“Manchester Siti” Yevropa Chempionlar Ligasi yarim final javob bahsi doirasida “PSJ”ga qarshi kechgan o‘yinda g‘alaba qozondi (0:2) va final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.
“Shaharliklar” bosh murabbiyi Pep Gvardiola ushbu musobaqa pley-off bosqichidagi 63-o‘yinini o‘tkazdi. Mutaxassis bu borada Karlo Anchelottining rekordini yangiladi. Shuningdek, Gvardiola YChL pley-off bosqichlaridagi g‘alabalar soni (35) bo‘yicha ham rekordchi hisoblanadi.
Kataloniyalik mutaxassis murabbiylik faoliyati davomida uchinchi marta va o‘n yil deganda ilk bor YChL finaliga chiqdi. Avvalroq u “Barselona” bilan 2008/09 va 2010/11-yilgi mavsum finallarida ishtirok etib, g‘alabaga erishgandi.
Gvardiola ikki xil jamoa bilan Chempionlar Ligasi finaliga yo‘l olgan yettinchi murabbiy bo‘ldi. Bunga qadar Ottmar Hitsfeld, Lui van Gal, Joze Mourinyo, Yupp Haynkes, Karlo Anchelotti va Yurgen Klopp ushbu natijani qayd etgan.
“Manchester Siti” musobaqa finalida “Chelsi”—“Real” uchrashuvi g‘olibi bilan o‘ynaydi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!