uchun qilgan ishlari haqida fikr bildirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Karimov “barchani masofada saqlagan, hatto eng yaqinlarini ham”.